background
logotype
image1 image2 image3

Xadicha raziyallohu anhuning olamdan o’tishi

Payg'ambar alayhis-salom qamaldan chiqqanlaridan keyin ko'p o'tmay umr yo'ldoshlari Xadicha raziyallohu anhu olamdan o'tdi. Hali dini islom yo'lidagi qiyinchiliklar bartaraf etilmagan, oldinda Madina hijrati bor edi. Rasululloh Xadichani ko'p eslar edilar, birinchilar qatori imon keltirgan bu pokiza zotning fazilatlarini chuqur qayg'u va jon o'rtaguvchi anduh bilan yodga olardilar, muslima ayollarga ibrat qilardilar. Sarvari olam Ibrohimdan boshqa bolalarining hammasini Xadichadan topgan edilar. Xadichadan tug'ilgan to'ng'ich qizlari Zaynab islomdan avval Abu Os ibn Robiaga nikohlanib, ular Umoma ismli qiz ko'rishgan, Fotimaning vafotidan keyin uni Ali ibn Abutolib iikohiga olgan edi. Usmon rasulullohning Xadichadan topgan qizlari Ruqiya bilan turmush qurib, Habashistonga birga ketishgan, u vafot etgach, Madinada payg'ambar alayhis-salomning boshqa qizlari Ummu Gulsumga uylangan. Sarvari olamning kenja qizlari Fotima Ali ibn Abutolibga turmushga chiqqan. Rasulullohning Xadichadan topgan bolalari bu olamdan juda erta ketishgan. Otadan keyin qolgan Fotima ham uzoq yashamagan.

Yaqin hamdami, og'ir damlarda maslahatgo'yi, o'z qabilasidagi obro'-e'tibori tufayli qaltis vaziyatlarda qalqon bo'la oladigan suyanchig'i Xadichaning vafoti rasulullohni qattiq iztirobga soldi. U kishi Xadichadan Qosim, Abdulloh degan o'g'illar ko'rganlar. Rasulullohga Qosim o'g'illarining ismi bilan ham murojaat qilishardi.

RASULULLOHNING SAVDAGA UYLANISHLARI

Xadicha vafot etgan oyda payg'ambar alayhis-salom omiriyalik Zam'aning qizi Savdaga uylandilar.

Savda qarindosh-urug'larining qattiq noroziligiga qaramay imon keltirgan va eri Sakron ibn Amir bilan qiyin-qistovga olingach, Habashistonga hijrat qilgan ayol edi. Safardan qaytgach, Sakron ibn Amir vafot etib, Savda tul qoldi. Rasululloh bu ayolni nikohlariga olib, mushrik, qarindoshlarining taz'iqidan, har xil kimsalarning tanayu malomatlaridan saqlab qoldilar, qolaversa, u kishiga imonli, islom saboti bilan kurashuvchi bir hamdam zarur edi. Agar bu nikoh bo'lmasa, Savdaning qarindoshlari uni dindan qaytarishga urinishar, beva ayol chorasiz qolib, ularning yo'rig'iga yurib ketishi ham ehtimoldan xoli emasdi. Bundan tashqari nasl-nasabi yuqori Savda uziga munosib umr yo'ldoshi topguncha vaqt o'tib, qarib ketishi va turmush qurishga rag'bati qolmasligi ham mumkin edi.

Rasulullohning har bir ishlarida boshqalarning aqli bovar qilmaydigan hikmat bor.

RASULULLOHNING OISHAGA UYLANISHLARI

Hadicha vafot etib, oradan bir oy o'tgach, rasululloh do'sti Abubakrning hali yettidan o'tmagan qizi Oishani nikohlariga olib qo'ydilar. Rasululloh Oyshadan boshqa qiz olgan emaslar. Madinaga hijrat qilishganidan keyingina ikkalovi bir yostiqqa bosh qo'yishdi, ungacha payg'ambar alayhis-salom Savda bilan Makkada hayot kechirdilar.

Xadichaning vafotidan bir oy o'tar-o'tmas rasulullohning amakilari Abutolib olamdan o'tdi. Garchand u kishi Muhammad alayhis-salomning payg'ambarligiga shubha bildirmagan, sarvari olamni din dushmanlarining xurujlaridan hamisha himoya qilgan bo'lsa-da, o'zi iymon keltirib, musulmonchilikka kirmadi. Bu haqda Qasos surasining 57-oyatida bunday deyiladi: "Sen yaxshi ko'rgan odamingni hidoyat qilolmaysan, lekin Olloh istagan odamini hidoyat qiladi, hidoyat topguvchilar unga yaxshi ayon". Abutolib rasulullohga pushti-panoh bo'lgani uchun Olloh u kishining gunohlarini yengillatadi, deya umid qilamiz.

Rasulullohning qarindosh-urug'lari islom diniga kirmaganida ham hikmat bor, agar ular payg'ambar alayhis-salomga ergashib, darrov islom diniga kirishsa, mushriklar Muhammadning qavmi ustunlikka erishib, podsholikni qo'lga kiritmoqchi, shuning uchun yangi din o'ylab topishdi, deyishardi. Rasulullohga ergashganlar butunlay begona, hatto payg'ambar alayhis-salomga dushman bani Umayya qavmidan Usmon ibn Affondek kishilar ekanini ko'rgach, qanday vaj-korson ko'rsatishni bilmay Muhammad er-xotinni bir-biridan judo qiladigan sehrgar, g'oyibni bilaman deydigan kohin, deya ig'vo tarqatishga o'tishdi. Eng yaqin kishilaridan ayrilganlari yetmagandek mushriklarning xurujlari avj olgani rasululloh uchun g'oyat og'ir musibat bo'ldi.

Abutolibning vafotidan keyin ilgari sal hayiqib turgan mushriklar endi ochiqdan-ochiq dushmanlik qila boshladilar. Rasululloh ko'chada ketayotganlarida ustlaridan tuproq sochishar, namoz o'qiyotganlarida boshlariga qo'yning yelinini yepishtirib qo'yishar, sen nega shuncha ilohni bir ilohga aylantirmoqchisan, deya o'jarlik bilan hadeb bitta savolni takrorlayverishardi. Musulmonlar oz, jismoniy va harbiy qudratga ega bo'lmaganliklari uchun u kishini himoya qilishga botinisholmasdi. Faqat bir safar Abubakr: "Robbim yolg'iz Olloh degan kishiga shuncha zulm qilasizlarmi?" deya o'rtaga tushdi. Payg'ambar alayhis-salomning ahvollari kundan-kunga og'irlashaverdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.