background
logotype
image1 image2 image3

Uhud g'azoti

Badrda mag'lubiyatga uchrab, savdo yo'llari to'silib qolgach, quraysh zodagonlari bu mushkul ahvoldan qutilish chorasini izlay boshlashdi. Ular Abu Sufyonga uchrashib: "Muhammad bizni xo'rlab, mo'tabar odamlarimizni o'ldirdi. Karvon bilan jo'natgan mollarimizning foydasini Muhammad bilan urushishga sarflamoqchimiz. Bu ishga o'zing bosh bo'lgin", deyishdi. Karvondagi mollar Dorunnadvada saqlanar, uning foydasi ellik ming dinor edi. Bu gapdan ruhlangan Abu Sufyon darrov urush tadorikiga kirishdi, qurayshlarning o'zidan uch ming odam to'plandi. Ular orasida ittifoqdoshlari Mustaliq, Havn ibn Xuzayma urug'lari ham bor edi. Bundan tashqari rasulullohni yomon ko'rib bir to'da odamlari bilan Madinadan chiqib ketgan Abu Omir Rohib, Avsiy Kinona va tihomalik arablar ham ularga qo'shildi.

Safvon ibn Umayya shoir Abu Azzaga: "Sen hech bo'lmasa bizga tiling bilan yordam ber", dedi. Abu Azza Badr g'azotida asirga tushganda rasululloh uni tovon olmay qo'yib yuborgan va minnatdor shoir bundan keyin hech qachon Islomga til tegizmaslikka va'da bergan, ikkinchi qayta musulmonlar qo'liga tushishga toqati yo'q edi. Biroq Safvon ta'nayu malomat qilaverib uni holi-joniga qo'ymadi. Abu Azza yana qo'lga tushsa omon qolmasligini bila turib mushriklarning qutqusiga uchdi. Bor so'zamollik san'atini ishga solib hammani musulmonlarga qarshi kurashga chorlay boshladi.

Jubayir ibn Mutim Vahshiy ismli quliga Hamzani o'ldirib, amakim Tuayimning intiqomini olib bersang, ozod qilaman, deya va'da berdi. Qurayshlar meshlarga aroq-sharoblarni to'ldirib, cho'riyu kanizaklarini olib, childirmayu nog'oralarini chalgancha yo'lga tushdilar. Ayrim zodagonlar bu jangda chekinmaslik uchun xotinlarini ham hamroh qilib oldilar va juda katta dabdaba, as'asa bilan Madina yaqinidagi Zuhulayfa degan joyga kelib tushishdi.

Quraysh mushriklari jangga otlangani haqida payg'ambar alayhis-salomning amakilari Abbos maktub yo'llab xabar yetkazdi. Uning o'zi Badrda juda ko'p talafot ko'rganini bahona qilib bu yurishdan chetda qoldi. Rasululloh sahobalar bilan kengashib, shahardan tashqariga chiqmaslikni, agar yov Madinaga bostirib kirsagina jang qilishni taklif etdilar. Bu fikr yoshi ulug' muhojir va ansorlarga ma'qul keldi, biroq Badr jangida zafar quchgan yoshlar, shu jumladan Hamza Ibn Abdulmuttalib ham g'anim bilan shahar tashqarisida olishishni talab qilishdi. Ular son jihatdan ko'pchilik hamda urushning asosiy yuki shularning zimmasiga tushadigan bo'lgani uchun payg'ambar alayhis-salom o'z fikrlaridan qaytdilar.

Shavvol oyining o'ninchi kunidagi Jum'a namozidagi xutbada rasululloh sahobalarni dovyurak va sabr-bardoshli bo'lishga chaqirdilar: "Chidam va sabr egalariga g'alaba yor bo'lgay!" dedilar. Shundan keyin uylaridan ikki qavat sovut (simdan to'qilgan kiyim) kiyib, qilich taqib, qalqonlarini orqalariga osib chiqdilar. Shakkokligi uchun yoshlarni ayblagan kattalar: "Ey rasululloh, sening fikring bo'yicha ish qilganimiz durust emasmi?" deyishdi. "Payg'ambar jangu jadal libosini kiygach, dushmanlari bilan urushib Olloh iroda etgan natijani ko'rmaguncha kiyimini almashtirishi mumkin emas", dedilar rasulluloh va bayroqlarni tarqatdilar.

Muhojirlar bayroqdori Mus'ab ibn Umayir, Xazraj qabilasining yalovbardori Habbob ibn Munzir, Avs qabilasining a'lambardori Usayid ibn Huzayir bo'ldi. Ming kishilik qo'shin shahardan chiqib, toqqa yaqinlashib qolganda bir to'p qurolli kishilarga duch kelishdi. Bular yahudiy Abdulloh ibn Ubayning ittifoqchilari ekanini bilgan rasululloh: "Mushriklarga qarshi kurashda kofirlardan yordam so'ramaymiz", deb ularni qaytarib yubordilar, sababi ularning xiyonat qilmasligiga ishonch yo'q edi. Payg'ambar alayhis-salom qo'shinni ko'zdan kechirib balog'atga yetmagan o'spirinlarni orqaga qaytarib yubordilar. Ularning orasida Rofiy ibn Xadij bilan Sumra ibn Jundublar ham bor edi. Rofiyning usta kamonchiligi ma'lum bo'lgach, qoldirildi. Buni eshitgan Sumra: "Nega endi kurash tushganda doim mendan yengilib yuradigan Rofiy qolib, men ketar ekanman", deb yig'lab yubordi. Buni eshitgan payg'ambar alayhis-salom ikkalasini kurashga soldilar. Chindan ham Sumra g'olib chiqqach, safda qoldirildi.

Qo'shin shu yerda tunadi. Muhammad ibn Maslama bilan Zakvon ibn Abdi Qays posbonlikka qo'yildi. Ertalab qo'zg'alib, Uhud bilan Madina orasidagi Shavat degan boqqa yetganda Abdulloh ibn Ubay: "Mening maslahatimga quloq solmay (rasulullohni aytmoqchi) go'daklarning gapiga kirib shahar tashqarisiga urushgani chiqdi. Biz nega bekordan bekorga o'zimizni ajalning tig'iga urushimiz kerak ekan?" deb uch yuz odami bilan qaytib ketdi. Jobirning otasi Abdulloh ibn Amr ularning orqasidan borib: "Hoy birodarlar, o'z qavmingiz bilan payg'ambaringizni tashlab ketgani Xudodan qo'rqing", dedi. "Urush bo'lishini bilganimizda sizlarga sira ham qo'shilmasdik", dedi qochoqlar. "Olloh sizlarni bizdan yiroq qilsin. Xudo xohlasa, payg'ambarimiz sizlarga sira ham muhtoj bo'lmaydi", dedi Abdulloh ibn Amr. Bu voqea musulmonlar safiga sarosima soldi, Xorisa bilan Salama aymog'ining odamlari ham vaqtni g'animat bilib juftakni rostlamoqchi bo'lishdi-yu, lekin botinisholmadi. Qaytib ketganlarni nima qilish kerakligi haqida darrov bir qarorga kelisholmadi, fikrlar ikkiga bo'linib bir guruh ular bilan urushish, ikkinchisi esa o'z mayliga qo'yib berish tarafdori edi. Bu xususda parvardigori olam Niso surasining 88-oyatida bunday deydi: "Sizlar nega munofiqlar haqida ikki guruhga bo'linasizlar? Vaholanki, Olloh munofiqlarni qilmishlari tufayli kufurga qaytardi. Olloh ularni gumroh qilgan bo'lsa-yu, sizlar hidoyatga erishtirmoqchimisizlar? Olloh gumroh qilgan kimsaga sen hech qachon hidoyat yo'lini topib berolmaysan".

Qo'shin Uhud tog'idagi bir daraga kelib tushdi. Rasululloh qo'shinni Madina tomonga yuzlantirib, tog' etagiga joylashtirdilar. Tog' yaqinidagi tekislikdan joy olgan mushriklarning o'ng qanotiga Xolid ibn Valid, chap qanotiga Ikrima ibn Abujahl, piyodalarga esa Safg'on ibn Umayya boshchilik qilardi. Payg'ambar alayhis-salom Xolidga Zubayir ibn Avvom qo'mondonligidagi qo'shinni, chap qanotdagilar bilan piyodalarga qolgan lashkarlarni qarshi qo'ydilar. Ellik kamonchiga madinalik Abdulloh ibn Jubayirni bosh qilib, orqa tomonga joylashtirildi a kutilmaganda hujum bo'lib qolsa, qaytarish, musulmonlar yengsa ham yengilsa ham, o'rnidan qimirlamaslik buyurildi. Shundan keyin rasululloh nutq so'zlab, jangchilarni sabotli bo'lishga chaqirib: "Jabroil dilimga soldiki, kishi rizqi bitmaguncha o'lmaydi. Rizqinglar tugamagan bo'lsa, Ollohdan qo'rqib, uni halol yo'l bilan topinglar, harom yo'llarni izlamanglar. Mo'minlar xuddi inson tanasidagi a'zolarga o'xshaydi, agar birortasi og'risa, butun badan halovatini yo'qotadi", dedilar.

Shundan keyin taomilga binoan yakkama-yakka olishuv boshlandi. Mushriklar safidan bir odam chiqib, muborizaga talabgor chaqirdi. Zubayir oldinga chiqib, uni o'ldirdi. Mushriklarning bayrog'i Talha ibn Abu Talhaning qo'liga o'tdi. Ali uni o'ldirgach, bayroqni qarindoshi Usmon oldi. Hamza uni o'ldirgach, bayroqqa Abu Said ega bo'ldi. Sa'd ibn Abu Vaqqos uni yoy otib o'ldirgach, bayroq quladi. Shundan keyin chiqqan to'rt kishi ham halok bo'ldi. Mushriklar safidan Abu Bakrning o'g'li Abdurahmon muborizaga chiqqanda oldinga intilgan otani rasululloh qaytarib: "Sen bizga keraksan", dedilar.

Mushriklarning suvoriylari uch marta qilgan xujumi kamonchilarning o'q seliga duch kelib qaytdi. Ikki tomon yuzma-yuz bo'lib, jang qizigan paytda lashkarning ruhini ko'tarish uchun mushriklarning ayollari childirmalarni chalib, sho'x-sho'x qo'shiqlar ayta boshlashdi. Buni ko'rgan rasululloh: "Ey yaratgan egam, senga ishonib xujumga o'taman, sen uchun g'azot qilaman. Menga o'zing kifoyasan, parvardigor, sen ishonchli va suyukli zotsan!" dedilar.

Kutilmaganda rasulullohning amakilari Hamza ibn Abdumuttalib shahid bo'ldi. U o'ngu so'ldan kelgan dushmanni qiyratib ketayotganida Vahshiy ismli qul nayza urib uning qornini yorib tashladi. Buni ko'rgan musulmonlar yanada shiddat bilan jangga kirishib, dushman sarkardalarini ketma-ket halok qilishdi. Mushriklar orqa oldiga qaramay qocha boshladi, jang maydonida o'ralashib yurgan ayollar uvvos solib yig'lashga tushdi. Musulmonlar bo'shab qolgan jang maydonidagi kiyim-kechak, qurol-yaroglarni yig'ishga kirishishdi. Tog' tepasidagi o'qchilar buni ko'rishgach, rasulullohning topshirigini unutib, o'lja olishga yugurishdi, boshlig'i Abdulloh ibn Jubayirnyng gapiga hech kim quloq solmadi. U bir nechta odami bilan o'z joyidan jilmay turaverdi. Bu ahvolni ko'rgan Xolid ibn Valid o'qchilarga hujum qilib, ularni qirib tashladi. Jang maydonidagi mavqeni qo'lga kiritgach, o'lja yig'ib yurgan musulmonlarni bir chetdan qiyrata boshladi.

Sarosimaga tushib qolgan musulmonlar nima qilarini bilmay o'ljasini tashlab duch kelgan tomonga qocha boshladi, hatto yanglishib bir-birlariga qilich ham solishdi. Bir mushrik ayol yerda yotgan bayroqni ko'targan edi, atrofiga darrov askar to'plandi. Ibn Qim'a degan mushrik men Muhammadni o'z qo'lim bilan o'ldirdim, degan ovoza tarqatdi. Musulmonlar safidagi parokandalik battar kuchaydi. Bir guruh odam payg'ambar o'lgan bo'lsa ham, biz dinni himoya qilib urushishimiz kerak, deyishdi. Mag'lubiyatdan esankirab qolgan Valid ibn Uqba, Xorija ibn Zayid, Rifoa ibn Mualloh, Usmon ibn Affon orqaga chekinishdi, lekin dabdurustdan Madinaga kirishdan uyalib, uch kungacha shahar atrofida aylanib yurishdi.

Rasululloh omon qolgan musulmonlarni jamlab, kurashni davom ettirdilar. Abu Talha Ansoriy u kishining yonida yurib, himoya qilishga urinardi. Usta mergan Abu Talha g'animni bexato urar, sadoqni rasulullohga berib, mening jonim sen uchun fido bo'lsin, deya g'animlarni u kishining yaqiniga yo'latmasdi. Rasululloh musulmonlarga: "O'qlaringizni Abu Talhaga beringlar", der edilar. Abu Talha dushman tomonni kuzatib, bo'ynini cho'zayotgan rasulullohning etagidan tortib: "Qo'y, ular tomonga qarama, tag'in biron daydi o'q tegab ketmasin. Sen menga ota-onamdan ham azizsan. Qanday bo'lmasin, joningni asrab qolishim kerak", derdi. Payg'ambar alayhis-salomni muhofaza qilganlar orasida Sa'id ibn Abuvaqqos, usta merganlardan Sahl ibn Hanif, rasulullohni tanasi bilan pana qilib, o'q tegsa ham qilt etmay turgan Abu Dujona, tayg'ambarni himoya qilib shahid bo'lgan Ziyoda ibn Horis bor edi.

Payg'ambar alayhis-salom boshlariga tushgan bu qiyinchiliklarga mardona bardosh berdilar. Ubay ibn Xalaf u kishini o'ldirishga qasd qilib kelayotganini ko'rganlarida yonidagilarning nayzasini olib, og'ir yaraladilar. Ubay Uhuddan qaytayotganida o'sha jarohatdan vafot etdi. U rasulullohning barcha g'azotlarda o'z qo'llari bilan o'ldirgan yagona odam edi. Abu Omir Rohib musulmonlar tushib ketsin degan niyatda katta-kichik o'ralar kovlab, ustini xas-po'shlab qo'ydi. Payg'ambar alayhis-salom shunday chuqurlardan biriga yiqilib, tizzalari shilindi. Ali bilan Talha ibn Ubaydulloh u kishini tortib olishdi. Tong otib rasulullohning kurak tishlarini sindirgan Utba ibn Abu Vaqqosni Hatib ibn Abu Baltag yugurib borib o'ldirdi.

Mushrik Abdulloh ibn Shihos Zuhriy rasulullohning yuzini yorib yubordi. Ibn Qim'a shunday qattiq urdiki, sovutning simlari rasulullohning yuzlariga kirib, qonatib yubordi. Yordamga yetib kelgan Abu Ubayda simlarni tishlab sug'urganda tishlari sinib ketdi. "Payg'ambarning yuzini qora qonga belagan qavm najot toparmidi" dedilar payg'ambar alayhis-salom. Oli Imron surasining 128-oyatida parvardigor bu xususda shunday deydi: "Hech bir ishning inon-ixtiyori sening izmingda emas, Olloh yo ularning tavbasini qabul qiladi, yo zolim bo'lgani uchun azobga giriftor etadi.

Rasululloh o'ldiga chiqarilganlaridan keyin u kishini birinchilar qatori ko'rgan Ka'b ibn Molik Ansoriy quvonganidan: "Musulmonlar, xushxabar!" deya qichqirib yubordi. Rasululloh unga jim bo'lishni amr etib, Sa'd ibn Abu Vaqqos bilan Sa'd ibn Ubodaning hamrohligida safdagi o'z joylarini egallashga yurdilar. U kishining yonida Abu Bakr, Umar, Ali, Talha, Zubayir, Horiz ibn Sammalar ham bor edi. To'satdan ularning oldidan Usmon ibn Abdulloh ibn Mug'iro chiqib: "Muhammad qani? Hozir yo u o'ladi, yo men o'laman", deya dag'dag'a qildi. Kutilmaganda mushrikning oti munkib, o'zi chuqurga yumalab tushdi. Horiz ibn Samma vaqtni g'animat bilib, uni chopib tashladi.

Payg'ambar alayhis-salom jangovar safda o'z o'rinlarini egallaganlaridan keyin Ali suv quyib turdi, Fotima u kishining jarohatlarini yuvib, malham qo'ydi. Rasululloh katta tosh ustiga chiqib, jang maydonini kuzatmoqchi bo'ldilar, biroq ko'p qon yo'qotganlari uchun xarsangga chiqolmadilar. Talha ibn Ubaydulloh yugurib kelib u kishiga ko'maklashdi. Rasululloh tog' yonbag'rini egallagan dushmanlarni ko'rib: "Ular bizdan yuqorida turmasligi kerak, - dedilar va Xudoga munojot qildilar, - Ey yaratgan egam, o'zing bizga kuch-quvvat ato etgin!" Umar ibn Xattob boshchiligidagi bir guruh musulmonlar jang qilib g'animlarni tog' tepasidan quvib tushirdilar. Payg'ambar alayhis-salomni qo'riqlayotganlar juda ko'p jarohatlanishgani uchun birin-ketin safdan chiqa boshlashdi.

Rasulullohni mo'ljallab otilgan o'qlarga o'zini qalqon qilaverib yetmishdan ortiq jarohat olgan Talha ibn Ubaydullohning bir qo'li butunlay ishlamay qoldi. Ka'b ibn Molik o'n etti yeridan yaralandi. Umuman bu jangda musulmonlardan yetmish kishi shahid bo'ldi; ularning oltitasi muhojirlardan, qolgani ansorlardan edi. Shahidlar orasida muhojirlardan Hamza ibn Abdulmuttalib, Mus'ab ibn Umayir, ansorlardan Hanzala ibn Abu Omir, Amr ibn Jamuh, uning o'g'li Xallod ibn Amr va xotinining akasi bor edi. Amrning ayoli shahidlarni tuyaga ortib, Madinada dafn etmoqchi bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom shahidlarni Uhuddan olib ketishni ta'qiqladilar. Hind noiloj orqaga qaytib ketdi. Shahidlar orasida Sa'd ibn Robi' qam bor edi.

Rasululloh izlab topish uchun odam yuborganlarida u uziladigan bo'lib turgan ekan. Payg'ambar alayhis-salomdek zot uni eslab izlatganlarini eilgach, benihoya ta'sirlanib ketdi. "Qavmimga aytinglar, rasulullohga bergan ahdida qattiq tursin. Xudoning nomi bilan qasamyod qilamanki, agar va'dasida turishmasa, u dunyoda mening yuzimga qarasholmaydi", dedi. Shahid bo'lganlar orasida Anas ibn Molikning amakisi Anas ibn Nazir ham bor edi. U payg'ambar alayhis-salomning o'ldirilgani haqidagi xabarni eshitgach: "Ey, qavmim, rasulullohdan orqada qolib nima qildik? Birodarlarimiz kabi dushman bilan olishib o'laylik!" dedi-da mushriklarning safiga o'zini urdi va bahodirlarcha olishib halok bo'ldi.

Mushriklar bu jangda ko'z ko'rib, quloq eshitmagan vahshiyliklarni qilishdi. Ular jasadlarning quloq va burunlarini kesib olishdi, qornini yorib, ichak-chavog'ini ag'darib tashlashdi. Abu Sufyonning xotini Hind Hamzaning qornini yorib jigarini sug'urib oldi-da, chaynadi, biroq yutib yuborolmay tuflab tashladi. Qo'li baland kelganidan g'ururlangan Abu Sufyon tog' tepasiga chiqib baland ovozda: "Yaxshi urush bo'ldi, savash bor joyda yengish, yengilish bo'lishi turgan gap. Omadimiz chopib Badrdagi o'chimizni oldik. Xohlasanglar kelgusi yili Badrda yana uchrashamiz. O'liklarning quloq burni kesib tashlanibdi, men bunday qilishga buyruq bermaganman, lekin bu ishdan ko'p xafa bo'lganim ham yo'q", deya jar soldi. Shundan keyin mushriklar Makkaga yo'l olishdi.

Bu jangda musulmonlar ko'p talafot ko'rishgan bo'lsa-da, yengilmagani oydinlashadi. Agar yengilishganida mushriklar ularni ta'qib etib, Madinaga bostirib kirar va shaharni talon-taroj qilishar edi.

Payg'ambar alayhis-salom shahidlarni ko'zdan kechirdilar, amakilari Hamzaning chavaqlanib yotganini ko'rib qattiq iztirob chekdilar. Uhud jangida shahid bo'lganlar engil-boshi bilan ikki-uchtasi bir qabrga dafn etildi. Og'ir jangda horib-charchagan musulmonlarning har bir odam uchun alohida go'r kovlashga majoli yo'q edi. Ular ezilgan ahvolda Madinaga qaytib kelishganda yahudiy va munofiqlar masxaralab kulishdi, o'zlarini shahidlarga achingandek ko'rsatib: "Biz bilan qolishganda o'lishmasdi", - deya dushmanliklarini oshkor etishdi.

Uhud jangida musulmonlar ikki sabab tufayli og'ir talafotga uchradi:

Birinchisi, kamonchilar rasulullohning biz yengsak ham, yengilsak ham o'rningizdan qimirlamang, degan topshiriqlariga amal qilmay joylarini tashlab ketganligi; ikkinchisi, har bir ishni Xudo yo'lida xolis emas, balki juda ko'p musibatlarga sabab bo'ladigan dunyo manfaatini ko'zlanganidir. Kamonchilar dunyo manfaatini o'ylab o'ljaning ketiga tushib ketishdi va oqibatda buning jazosini tortishdi.

Olloh taolo Oli Imron surasining 152-oyatida Uhud jangi tafsiloti haqida bunday deydi: "Olloh sizlarga bergan va'dasida turdi. Ollohning irodasi bilan ularni qirayotgan edinglar, Olloh sizlar yoqtiradigan g'alabani ko'rsatgandan keyin zaiflashib qoldinglar, payg'ambarning amri haqida bahslashdinglar, (payg'ambarning amriga) bo'ysunmadinglar; ba'zilaringiz dunyoni ko'zladingiz, ba'zilaringiz oxiratni ko'zladingiz, keyin Olloh sinash uchun sizlarni dushmandan qaytardi va sizlarni afvu etdi. Olloh mo'minlarga marhamat qilguvchidir".

Uhud fojiasining asosiy sababi birlikning yo'qligi, boshliqqa itoat etmay bosh-boshdoqlik qilish, zarur paytda shijoatning yetishmasligidir. Har qanday ishda birlik, boshliqqa itoat va jasorat zarur. Olloh hammaga tavfiq bersin.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.