background
logotype
image1 image2 image3

Ikki shahodat kalimasi juda sharafliligini bilamiz. Bu kalimalardan murod nima?

Savol: Ikki shahodat kalimasi juda sharafliligini bilamiz. Bu kalimalardan murod nima? Shu haqda to‘liq ma'lumot bersangiz.   

Javob: Islomdagi ikki shahodatdan maqsad "Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va rosuluh"dir. Ya'ni, "Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga va Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va rasuli ekaniga iqrorman". Imom Buxoriy va Muslim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: "Islom besh narsa ustiga bino qilingan: "La ilaha illalloh va anna Muhammadan rosululloh", namozni ado etish, zakot berish, ramazon ro‘zasini tutish va yo‘lga qodir bo‘lsa, Baytullohni haj qilish", deyilgan. Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki shahodat kalimasining Islomning boshqa tayanchlari uchun asos bo‘lishini aytganlar. Agar inson ushbu ikki shahodatni o‘zida mujassam qilmasa, namozi ham, zakoti ham, ro‘zasi ham, haji ham qabul bo‘lmaydi. Shuning uchun ulamo-lar: "Insonda mana shu ikki kalima yo‘q bo‘lsa, Islomi ham ariydi", deb aytishgan.

Ikki kalima shahodatidan maqsad - faqat til bilan nutq qilib qo‘yish emas. Inson uni qalbi bilan tasdiqlab, so‘ngra iymoni tasdig‘ini tili bilan ta'bir etgandagina mo‘min bo‘ladi.

"La ilaha illalloh" shahodatining ma'nosi "Allohdan boshqa iloh yo‘q"dir. U butun olamlar Rabbidir. Yeru osmonni yaratgan Zotdir. Qur'oni karimda bunday zikr etilgan: "Ilohingiz yagona Ilohdir. U mehribon va rahmli Ilohdan (yolg‘kz Allohdan) o‘zga hech qanday iloh yo‘qdir" (Baqara surasi,  163-oyat).

Shahodatning ikkinchi bo‘limi - "Ashhadu anna Muhammadan rosululloh"ning ma'nosi Muhammad alayhissalom Alloh tomonidan yuborilgan elchidir. Alloh amr etgan va qaytargan narsalarni insonlarga aniq va mukammal yetkazgandirlar. "Kimki Payg‘ambarga itoat etsa, demak, Allohga itoat etibdi" (Niso surasi, 80-oyat).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.