Abu Sa’laba Xushaniy
Tafakkur – Allohning roziligi va muhabbatiga olib boruvchi yo‘l. Tafakkur tufayli har bir ish hikmatli bo‘ladi. Ne’matlar haqida fikr yuritish – eng afzal ibodat.
Qahramonimiz biror kechani osmonni kuzatmasdan, uning mukammal yaratilgani haqida tafakkur etmasdan o‘tkazmasdi. O‘sha lahzalarda uning qalbini: “Ey Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!” (Oli Imron surasi, 191) oyati chulg‘ab olardi.
“Abu Sa’laba” kunyasi bilan tanilgan sahobaning asl ismi haqida ixtiloflar ko‘p. Jursum ibn Noshib ismi mashhur. Xabarlarga ko‘ra, bu inson Abu Hurayra roziyallohu anhudan oldin musulmon bo‘lgan. Akasi Amr ham Payg‘ambarimiz alayhissalom zamonlarida Islomga kirgan.
Mihjan ibn Vahb rivoyatida Abu Sa’laba roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Xaybarga tayyorgarlik ko‘rayotganlarida kelgani, imon keltirib, so‘ng u zot alayhissalom bilan safarga chiqqani aytiladi. Xaybar g‘azotidan keyin Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘ljalardan unga ham ulush ajratganlar.
Abu Sa’laba roziyallohu anhu, shuningdek, Hudaybiya sulhi va Rizvon bay’ati ishtirokchisi. Hunayn g‘azotida ham qatnashgan. Keyinroq Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni o‘z qavmiga, Islomga chaqirish uchun yuborganlar. Da’vati tufayli qavmdoshlari musulmon bo‘lishdi. Noshira ibn Suma: “Abu Sa’labadan ko‘ra rost gapiruvchi insonni ko‘rmadik”, degan.
Ato ibn Yazid Laysiy bunday deydi: «(Bir kuni) Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Sa’laba Xushaniyning qo‘lida tilla uzukni ko‘rdilar. So‘ng cho‘plari bilan uning qo‘liga ura boshladilar. Abu Sa’laba Nabiy alayhissalom uzukni yoqtirmaganlarini tushunib, qaramayotgan vaqtlarida qo‘lidan yechdi va otib yubordi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Abu Sa’labada uzukni ko‘rmadilar. So‘ng: “Seni qiynab qo‘ydik”, dedilar.
Abu Sa’laba roziyallohu anhu nafaqat ixlosli, balki parhezkor ham edi. U shariat ahkomlarini hayotiga to‘liq tatbiq etishga oshiqardi. Nabiy alayhissalom bilan bo‘lgan uchrashuvlardan birida: “Yo Rasululloh, men ahli kitoblar yerida yashayman. Idishlaridan taom yesam bo‘ladimi? Kamonim, o‘rgatilgan va o‘rgatilmagan itlarim bilan ov qilaman. Qaysi ish men uchun to‘g‘ri bo‘ladi?” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Kitob ahli borasidagi gapingga kelsak, ularnikidan boshqa idish topsang, o‘shanda yegin. Topolmasang, ishlatishdan oldin uni yuvgin. Kamoning bilan ovlagan ovingni “Bismillah”ni aytib yeyaver. O‘rgatilgan iting bilan tutgan o‘ljangni “Bismillah”ni aytib yeyaver. O‘rgatilmagan it bilan tutganingni, agar uni joni uzilmasidan oldin so‘yib ulgursang, yegin”, deb ta’lim berdilar.
Ham dini, ham dunyosi borasida o‘ta tadbirli Abu Sa’laba roziyallohu anhu bir kuni Nabiy alayhissalomning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, Shomdagi falon va falon yerlarni menga bering”, deb aytdi. (O‘sha vaqtda musulmonlar u aytgan yerlarni hali qo‘lga kiritishmagan edi.) Shu bois Nabiy alayhissalom: “Bu nima deyapti?” deganlarida, Abu Sa’laba: “Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u yerlarni, albatta, qo‘lga kiritasiz”, dedi qat’iyat bilan. Shundan keyin Payg‘ambarimiz alayhissalom unga o‘sha yerlarni xatlab berdilar.
Abu Sa’laba Xushaniy roziyallohu anhu Alloh taoloning: «Ayting (ey Muhammad): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz” (Oli Imron surasi, 31-oyat)» oyati karimasini hayotiy dasturiga aylantirdi. Nabiy alayhissalomga muhabbatini qalbiga ham, hayotiga ham jo etdi. Ta’limlariga amal qildi, sunnatlariga ergashdi. Nafaqat Payg‘ambarimiz alayhissalom, balki u zotning boshqa sahobalari Muoz ibn Jabal va Abu Ubayda roziyallohu anhumdan ham hadis rivoyat qildi. Abu Sa’labadan esa Abu Idris Havloniy, Jubayr ibn Nufayr, Abu Rajo Attoridiy, Abu Asmo Rahbiy va Said ibn Musayyab va Abu Zohiriya, Makhul Huzaliylar rivoyat qilishgan.
Nabiy alayhissalomdan rivoyat qilgan hadislarining birida bunday keladi: U zot alayhissalom dedilar: “Alloh taolo farzlarga buyurdi, birortasini zoe qilmanglar. Chegaralarni belgiladi, ularni oshib o‘tmanglar. Haromlarni taqiqladi, ularni buzmanglar. Ba’zi narsalarni sir tutdi. Ularni axtarishga urinmanglar” (“Usdul g‘oba”).
Abu Sa’laba Xushaniy Nabiy alayhissalomdan keyin ham umr kechirdi. Siffin jangida ikki tarafdan hech biriga qo‘shilmadi. U ko‘pincha Ka’b ibn Ahbor rahimahulloh bilan birga suhbat qurardi. Shunday suhbatlardan birini Ibn Jobir Ismoil ibn Ubaydullohdan rivoyat qiladi: «Abu Sa’laba Xushaniy oramizda ekanida Ka’b ibn Ahbor ham birga edi. Shunda Abu Sa’laba: “Ey Ishoqning otasi, biror banda Allohning ibodati uchun vaqtini ajratsa, Alloh taolo uni dunyo mashaqqatlaridan ozod qiladi”, deb aytdi. Shunda Ka’b: “Alloh taoloning kitobida bunday deyilgan: “Kimki butun g‘am-tashvishlarni bitta tashvish deb bilsa va o‘sha tashvishni Alloh taoloning toati yo‘lida qilsa, Parvardigor u bandaning dunyo ishlariga kifoya qiladi. Osmon va yerlar bunga kafil bo‘lishadi. Uning rizqi Allohga, amali esa o‘zi uchun bo‘ladi. Agar u har narsaga g‘am-tashvish chekaversa, qay bir tashvishida halok bo‘lganiga Alloh e’tibor qilmaydi”, dedi» (“Siyarul a’lam an-nubalo”).
Mana shunday kechalarning birida Abu Sa’laba Nabiy alayhissalom zamonlarida vafot etgan akasiga murojaat etib: “Ey Abdurahmon, mana ular – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam!” dedi. Keyin namoz uchun ajratilgan xonasiga kirdi va tahajjudni o‘qib, sajdada jon berdi. Bu vaqtda qizi tushida otasining vafot etganini ko‘rdi. So‘ng uyg‘onib: “Otam qaerda?” deb so‘radi. Onasi: “Namozxonada”, deb javob berdi. Qizi otasini chaqirdi. U javob bermadi. Uni qimirlatib ko‘rgandi, yon tarafiga yiqildi. U jon taslim etib bo‘lgandi…
Rivoyatlarga ko‘ra, Sa’laba roziyallohu anhu Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi davrida vafot etgan, deyiladi. Lekin manbalarda vafoti Abdulmalik ibn Marvon davrida bo‘lgan degan qavllar ham yo‘q emas.
Poshshaxon Eshonxon qizi tayyorladi | “Hidoyat” jurnali
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- 6 diniy kalima
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Tahorat kitobi
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.