background
logotype
image1 image2 image3

Hayvonlarni so'yishning bir necha shar'iy hukmlari bor ekan. Shular haqida ma'lumot bormi?

Savol: Hayvonlarni so'yishning bir necha shar'iy hukmlari bor ekan. Shular haqida ma'lumot bormi?

Javob: Alloh taolo bizlarga ato etgan va iste'molini halol qilgan hayvonlarning go'shti faqat shar'iy yo'l bilan so'yilganidagina halol bo'ladi. Hayvonlarni shar'iy so'yish usuli bunday: ular so'yiladigan joyga olib kelingach, oyoqlari bog'lanib, kallasi qiblaga qaratib yotqiziladi (bu amal mustahabdir). Bungacha pichoqlarni o'tkirlab, oldindan tayyorlab qo'yish kerak. Chunki hayvon yotqizilganidan so'ng pichoqlarni o'tkirlash makruhdir, bunda mol ozorlanadi. Bevosita pichoq tortishdan oldin qassob «Bismillahi, Allohu akbar», deb hayvonning hiqildog'i yonidan, bo'yin tarafidan (ya'ni, ko'krak tomonidan) pichoq tortadi. Pichoq tortishda to'rt narsa - qizilo'ngach, ikki qon tomiri va kekirdak kesilishi kerak. Hayvonning joni batamom chiqib bo'lgunicha umurtqa tomiriga pichoq tekkizilmaydi, terisi shilinmaydi, kalla batamom uzilmaydi.

Hayvonni so'yishga yotqizishdan oldin boshiga bolg'a yo o'tkir nayza urib yoki elektr toki yordamida yiqitib so'yish shar'an mumkin emas. Bu usullar bilan so'yilgan hayvon go'shtini yeb bo'lmaydi. So'yilgan hayvonning sakkiz a'zosini - bezlari, erkaklik a'zosi, urg'ochilik a'zosi, orqa yo'lining oxiri, moyaklari, so'yilganida tomirdan otilib chiqqan qoni, o't pufagi, siydik pufagini yeyish mumkin emas.

So'yilgan hayvon terisini shilishdan oldin og'iz bilan puflab shishirish makruhdir. Bunda dam urgichdan foydalanish mumkin.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.