background
logotype
image1 image2 image3

Vidolashuv haji

Hijratning o‘ninchi yili payg‘ambar alayhis-salom musulmonlar bilan xayrlashuv hajini ado etdilar. Bu sarvari olamning hayotlaridagi eng so‘ngi haj edi. Rasululloh zulqa’da oyining yigirma beshinchisi, ya’ni shanba kuni Madinada o‘rinlariga Abu Dujona Ansoriyni qoldirib yo‘lga chiqdilar. Payg‘ambar alayhis-salom bilan birga to‘qson ming odam safarga otlandi. Rasululloh ulovlari qo‘zg‘algan joyda niyat qilib ehrom bog‘ladilar hamda "Labbaykallohumma labbayk, la sharika laka labbayk, innal hamda vanne’mata laka val mulk la sharika lak" (Ey Olloh, men sening itoatingdaman, sening itoatingdaman, sening sheriging yo‘q, sening itoatingdaman. Barcha hamdu sano, ja’mi mavjudotlarni boshqarish va ne’mat (berish) senga xos. Sening sheriging yo‘q,) deya talbiya aytdilar. Sarvari olam to‘xtamay yo‘l bosib, quyosh ko‘tarilgan paytda Kado tepaligidan oshib, Makkaga kirib bordilar. Baytullohga ko‘zlari tushgan asnoda: "Uni yanada sharofatli, yanada ulug‘, yanada salobatli va yanada yuksak qilgin", dedilar va bu muqaddas dargohni yetti qayta tavof ayladilar, hajarul asvadni istilom qildilar, maqomi Ibrohimda ikki rakaat namoz o‘qidilar, obi zamzamdan ichdilar, Safo bilan Marva tog‘lari orasida ulov bilan yetti marta qatnadilar. Har gal Safo tog‘iga chiqqanlarida: "Yolg‘iz Ollohdan boshqa hech iloh yo‘q. Olloh va’dasini ro‘yobga chiqardi, bandasiga (payg‘ambariga) yordam berdi. Ollohning bir o‘zi mushriklar to‘dasini mag‘lub etdi", dedilar. Sarvari olam zulhijja oyining sakkizinchi kuni Minoga kelib dam oldilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.