background
logotype
image1 image2 image3

Musibat yetgan xonadonda taom yeb bo‘lmaydimi?

SavolMusibat yetgan xonadonda taom yeb bo‘lmaydideb eshitdikShu gap to‘g‘rimi?

JavobQurtubiy aytadilar: «Azadorlarning birinchi va yettinchi (kabi maxsus) kunlarda taom tayyorlab odamlarni da'vat qilishlari johiliyat odatlaridandir. Bu hol Islomda yo‘qdir. Bu da'vatga binoan borish makruhdir. Zero, bu ish munkarga yordam berish hisoblanadi. Alloh taolo bizlarni munkarga yordam berishdan qaytargan» (Barkaviy).

Mayyit chiqarilgan kuni va so‘ng ikkinchi, uchinchi, yettinchi kunlari taom hozirlash makruhdir («Bazzoziya»). Mayyit o‘tgach, uch kun ichida taom berish mumkin emas («Xulosa»).

Mayyit uchun uch kun aza tutishning zarari yo‘q. Ammo bunda maxsus joylar va taomlar qilish kabi man qilingan narsalar bo‘lmasligi shart (Zayla'iy).

Azadorlarning uch kun davomida taom qilib ziyofat shaklida odamlarga berishlari makruh. Bu qabih bid'atdir (Ibnul Himom, «Sharhul Hidoya»).

Musibat kunlari ziyofat shaklida taom berish (tahrimiy) makruhdir (ya'ni, haromga yaqin makruhdir). Zero, u ish g‘am-g‘ussa kunlariga munosib emas. Ammo merosxo‘rlar ichida sag‘ir bo‘lmasa, taom tayyorlab kambag‘allarning uylariga tarqatish yaxshidir («Qozixon»).

Demak, aza kunlari va maxsus kunlarda mayyit ruhoniyatiga savobi yetishi uchun taom tayyorlab, uni ziyofat shaklida berish noshar'iydir. Dunyodan o‘tgan kishi suvga cho‘kayotgan kishi kabi tez yordamga muhtojdir. U yaqinlari va do‘stlaridan madad kutadi. Ortda qolganlarning marhumga ko‘rsatadigan birinchi madadlari Alloh taologa iltijo bilan qabr va otash azobidan uni asrashini so‘rab duo qilishdir.

Sadaqa qilish, tahlil va tasbeh aytish, Qur'oni karim oyatlarini xolisona o‘qish va ularning savobini marhum ruhoniyatiga bag‘ishlash mumkin. Bularning savobi marhum ruhoniyatiga yetadi va unga foyda beradi («Raddul Muxtor»).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.