background
logotype
image1 image2 image3

Baʼzilar 25 yoshda oʻlib, 75 yoshda dafn qilinadilar

Uyingdagi onangning ovozi sen Robbingga hamd aytishingga loyiq bo‘lgan eng katta ne’matlardan biridir.

* * *

Ajoyib zamonda yashayapmiz. Agar to‘g‘rilik bilan tasarruf qilsak, uzoqlashishadi. Agar niqobni kiyib olsak, yaqinlashishadi.

* * *

Yaxshilikni inkor qilish – ko‘r odam ko‘zi ochilib, ko‘ra boshlagandan keyin hassasini sindirishidir.

* * *

Ba’zilarning ketishi dori kabidir. Ta’mi achchiq, lekin ko‘p kasalliklarga davo bo‘ladi.

* * *

Bir o‘zing yolg‘iz holda baxtiyor bo‘lishing atrofingda mingta munofiq bo‘lishidan yaxshiroqdir.

* * *

Ba’zilarning tashqi ko‘rinishi inson, lekin ichiga kirsangiz hayvonot bog‘iga duch kelasiz.

* * *

Bir donishmanddan so‘radilar: “Siz ko‘rgan eng chiroyli narsa nima?” Donishmand dedi: “Barcha ayblarimni ko‘rishiga qaramasdan haliyam meni yaxshi ko‘radigan shaxsdan ko‘ra chiroyliroq narsani ko‘rmadim”.

* * *

Agar atrofingdagi odamlarning hayotini yorituvchi sham bo‘lmasang, ular ketishini orzu qiladigan zulmat ham bo‘lma!

* * *

Hayot har qancha qiyin va og‘ir bo‘lmasin, yaxshi ko‘rgan kishimiz bilan yonma-yon yashasak, u shirin tuyulib qoladi.

* * *

Kim seni xatokor holda ko‘rishni istasa, ko‘zi ko‘rmaydigan ojiz kishi bo‘lsa ham, seni xatokor ko‘raveradi. Shunday ekan, odamlarning hammasini rozi qilish bilan mashg‘ul bo‘lma!

* * *

Ba’zi kimsalar poklik, axloq, yaxshilik haqida ishonch bilan gapirishadi. Ammo o‘zlari nifoqqa qo‘l urishadi, jirkanchlikning yuqori cho‘qqisini qilishadi.

* * *

Faqir kishi chin oshiq bo‘ladi. Chunki, uning qalbidan boshqa beradigan narsasi bo‘lmaydi.

* * *

Ko‘pchilik qurbonlik degan narsani biladi. Lekin shunday shaxslar borki, sen uchun o‘zini qurbon qiladi. Yana shunday shaxslar borki, biror manfaati uchun seni qurbon qiladi.

* * *

Ba’zilar o‘zining zakovati bilan muvaffaqiyatga erishadi. Ba’zilar esa, boshqalarning ahmoqligi evaziga muvaffaqiyatga erishadi.

* * *

Ikki xil alam (og‘riq, iztirob) bor: 1. Senga ozor beradigan alam. 2. Seni o‘zgartiradigan alam.

* * *

Qalblar ko‘p. Atrofimizda qalblar har qancha ko‘paymasin, onaning qalbidek qalb yo‘q!

* * *

Quyidagi uch narsaga qat’iy ishonchda bo‘l: Robbingdan ko‘ra senga rahmliroq hech kim yo‘q! Robbingdan ko‘ra sening g‘amlaringni ko‘proq biladigan hech kim yo‘q! Robbingdan boshqa hech kim sendan zazarni daf qila olmaydi!

* * *

Namozingga e’tiborli bo‘l! Chunki, namoz o‘qiyotganingda sen turgan joynamoz dunyoning hammasidan ko‘ra yoqimliroq, chiroyliroq joydir.

* * *

Faylasuflardan biri shunday dedi: “Birodarlar uch xil bo‘ladi: Ovqatga o‘xshagan birodar, unga har vaqt muhtoj bo‘lasan; doriga o‘xshagan birodar, unga gohida muhtoj bo‘lasan; kasallikka o‘xshagan birodar, unga hech qachon muhtoj bo‘lmaysan”.

* * *

Boshqalarni kuzatish, ularning xatolarini ovlash bilan mushg‘ul bo‘ladigan kimsalarda o‘zlaridagi kasallikni ko‘rgani, o‘z nafslarini muolaja qilgani vaqtlari bo‘lmaydi.

* * *

Odamlarning ba’zilari yigirma besh yoshlarida vafot etadilar va yetmish besh yoshlarida dafn qilinadilar.

* * *

Odamlar bilan bo‘ladigan muomalalarda boshdagi gap-so‘zlarga ishonma! Gaplarning rosti oxirgi lahzalarda aytiladi.

* * *

Barcha narsa kichik holda boshlanib, keyin kattalashadi. Ammo mahzunlik unday emas. U katta holda boshlanib, keyin kichrayadi. Kichrayib-kichrayib, oxiri unutilayozadi. Ushbu ma’lumotni esga olish musibatni yengillashtiradi.

* * *

Donishmandlardan biri shunday dedi: “Kim tiliga egalik qilolmasa, nadomat chekadi. Kim tortishuvni ko‘paytirsa, so‘kiladi. Kim yomon kimsaga sherik bo‘lsa, (uning yomonligidan) salomat bo‘lmaydi. Kim solih kishiga sherik bo‘lsa, o‘ljaga, g‘animatga erishadi”.

* * *

“Nega ba’zi kimsalar boshida chiroyli ko‘rinadi-da, vaqt o‘tgach, yuzidagi niqobi yechiladi?” deb haliyam so‘rab yuribman.

* * *

Boshqalarning baxti sening baxtingni kamaytirmaydi. Boshqalarning boyligi sening rizqingni ozaytirmaydi. Boshqalarning salomatligi sendan ofiyatni tortib olmaydi. Pok bo‘l! O‘zingga ravo ko‘rgan narsangni boshqalarga ham ravo ko‘r!

“Rovai’ul fikr” sahifasidan Nozimjon Hoshimjon tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.