background
logotype
image1 image2 image3

5-bosqich. 7-tur: Nubuvvat xonadoni xonimlari

V BOSQICH
7-tur: Nubuvvat xonadoni xonimlari


1. Qaysi ummul mo’miniynning laqablari “Ummul masokin” edi?
Javob: Ummul mo’miniyn Zaynab binti Xuzayma r.a.ning laqablari “Ummul masokin” edi. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

2. Rasululloh s.a.v. “Ey Allohim, bunga O’z itlaringdan bir itni musallat qilgin” deb duoibad qilgan mal’un kim edi?
Javob: Rasululloh SAVning qizlari Ummu Kulsumni taloq qilib, u zotni haqorat qilgani sababli, Muhammad SAV Utayba haqida “Ey Allohim, bunga O’z itlaringdan bir itni musallat qilgin” deb duoibad qilgan va u Shomda sherga yem bo’lgan edi. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

3. Oyisha r.a.ning onalari, Abu Bakr Siddiq r.a.ning xotinlari ismi kim edi?
Javob: Oyisha r.a.ning onalari, Abu Bakr Siddiq r.a.ning xotinlari ismi Ummu Rummon edi. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

4. Jabroil a.s. payg’ambarlardan boshqa ikki insonga salom aytganlar. Ular kimlar?
Javob: Jabroil a.s. payg’ambarlardan boshqa faqat Oyisha onamizga salom aytganlar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Jabroil alayhissalom Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Xadicha sizga bir idishda nonxurush (yoki taom yoki sharbat) olib kelibdi, agar (yana) kelsa, unga parvardigoridan va mendan salom aytingiz hamda unga bashorat qilingizki, uning uchun jannatda shakar qamishdan bir uy hozirlab qo‘yilgan bo‘lib, unda na tashvish va na mashaqqat bor», — dedilar». («Sahihi Buxoriy»)

5. Hazrati Savda onamiz va Oyisha onamizga Rasululloh SAVning nomlaridan sovchilik qilgan ayol kim?
Javob: Hazrati Savda onamiz va Oyisha onamizga Rasululloh SAVning nomlaridan sovchilik qilgan ayol Usmon ibn Maz’unning zavjalari – Havla binti Hakim r.a.dir. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

6. Hazrati Umar r.a. Hafsa onamizdan: “Ayol kishi ersiz qancha sabr qiladi?” deb so’raganlarida, u kishi nima deb javob berganlar?
Javob: Hazrati Umar r.a. Hafsa onamizdan: “Ayol kishi ersiz qancha sabr qiladi?” deb so’raganlarida, u kishi: “4 oy” dedilar. Shundan so’ng hazrati Umar askarlarni 4 oydan ortiq ushlab turmaslikka farmon berganlar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

7. Oyisha onamiz: “Men undan ko’ra o’z qavmiga barakasi ko’proq ayolni bilmayman” – deb kimni aytganlar?
Javob: Oyisha onamiz Juvayriya binti Horis r.a. haqida: “Men undan ko’ra o’z qavmiga barakasi ko’proq ayolni bilmayman” – deganlar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

8. Hujralarida vahiy nozil bo’lish sharafiga noil bo’lgan 2 mo’minlar onasi kimlar?
Javob: Oyisha va Ummu Salama onamiz hujralarida vahiy nozil bo’lish sharafiga noil bo’lganlar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

9. Ummu Salama onamiz doimo o’zlari bilan Rasululloh SAVdan tabarruk nimani olib yurardilar?
Javob: Ummu Salama onamiz doimo o’zlari bilan Rasululloh SAVning hinolangan bir necha dona soch tolalarini olib yurganlar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

10. Qaysi onamiz Rasululloh SAVning boshqa ayollariga faxrlanib: “Sizlarni ahllaringiz nikohlab bergan, meni Alloh taolo yetti osmonning ustidan nikohlab bergan”, der edilar?
Javob: Zaynab binti Jahsh r.a. Rasululloh SAVning boshqa ayollariga faxrlanib: “Sizlarni ahllaringiz nikohlab bergan, meni Alloh taolo yetti osmonning ustidan nikohlab bergan”, der edilar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

11. Rasululloh SAV Sofiya binti Xuyay r.a. onamizga mahrlari nima bo’lgan?
Javob: Rasululloh SAV Sofiya binti Xuyay r.a.ni ozod qilib, ozodlikni mahr qildilar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

12. Rasululloh SAVning zavjai mutahharalari ichida eng ko’p mahr olgan onamiz kim?
Javob: Rasululloh SAVning zavjai mutahharalari ichida eng ko’p mahr olgan onamiz - Ramla binti Abu Sufyon r.a.dir. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

13. Rasululloh SAV oxirgi uylangan ayol kim?
Javob: Rasululloh SAV oxirgi uylangan ayol – Maymuna binti Horis r.a.dir. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

14. Payg’ambar SAV vafot etganlarida u zotning nechta xotinlari bor edi?
Javob: Payg’ambar SAV vafot etganlarida u zotning 9 ta xotinlari bor edi. (Imom Nasaiy rivoyati)

15. Hazrati Oyisha r.a.ning janozalarini kim o’qigan?
Javob: Hazrati Oyisha r.a.ning janozalarini Abu Hurayra r.a. o’qidilar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

16. Mo’minlar onalari ichida eng so’ng vafot etgani kim?
Javob: Mo’minlar onalari ichida eng so’ng vafot etganlari – Ummu Salama r.a.dir. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

17. Qaysi onamiz teri oshlar, tikar va Allohning yo’lida sadaqa qilar edilar?
Javob: Zaynab binti Jahsh onamiz teri oshlar, tikar va Allohning yo’lida sadaqa qilar edilar. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

18. Oyisha r.a.dan “Odamlarning ichida Rasululloh s.a.v.ga eng mahbubi kim edi?” deb so’ralganida, u kishi kim deb javob berganlar?
Javob: Oyisha r.a.dan “Odamlarning ichida Rasululloh s.a.v.ga eng mahbubi kim edi?” deb so’ralganida, “Fotima edi” – dedilar. (Termiziy rivoyati)
Abu Usmon rivoyat qiladilar: «Rasululloh Amr ibn Osni lashkarga bosh qilib Zotussalosilga yubordilar. O’shanda Amr bunday deb erdi: «G’azotdan qaytib, Janob Rasulullohning oldilariga keldim-da: «Sizga odamlarning qaysi biri mahbubroq?» — deb so‘radim. Ul zot «Oisha»,— dedilar. «Erkaklardan-chi?»—deb so‘radim. «Uning otasi»,—dedilar. «Undan keyin kim’»—deb so‘radim «Umar»,— dedilar-da, yana bir necha kishining ismini sanadilar, shunda meni eng oxirida aytishlaridan qo‘rqib sukut saqladim». (“Sahihul Buxoriy”)

19. Ramla binti Abu Sufyon r.a. va Rasululloh SAVning nikohlarini kim o’qigan?
Javob: Ramla binti Abu Sufyon r.a. va Rasululloh SAVning nikohlarini Najoshiy o’qidi. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)

20. Rasululloh SAV qaysi onamizga uylanganlaridan keyin Alloh taoloning hijob oyati nozil bo’lgan?
Javob: Rasululloh SAV Zaynab binti Jahsh onamizga uylanganlaridan keyin Alloh taoloning hijob oyati nozil bo’lgan. (“Hadis va hayot”-25. “Nubuvvat xonadoni xonimlari”)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.