background
logotype
image1 image2 image3

Ko‘pincha "bu odam iymonli, anavi kishining iymoni butun" degan gaplarni eshitamiz

Savol: Ko‘pincha "bu odam iymonli, anavi kishining iymoni butun" degan gaplarni eshitamiz. Iymon haqida batafsilroq ma'lumot bersangizlar.

Javob: "Iymon"ning ma'nosi tasdiq etmoq, ishonmoqdir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Alloh taolo tomonidan yetkazgan barcha narsalarni dil bilan tasdiqlab, ularga til bilan iqror bo‘lish "iymon" deyiladi.

Iymon bunday izhor qilinadi: "Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va rosuluh" (ya'ni, "Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad alayhissalom Uning bandasi va rasuli ekaniga iqrorman").

Kim bu kalimani tili bilan aytib, dili bilan uning ma'nosini tasdiq va qabul qilsa, ya'ni Alloh taolo yagona sig‘iniladigan Zotdir, Undan o‘zga sig‘inishga loyiq hech mavjudot yo‘q, Muhammad alayhissalom Alloh taoloning bandasi va rasulidir, Muhammad alayhissalom Alloh taolo tomonidan yetkazgan barcha narsa haq-rostdir, deb qalbi bilan tasdiq va qabul qilsa hamda tili bilan shunga iqror bo‘lsagina, iymonli sanaladi. Iymoni bo‘lmagan odam har qancha savobli ishlarni qilsa ham, unga savob yozilmaydi. Ibodat va solih amallarning qabul bo‘lishi uchun iymon shart.

Insonlarning iymoni Alloh taoloni bilish va Payg‘ambarimiz alayhissalom yetkazgan hukmlarga ishonish jihatidan uchga bo‘linadi:

1.  Tahqiqiy iymon - shak va shubha aslo daxl qilmaydigan iymon.

2.  Istidloliy iymon - dalillarga asoslangan iymon.

3.  Taqlidiy iymon - ota-ona iymoniga taqlid qilingan iymon.

Iymon ifodalash jihatidan ikkiga bo‘linadi:

- mufassal iymon;

- ijmoliy iymon.

Kishi iymonli bo‘lishi uchun qalbi bilan tasdiqlab qabul etishi lozim bo‘lgan narsalarning har birini yod etishi "mufassal iymon", qisqa ifodalashi esa "ijmoliy iymon" deyiladi.

Iymonning qisqa ifodasi quyidagicha: "Amantu billahi kama huva biasmaihi va sifatihi va qobiltu jami'a ahkamihi", ya'ni "Alloh taologa, Uning ismlariga va sifatlariga iymon keltirdim hamda Uning hamma hukmlarini qabul qildim".

Iymonning mufassal ifodasi esa quyidagicha: "Amantu billahi va malaikatihi va kutubihi va rusulihi val-yavmil axiri val-qodari xoyrihi va sharrihi min Allohi ta'ala val ba'si ba'dal-mavt", ya'ni "Alloh taologa, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, oxirat kuniga, qadarga - yaxshilik va yomonlik Alloh taoloning xohish-irodasi va yaratishi bilan bo‘lishiga hamda o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirdim".

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.