background
logotype
image1 image2 image3

Namozga doir fatvolar – 6-qism

341-FATVO

Namozni kech boshlagani uchun uni tugatmay turib vaqtli chiqsa va shundan keyin musofir 15 kun yoki undan ko‘proq kun turishni niyat qilsa, namozi qasrligicha qoladi. Agar namozni buzib qo‘ysa, shu namozning qazosini ikki rak'at o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

342-FATVO

Musofir boshqa musofirlarga imom bo‘lib namoz o‘qiyotganida tahorati singach, orqadan bir musofirni o‘rniga qo‘yib, tahoratni yangilash uchun chiqib ketganidan keyin vaqtincha imomlik qilayotgan namozxon 15 kun shu shaharda turishni niyat qilsa, orqadagilarning namozi qasrdan to‘rt rak'atga o‘zgarmaydi. Birinchi tahorati singan imom agar masjiddan chiqmay turib shunday niyat qilsa, o‘zining ham, iqtido qilgan musofirlarning ham qasr namozlari to‘rt rak'atga o‘zgaradi.

«Olamgiriya», «Zahiriya»

343-FATVO

Musofir muqimga iqtido etib namoz o‘qisa, qasr qilmay, to‘rt rak'at o‘qiydi. Ammo namozni buzib qo‘yib, qayta o‘zi o‘qimoqchi bo‘lsa, yana qasr qiladi. Agar muqimga nafl niyati bilan iqtido etgan bo‘lsa-yu, namozni buzib qo‘yib, qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, to‘rt rak'at o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Tabyin»

344-FATVO

Jum'a kuni zavoldan oldin yoki keyin safarga otlanish makruh emas. Lekin shahardan chiqib ketguniga qadar jum'a vaqti chiqib ketmasligini bilsa, jum'ani o‘qib, so‘ngra ketishi lozim. Aksincha qilsa, makruhdir.

«Olamgiriya», «Muhit»

345-FATVO

Mashoyixlarimiz so‘ziga ko‘ra, ko‘pchilik kishilarda ikki xil vatan bo‘ladi. Birinchisi -vatani asliy. Ya'ni, ahl-oilasi va mol-mulki turadigan vatan. Ikkinchisi - vatani iqomat. Ya'ni, vatani asliydan vaktincha kelib yashaydigan ikkinchi yashash joyi. Bunda kamida 15 kun yashashni niyat qilishi shart. Ko‘piga chegara yo‘q. Vatani asliydan ahl-oilasi bilan ikkinchi vatanga ko‘chib borsa, oldingi joyiga kelganda musofir hukmida bo‘ladi. Ammo ahl-oilasini olib ketmay, ikkinchi yashash joyida yangi oila qursa, har ikki vatanda ham muqim hisoblanadi. Vatani asliy safar bilan yoki boshqa joydagi iqomat joyi bilan yo‘q bo‘lmaydi. Ammo 15 kunlik iqomat joyi safar bilan ham, ikkinchi iqomat joyiga borish bilan ham yo‘q bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Kifoya», «Tabyin»

346-FATVO

Agar vatani asliysida hovli va yerini qoldirib, ahl-oilasi va ko‘chlari bilan boshqa joyga borib vatan tutsa, oldingisi ham vatani asliyligicha qoladi.

«Olamgiriya», «Zohidiy»

347-FATVO

Musofir namoz o‘qiy desa, o‘g‘ri va qaroqchilarning uning narsalarini talab ketishi xavfi bo‘lsa, namozni o‘qimasligi mumkin.

«Olamgiriya», «G'aroib»

348-FATVO

Farz namozini uzrsiz ulov ustida o‘qish joiz emas. Uzr deganda ulovdan tushsa, o‘zi, kiyimi yoki uloviga o‘g‘ri, yirtqich yoki dushman tajovuz qilishidan qo‘rqishi, ulovga qaytib minib olishiga ko‘zi yetmasligi yoki yer loy bo‘lib, quruq joyning yo‘qligi kabilar nazarda tutiladi.

«Olamgiriya», «Sharhul-Kanz», «Muhit»

349-FATVO

Ulov ustida namoz o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa-yu, ulovning ayrim joylariga najosat tekkan bo‘lsa, ba'zi ulamolar egar bilan uzangi pok bo‘lsa zarari yo‘q desalar, boshqalari egarning o‘zi pok bo‘lsa kifoya, debdilar. Lekin «Kanzul-ibod» kitobiga sharh yozgan alloma Badruddin Ayniy ulovdagi najosat qaerda bo‘lishidan qat'i nazar namozga zararsizdir, deganlar.

«Olamgiriya», «Sharhul-Kanz»

350-FATVO

Suzib borayotgan kemaga mingan odam namozni tikka holda o‘qishga qodir bo‘lsa-da, beuzr o‘tirib o‘qishi joiz. Lekin karohati bor. Bu Abu Hanifa (rh.) so‘zlari. Ammo Abu Yusuf bilan imom Muhammad (rh.) lar nazdida joiz emas. Demak, beuzr o‘tirib o‘qilmagani yaxshi ekan. Kema bog‘liq holda suzmay turgan bo‘lsa, barcha ulamolar nazdida ham beuzr o‘tirib o‘qish joiz emas.

«Olamgiriya», «Tahzib»

351-FATVO

Jum'a namozining farzligi Qur'on, Sunnat va Ijmo' bilan sobit bo‘lgani uchun uni inkor etish kufr hisoblanadi. Jum'aning farz bo‘lishi uchun namozxonda oltita shart topilishi kerak. Ya'ni, shaharda yashash, sihat-salomatlik, hurriyat (ya'ni qul bo‘lmaslik), erkak va balog‘at yoshida bo‘lishlik hamda ko‘z bilan oyoqlarning sog‘lom ekanligidir. Ba'zi ulamolar aqlni ham qo‘shganlar. Lekin shulardan salomatlik, shaharda yashash, hurriyat, erkaklik kabi shartlar topilmagan kishilar jum'a namozini o‘qisalar, joiz hisoblanib, peshin namozi zimmalaridan soqit bo‘laveradi.

Jum'ani ado etish uchun beshta shart belgilangan. Ular - shahar yoki uning xududi, ruxsatnomaga ega bo‘lgan masjid, xutba, jamoat va peshin vaqti.

«Olamgiriya», «Muxtasar», «Badoe», «Kanz»

352-FATVO

Abu Hafsi kabir (rh.) so‘ziga ko‘ra, mardikorning jum'a namoziga borishiga xo‘jayini qarshilik qilishi mumkin. Ammo Abu Ali Daqqoq (rh.)ning nazdida shaharda bo‘lsa, qarshilik qilishga haqqi yo‘q. Lekin jum'aga borib-kelgunicha ishlamagani uchun ish haqqidan ushlab qoladi. Bu ham masjid uzoq bo‘lsagina mumkin. Biroq, yaqin bo‘lsa haqqidan ushlab qolmaydi. Mardikorning jum'aga borib-kelgunicha o‘tgan vakti uchun haq talab qilishi ham nojoizdir.

«Olamgiriya», «Muhit», «al-Bahr»

353-FATVO

Mujtahidlardan Abu Yusuf, Muhammad va Karxiy (rh.) kabi zotlar bir shaharda bittadan ortiq jum'a o‘qiladigan jome masjidi bo‘lmasligi kerak, degan masalada kengroq izlanish olib borib, bir shaharda ikkita yoki uchtagacha jome masjidi bo‘lishi mumkin, degan qarorga kelganlar. Ammo Imom Muhammad (rh.)ning Abu Hanifa (rh.)dan qilgan rivoyatida bir shaharda uchtadan ortiq jome masjidlarda ham jum'a namozi o‘qilishi mumkin, deyiladi.

«Olamgiriya», «Sanoe»

354-FATVO

Jum'a o‘qilmaydigan kichik qishloqdan shaharga bir kun turish uchun kelgan odam jum'a kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, jum'a namozini o‘qishi zarur. Lekin shu kuni uyiga qaytadigan bo‘lib qolsa, jum'a o‘qishi lozim emas. Ammo shunda ham jum'ani o‘qib ketsa, ajrga ega bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Tajnis»

355-FATVO

Jum'a vojib bo‘lmagan kishilar peshinni jamoat bo‘lib, azon va iqomatbilan o‘qiyveradilar. Shaharda yurgan musofirlar, jum'aga bora olmagan shaharliklar peshin namozini jamoat bo‘lmasdan yakka-yakka holda o‘qiydilar.

«Olamgiriya», «Qozixon»

356-FATVO

Arafotda jum'a namozi o‘qilmaydi. Abu Hanifa va Imom Muhammad (rh.)lar so‘ziga ko‘ra, bir shaharning bir necha joyida jum'a namozi o‘qilishi mumkin. Shu so‘zga amal qilamiz. Kattiq yog‘ayotgan yomg‘ir jum'a namoziga bormaslikka uzr bo‘la oladi.

«Olamgiriya», «Muhish», «Xulosa»

357-FATVO

Qaysi joyda jum'a namozi o‘qilishining joizligi xususida shak-shubha hosil bo‘lsa, masalan, shahar yoki qishloq ekani aniq bo‘lmagan yoxud shartlarining mukammalligida ixtilof bo‘lgan joylarda jum'a namozidan keyin to‘rt rak'at ehtiyoti peshin namozini ham o‘qib qo‘yishlik lozim. Bunda mabodo jum'a o‘tmay qolsa, peshin namozi uning o‘rniga o‘tishi nazarda tutilgan.

«Olamgiriya», «Kofiy», «Muhit»

Izoh: Ehtiyoti peshin o‘qish vojib emas. Shuning uchun uni masjidda emas, o‘z uyiga borib o‘qishni aksariyat ulamolarimiz avlo, deb sanaganlar.

358-FATVO

Jum'a namozidan keyin ehtiyoti peshin namozini o‘quvchilar to‘rt rak'atning hammasida «Fotiha» surasidan keyin bir sura qo‘shib o‘qishlari lozim.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Ohu»

Izoh: Zamsura qo‘shishning sababi - mabodo jum'a maqbul bo‘lgan bo‘lsa, bu to‘rt rak'at naflga hisob bo‘lishi kerak. Naflning esa barcha rak'atlarida zamsura o‘qilishi shart.

359-FATVO

Jum'a namozidan oldin imomning xutba o‘qishi farz. Xutbaning farzlari bizning hanafiy mazhabimiz bo‘yicha ikkita. Biri - peshin vaqtida, lekin jum'adan oldin o‘qilishi. Ikkinchisi - Allohning zikri. Ya'ni hamdu sano yo tahlil yoki tasbeh aytilishi. Xutbaning sunnatlari 15 ta. Ular - tahoratli bo‘lish, tik turish, qavmga yuzlanish, «Auvzu...»ni ichida aytish, xutbani qavmga eshittirish, hamd bilan boshlash, Allohning zotu sifatlariga xos sanolar o‘qish, ikki shahodat kalimasini o‘qish, Payg‘ambarimizga salavot aytish, pandu nasihat qilish, oyatlardan o‘qish, ikkinchi xutbada hamdu sano va salavotlarni takroran aytish, musulmonlar haqqiga duo qilish, har ikki xutbani qisqaroq o‘qish, ikki xutba orasida biroz o‘tirib olish va hutbani minbarda aytish ham sunnat amallardan debdurlar.

«Olamgiriya», «Sharhi Hidoya», «al-Bahr»

360-FATVO

Agar xutbani aytganidan keyin tahoratini yangilamoqchi bo‘lib, o‘rniga imomlikka boshqa odamni qo‘ymoqchi bo‘lsa, o‘sha odam xutbani eshitgan bo‘lishi shart. Aks holda imomligi durust bo‘lmaydi. Ammo xutba o‘qigan imom namozni boshlagandan keyin tahoratga chiqadigan bo‘lsa, o‘rniga xutbani eshitgan odamni qo‘yishi shart emas.

«Olamgiriya», «Kofiy», «Tahzib»

361-FATVO

Jum'a xutbasini o‘qish uchun imom minbarga chiqishi bilan namozxonlarga har qanday namoz, gap, salavot, yeb-ichish kabi amallar taqiqlanadi. Hatto birov nojo‘ya ish qilayotgan bo‘lsa, uni qaytarish uchun ovoz chiqarmasdan qo‘l bilan ishorat qilish lozim.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»

Izoh: Shuni bilib qo‘yish lozimki, arablar jum'a xutbasini arab tilida aytadilar. Shuning uchun ular bir yo‘la ikkinchi azondan boshlab, ikkita xutbani o‘qiydilar. Ammo bizning diyorimizga o‘xshash ajam yurtlarida birinchi azongacha mahalliy tilda mav'iza qilinadi. Bu xutba emas. Gapirish kabi ishlar taqiqlanadigan xutba - bu bizda ikkinchi azondan keyingi xutbalardir.

362-FATVO

Jum'a xutbasiga hozir bo‘lganlar tiz cho‘kib o‘tiradimi yo chordona quribmi yoki boshqacha o‘tiradimi, farqi yo‘q. Lekin namozda o‘tirgandek cho‘kkalab o‘tirish mustahabdir.

«Olamgiriya», «Muzmarot», «Me'roj»

363-FATVO

Nafl o‘qib turganida imom ikkinchi azondan keyingi xutbani o‘qiy boshlasa, sajda qilmagan bo‘lsa, naflni to‘xtatib, xutbaga quloq soladi. Agar sajda qilib qo‘ygan bo‘lsa, ikki rak'atni tugatib, so‘ngra xutbaga quloq soladi.

«Olamgiriya»

364-FATVO

Imomlikka jum'a xutbasini o‘qigan odam o‘tishi shart emas.

«Naf'ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor»

Izoh: Bu yerda shart emas, deyilishidan, xutba o‘qigan kishining imomlikka o‘tishining afzalligi ma'lum bo‘ladi. Lekin shart emasligi ba'zi holatlarda yengillik paydo qiladi.

365-FATVO

Bemorga qarab. xizmat qilib turgan kishiga jum'aga borish vojib bo‘lmaydi.

«Naf'ul-muftiy»«ad-Durrul-muxtor»

366-FATVO

Jum'a namozi durust bo‘lishi uchun jamoat bo‘lishi ham shart. Bunda imomdan tashqari kamida uch kishi hozir bo‘lishi kerak. Ularning xutbani tinglagan bo‘lishlari shart emas, balki imomlikka yaroqli kishilardan bo‘lishi zarur. O'zi uch kishi bo‘lsa-yu, biri ayol yoki sag‘ir yoxud imomlikka yaroqsiz bo‘lsa jum'a o‘qilishi durust emas.

«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Muhit»

367-FATVO

Shaharda uzrsiz jum'a o‘qimaganlar jum'a namozi tugamagunicha peshin namozini o‘qimay turishlari lozim. Bemor va musofirlar ham peshin namozini jum'adan keyin o‘qishlari mustahabdir.

«Olamgiriya», «Kanz», «al-Vajiz»

368-FATVO

Bemor odam kasalligi yengillashgani sababli peshin namozini uyida o‘qiganidan keyin jum'a masjidiga borib, jum'a namozini o‘qisa, o‘qigan peshin namozi naflga aylanadi. Imomni «Attahiyyot» o‘qiyotganida yoki sajdai sahv qilayotganida topsa ham iqtido qilib, jum'ani o‘qiyverishi lozim. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (rh.)lar so‘zidir.

«Olamgiriya», «Nihoya»

369-FATVO

Ikki hayit namozlari vojib amallar sirasiga kiradi. Uning shartlari jum'a shartlari bilan bir xil. Faqat bularda xutba shart emas, balki sunnat. Xutba jum'ada namozdan oldin o‘qilsa, ikki hayit namozida namozdan keyin o‘qiladi. Ramazon hayitining namozi uzr bilan ertasi kuni o‘qilishi mumkin. Qurbon hayiti namozi uzrli va uzrsiz uch kungacha o‘qilaveradi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Muxtasar»

370-FATVO

Hayit namoziga kech kelib, imomni ruku'da topgan kishi tik holda tahrima takbirini aytgach, qaraydi; agar imom ruku'dan boshini ko‘tarmasidan oldin uchta hayit takbirini aytishga ulgursa, tik holda aytib, keyin ruku' qiladi. Ulgurmaydigan bo‘lsa, ruku'ga borib, takbirlarni aytib tugatadi. Lekin uch takbirni ruku'da aytganida qo‘llarini ko‘tarmaydi. Bordi-yu, ruku'da takbirlarni aytayotganida imom ruku'dan boshini ko‘tarib yuborsa, imomga ergashib, u ham bosh ko‘taraveradi. Aytilmay qolgan takbirlar soqit bo‘ladi.

«Olamgiriya», «as-Siroj», «Kofiy»

371-FATVO

Hayit namozining birinchi rak'atida imom qiroatdan oldin uch takbir aytishni unutib, qiroat qilib qo‘ygan bo‘lsa, buni qiroatdan keyin aytishi ham mumkin. Agar ruku'ga borganda esiga tushsa, takbirlarni qo‘l ko‘tarmay ruku'da aytsa ham bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya»

372-FATVO

Qurbon hayiti namozi uzr bilan ertasiga yoki uchinchi kunda o‘qilsa karohiyati yo‘q. Ammo uzrsiz hayitdan keyingi kunlarga qoldirish joiz, lekin makruhdir. Ro‘za hayiti namozini esa, uzrsiz bir kunga kechiktirish ham joiz emas.

«Olamgiriya», «Javhara», «Tabyin»

373-FATVO

Hayit namozi bilan janoza namozini o‘qish bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, birinchi bo‘lib hayit namozi, keyin janoza o‘qiladi. Hayit namozining xutbasi janoza namozidan keyin o‘qiladi.

«Olamgiriya», «Kunya»

374-FATVO

Qurbon hayitining arafa kungi bomdod namozidan boshlab «Tashriq kunlari»ning oxirgi kuni asr namozidan keyinigacha har bir jamoat bilan o‘qilgan farz namozidan keyin «Tashriq takbiri» ni bir marta aytish vojib. Uning o‘qilishi quyidagicha: «Allohu akbar, Allohu akbar. Lo iloha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar. Valillohil-hamd». U hammaga emas, balki shaharda yashovchi erkak kishilarga, muqimga iqtido qilgan musofir va ayollarga vojib bo‘ladi. Yolg‘iz o‘zi o‘quvchi odam bu takbirni aytmaydi.

«Olamgiriya», «Muxtasar»

375-FATVO

Tashriq takbirini imom aytmasa, iqtido qiluvchilar darhol aytib yubormasdan imomning haqiqatan takbirni unutib qo‘iganiga va aytmasligiga to‘la ishonch hosil qilishlari lozim. Masalan, gapirib yuborishi, boshqa zikr-tasbehlarni boshlab yuborishi, masjiddan chiqib ketishga harakat qilishi kabi holatlar sodir bo‘lsa, shundagina takbirni muqtadiylarning o‘zlari aytadilar.

«Olamgiriya», «Tabyin»

376-FATVO

Quyosh tutilganda jome masjidida yoki keng maydonda jum'a masjidining imomi jamoat bilan ikki rak'at nafl namozi o‘qishi sunnat amallardandir. Qiroat tovushsiz, uzunroq qilinadi. Namozdan so‘ng uzoqduo qilinadi. Agar imom kelmasa, yakka-yakka bo‘lib o‘qiydilar. Lekin Imom Halvoniy (rh.) so‘ziga ko‘ra jum'a, hayitga o‘tib yurgan imom uzr bilan kela olmay, boshqa biror kishining imom bo‘lib o‘qishiga buyursa, joizdir. Qavmga malol keltirmaslik maqsadida imom qiroatni uzun qilsa, duoni qisqaroq qiladi. Duoni uzoq qilmoqchi bo‘lsa, qiroatni qisqaroq qiladi.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Javhara»

377-FATVO

Oy tutilganda ham xuddi Quyosh tutilgandagi kabi ikki rak'at nafl namozi o‘qiladi. Faqat bunda jamoat bilan emas, balki har kim o‘zi yakka holda o‘qiydi. Shuningdek, qattiq shamol, bo‘ron ko‘tarilganda, qor yoki yomg‘ir tinmay qattiq yogaverganda, osmon qizarib ketganda, kunduzni zulmat qoplaganda yoki biror kasallik ommaviy ravishda tarqalganda, zilzilada, chaqmoq ko‘p chaqqanda, yulduzlar ko‘p uchganda, tunda ortiqcha yorug‘lik paydo bo‘lganda, dushmandan xavf kuchayganda ham ikki rak'at nafl namoz o‘qib, Allohdan najot so‘rash tavsiya etiladi. Oy tutilganda va yuqorida eslatilgan holatlarda jamoat bilan emas, balki har kim o‘z uyida o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya», «Tabyin»

378-FATVO

O'lim tushagida yotgan og‘ir bemor o‘ng tomoni bilan yotqizilib, yuzi qiblaga qaratib qo‘yiladi. Bu sunnatdir. Osmonga qaratib yotqizib, boshi ostita yostiq qo‘yib, tizzalari ko‘tarib qo‘yilsa ham joizdir. Lekin bu ikki xil yotqizishda bemorga noqulaylik tug‘iladigan bo‘lsa, o‘z holicha qoldiriladi.

O'limi yaqinlashganining belgilari - oyoqlari bo‘shashib ketganidan tizzasini ko‘tarib yota olmasligi, burnining egri shaklga kirishi, yuzining rangi o‘chib, terisining bo‘shashib ketishi va hokazo. Shu kabi alomatlar paydo bo‘lishi bilan unga kalimai shaxodat talqin etiladi. Ya'ni, unga eshittirib, «Ashhadu allo iloha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh» kalimalari o‘qib turiladi. Bu mustahab amallardandir. Lekin bemorga «Ayt!» - deb qistalmaydi. Agar bir marta bo‘lsa ham aytsa yoki g‘arg‘ara qila boshlasa talqin to‘xtatiladi.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara»

Ming bir fatvo

Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.