background
logotype
image1 image2 image3

Ayol farzand ko‘rmoqchi...

Savol: Tug‘ish to‘lg‘og‘idan o‘lgan ayol oxiratda shahidlar qatorida bo‘ladi, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?

Javob: Ha, bu to‘g‘ri. Ulamolar aytganlaridek, Alloh taolo fazli bilan u ayol ana shu darajada bo‘ladi.

 

Savol: Tug‘ishi qiyin bo‘lib, hayoti xatarga yuz tutgan ona qornidan bolani bo‘laklab yo o‘lik holda chiqarishdan boshqa chora qolmasa, shunday qilsa bo‘ladimi?

Javob: Ha, ana shu choradan boshqa yo‘l bo‘lmaganida mumkin bo‘ladi. Onani saqlab qolish vojib bo‘ladi.

 

Savol: Bolaning mayib yo dardga chalingan holda tug‘ilishi tabiblarga ma'lum bo‘lsa, tushirish mumkinmi?

Javob: Yo‘q, mumkin bo‘lmaydi. Nosog‘lom go‘dakka ham sog‘lom go‘dakka ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik kabi g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, holatni Alloh taolo ixtiyoriga qo‘yish vojib bo‘ladi.

 

Savol: Ma'lumki, er-xotin va yaqinlar o‘g‘il bola tug‘ilgandan ko‘p sevinishadi. Bu gunoh bo‘ladimi?

Javob: Bunda ularga gunoh yo‘q. Zero, farzandlar tug‘ilishi bilan bo‘ladigan sevinish darajasidagi tafovut insondagi tabiiy holdir. Birinchi farzandini ko‘rganidagi sevinishi ikkinchi farzandini ko‘rganidagi sevinishidan, agar ikkisi ham o‘g‘il bo‘lsa, ko‘proq bo‘ladi. Er-xotin birinchi farzandlari o‘g‘il bo‘lishini umid qiladilar va istaydilar. Bu hech narsa emas. Muhimi Alloh taolo qanday zurriyot bersa, shunga rozi bo‘lish, yomon ko‘rmaslik, qiz tug‘ilganida g‘azablanmaslikdir.

 

Savol: Insonlarda kelin-kuyovni "Birinchi farzandlaringiz o‘g‘il bo‘lsin", deb duo qilish odati bor. Bu duo xato emasmi?

Javob: Bu duo o‘rinsiz emas. Ammo "Solih farzand bersin", deb duo qilish yaxshidir.

 

Savol: Homilador xotin ayol ginekolog vrachni qo‘yib, erkak ginekolog vrachga borsa, gunohkor bo‘ladimi?

Javob: Ha, u gunohkor bo‘ladi. Zero, ayol-ning erkak oldida majburiy zaruratsiz yalang‘ochlanishi haromdir.

 

Savol: Barcha tibbiy ixtisoslarda ayol vrachlar soni juda kam. Borlari ham ko‘pincha yetishmaydi. Buni qanday hal qilish kerak?

Javob: Savolda ko‘tarilgan masala to‘g‘ri. Ayollarni universitetlardagi barcha tibbiy ixtisoslarni o‘rganishga yo‘naltirish bilan bu masalani hal qilsa bo‘ladi. Erkak vrachlar bilan ayol vrachlar sonida tenglik bo‘lgunicha shunday qilish kerak. Shunday bo‘lsa, erkak vrachlar erkaklarga, ayol vrachlar ayollarga qaraydi. Hozircha shunday emas. Shunday bo‘lgunicha zarurat lozimligi darajasi bilan belgilanadi, ayol faqat zarurat bo‘lganida va zarurat darajasida erkak vrachga murojaat qilishi kerak, xolos.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.