background
logotype
image1 image2 image3

Umayr ibn Vahb

Umayr ibn Vahb Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ko‘rsatgan mo‘‘jizalariga bevosita guvoh bo‘lib, Islomni qabul qilgan yigitdir. U musulmon bo‘lmasidan oldin Qurayshning mardligi va dovyurakligi bilan mashhur kishilaridan edi. Badr jangida mushriklar safida bo‘ldi. Mushriklar uni musulmonlar sonini aniqlash va orqalarida qo‘shin bor-yo‘qligini bilish uchun jo‘natishdi. Qabiladoshlari oldiga qaytib ko‘rganlarini musulmon kishidek gapirib berdi: “Ey Quraysh ahli! Ularning soni oz. Madad kuchlari kelmaydi. Lekin ular ko‘zimga o‘limga haris kishidek ko‘rindi. Safingizdan odam o‘lmagunicha, ulardan biror kishini o‘ldirib bo‘lmaydi. Sizlardan yo‘qotiladigan odam ulardan yo‘qotiladigan bilan teng bo‘lsa, hayotning nima qizig‘i bor?! Shunga qarab ish tuting...”

Uning gaplaridan Qurayshning ba’zi sardorlari ta’sirlanib, ortga qaytishni o‘ylab qolishdi. Lekin Quraysh iblisi Abu Jahlning fikri qat’iy qoldi va mushriklar jangga kirishdi. Biroq ularning boshiga kelgan baloni na u, na qabilasi to‘sa oldi. Umayr esa yaralangan holda Makkaga qaytdi, o‘g‘li asir tushib Madinaga olib ketildi.

Umayr o‘zi Makkada bo‘lsa-da, fikru xayoli Madinadagi o‘g‘lida edi. Kunlarning birida makkalik zodagon, amakivachchasi Safvon ibn Umayya Umayr bilan suhbatlashayotib, agar qarindoshlarining o‘limiga sabab bo‘lgan Muhammadni o‘ldirsa, Umayrga qarzlarini to‘lab, bola-chaqasini umrining so‘ngiga qadar boqishni va’da qildi. Umayr Safvonning shartlariga rozi bo‘ldi va kelishuv qat’iy sir tutilishini so‘rab, safarga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Umayr qilichini zaharlab beliga bog‘ladi. Tuyasini minib, Madina sari ravona bo‘ldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning masjidlariga yaqinlashib, tuyadan tushdi. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) tuyasidan tushib, masjidga yo‘l olgan qurolli Umayrni ko‘rib: “Bu Allohning dushmani Umayr-ku. Bu yerga yomonlik qilgani kelganligi aniq”, deya masjidga kirib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni vaziyatdan xabardor etdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uni chaqirib kelishni buyurdilar. Umar (roziyallohu anhu) Umayrning yoniga kelib yoqasidan oldi va qilichini ushlagancha uni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tomon olib ketdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Umayrning ahvolini ko‘rib “Qo‘yvor uni, Umar! O‘zing esa nari tur. Beri kel, ey Umayr. Yaqinroq kel”, dedilar.

Keyin oralarida quyidagi suhbat bo‘lib o‘tdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) so‘radilar:

– Bu yerga nega kelding, Umayr?

– O‘g‘lim qo‘lingizda asir bo‘lib yotibdi, yaxshilik qilib qo‘yib yuborarsiz, deya keldim...

– Bo‘yningdagi qilich-chi?

– Qilich bo‘lmay ketsin! Bizga foydasi tegdimi? Badrda nafi tekkani yo‘q-ku!

– Menga rostini ayt, bu yerga nima maqsadda kelding?!

– Shuning uchun keldim, xolos...

– Unda Safvon ibn Umayya bilan Hijrda gaplashganlaring nima? U yerda sizlar Badrda halok bo‘lganlarni yodga oldingiz. Keyin sen agar qarzlarim va farzandlarim bo‘lmaganida, borib Muhammadni o‘ldirardim, deding. Safvon esa, qarzlaringni to‘lab, bola-chaqangning holidan xabar olib turishga va’da berdi. So‘ng sen bu yerga kelding. Biroq Alloh rejalashtirgan ishingga yo‘l bermaydi...

Umayr bu gaplarni eshitib tarashadek qotib qoldi. Yuzidan rang qochib, duduqlanganicha dedi: “Bu mavzuda faqat Safvon ikkimiz gaplashgandik. Yonimizda hech kim yo‘q edi. Vallohi, sizga bu xabarni Alloh yetkazgan. Siz uning elchisi ekaningizga ishondim. Musulmon bo‘lish uchun meni bu yerga keltirgan Allohga hamd bo‘lsin!” Shundan so‘ng shahodat kalimasini aytib, Islomga kirdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Birodaringizga din va Qur’onni o‘rgating. Asirini ozod qiling”, dedilar. Qisqa muddat ichida dinni yaxshilab o‘rgangan Umayr Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan izn olib, Makkaga qaytdi.

Buyoqda Safvon Makkadagi yig‘ilishlarda yaqin orada katta xushxabar bo‘lishini va’da berar, lekin Umayrning hayallayotganidan xavotirda edi. O‘sha tarafdan kelayotganlardan uni darakladi va Umayrning Islomga kirganini eshitib, quloqlariga ishonmadi. Umayrning Islomga kirib, Makkaga qaytishi katta voqeaga aylandi. U din yo‘lida g‘ayrat qilib, ko‘p odamlarning, Makka fathidan keyin esa Safvonning Islomga kirishiga turtki bo‘ldi.

Umayr Uhuddan ilgari Madinaga hijrat qildi va barcha g‘azotlarda ishtirok etdi.

Umayr ibn Vahb hazrat Umar (roziyallohu anhu) davrlarining so‘nggi yillarida vafot etdi.

Alloh u kishidan rozi bo‘lsin!

“Irfon” taqvimining 2014 yil 4-sonidan olindi

Umayr ibn Vahb Badrda Islom nurini sindirish uchun qilich qutargan qo‘mondonlardan biri bulgan. U qatiyatli, mulohazali inson edi. Shu bois qavmi uni Badrga kelgan musulmonlar sonini aniqlab, mavjud kuchlarini bilish uchun sayladi.

Umayr ibn Vahb otiga minib, yashirin yullar bilan musulmonlar qarorgohiga bordi. Sungra qavmiga: «Ular uch yuzga yaqin kishi», degan ma’lumotni keltirdi. Uning taxmini to‘g‘ri edi.

«Ortlarida yordamchi kuchlar bormi?» deb so‘raganlarida bunday javob berdi: «Ortlarida hech narsa kurmadim. Ammo, ey Quraysh qabilasi, o‘limga tik boquvchi kishilarni ko‘rdim. Kuchli bo‘lmagan qabilaning ular qilichiga itoat etishdan o‘zga chorasi yo‘q. Allohga qasamki, bizlardan kimdir o‘lmagunicha ularning birortasini o‘ldirib bo‘lmaydi. Bizdan ham ular soniga teng odam o‘lsa, hayotning qizig‘i qoladimi? Qat’iy bir qarorga kelishingiz shart».

Quraysh oqsoqollaridan bir guruhi uning so‘zlaridan ta’sirlandi. Odamlarini yig‘ib, Makkaga qaytmoqchi bo‘lishdi.

Agar Abu Jahl qavmining fikrini o‘zgartirmaganida, ular qalbida adovat olovini yoqmaganida, ehtimol, urush ham bulmasmidi…

* * *

Makkaliklar Umayr ibn Vahbga «Quraysh shaytoni» deb laqab quygan edilar. Badr kuni uning boshiga shunday balo keldiki, o‘zi ham, qavmi ham ilojsiz qoldi. Qurayshliklar yengilib, Makkaga qochdi. Umayr ibn Vahb esa ularning bir qismi bilan Madina atroflarida qoldi. Chunki o‘g‘li musulmonlarga asir tushgan edi.

Bir kuni Umayr amakivachchasi Safvon bilan uchrashdi. Safvonning musulmonlarga dushmanligi kun sayin ortmokda edi. Axir otasi Umayya ibn Halaf Badrda o‘ldirildi. Shu zayl ikki amakivachcha nihoyatda alamzada bo‘lib qolishdi…

Shu o‘rinda Urva ibn Zubayr naql qilgan rivoyatga e’tibor beraylik:

Safvon:

— Badrda o‘lganlarni eslasak, Allohga qasam, ulardan keyin hayotning qizig‘i qolmadi, — dedi.

Umayr aytdi:

— To‘g‘ri aytasan, Allohga qasam, buynimdagi qarzlarim bo‘lmaganida, shuningdek, oilamning tirikchilik tashvishidan qo‘rqmaganimda ulovimga minib, Muhammadning oldiga borardim. Uni o‘ldirardim. Qolaversa, u bilan hal qilishim zarur bulgan masala ham bor. Asirlikdagi o‘g‘limni qutqarishim kerak.

Fursatdan foydalangan Safvon:

— Qarzingni bo‘ynimga olaman, uni men to‘layman. Oilangni ham boqaman, — dedi.

— Unday bulsa, gap oramizda qolsin. Shundan sung Umayr qilichini zaharladi.

Madinaga qarab ketdi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir guruh musulmonlar bilan Badr jangi, Allohning o‘sha kungi marhamati haqida suhbatlashib o‘tirganida, Umayr ibn Vahbni ko‘rib qoldi. U ulovini masjid eshigi yoniga cho‘ktirdi, qo‘lida qilich bor edi. Buni ko‘rgan Umar ibn Xattob:

— Bu it Allohning dushmani Umayr ibn Vahb-ku! Allohga qasam, u, albatta, biror yomon niyatda kelgan, — dedi.

So‘ng Hazrati Umar Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam yonlariga kirib:

— Ey Allohning Rasuli! Allohning dushmani Umayr ibn Vahb qilich ko‘tarib keldi, — dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:

— Uni oldimga olib kel, — deb buyurdilar.

Umar dushmanining bo‘ynidagi qilich ipidan tortib, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga olib bordi. Bu holatni kurgan Payg‘ambarimiz alayhissalom :

— Qo‘yib yubor uni, Umar! — dedilar.

Umayr johiliya davrining salomini berib, xayrli tong tiladi.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam :

— Alloh bizga sening salomingdan ko‘ra xayrli bir salom yo‘llagan, ey Umayr! — «Assalomu alaykum». Bu jannat ahlining salomidir, — dedilar.

— Yuq, ey Muhammad, Allohga qasam, mening bilganim eskilarning so‘zlaridir.

— Nima maqsadda kelding, ey Umayr!

— Qo‘lingdagi asir o‘g‘lim uchun kelgan edim.

— Nega bo‘yningga qilich taqib kelding?

— Alloh barcha qilichlarga qirg‘in keltirsin! Bizga foydasi bormikin?..

— Menga to‘g‘risini ayt, ey Umayr. Nega kelding?

— Nega kelganimni aytdim-ku.

— Yuq! Sen bilan Safvon ibn Umayya ikkalang bir tosh ustiga o‘tirib, Qurayshdan Badrda o‘lgan kishilarni esladinglar. Sen: «Qarzim va oilam bo‘lmasa edi, borib Muhammadni o‘ldirardim», deding. Safvon esa meni o‘ldirishing evaziga barcha qarzlaringni va oilang tirikchiligini o‘z zimmasiga oldi. Holbuki, Alloh sen qilmoqchi bo‘lgan ish oldiga to‘siq qo‘yadi.

Shunda Umayr shahodat kalimasini aytdi: «Shahodat beraman, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Yana shahodat beraman, sen Uning Payg‘ambarisan…

Bu faqatgina men bilan Safvonning o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gap edi. Allohga qasam, buning xabarini senga faqatgina Alloh yetkazgan. Meni ham Islomga yetishtirgan Allohga shukrlar bulsin…»

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalarga:

— Birodaringizga dinni yaxshilab o‘rgating. Qur’on o‘qiting, asir o‘g‘lini ozod eting, — deb buyurdilar.

* * *

Shunday qilib, Umayr ibn Vahb musulmon buldi. Bu voqeadan keyin Umar ibn Xattob bunday dedi: «Allohga qasamki, bizning yonimizga kelguniga qadar hatto to‘ng‘iz Umayrdan ko‘ra men uchun sevimliroq edi. Bugun esa uni hatto ba’zi bolalarimdan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman».

* * *

Umayr Islomning sabr-toqatda kengligini va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyuklilarini o‘ylab o‘tirardi. Islomga tuzoq qo‘yib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan sahobalarga qarshi jang qilib, Makkada behuda o‘tgan kunlarini esladi. Badrda boshiga tushgan baloni, qanday urushganlarini xotirladi. Bugun esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldirish niyatida qilich ko‘tarib kelgan edi. Bularning barini: «Allohdan o‘zga iloh yuq. Muhammad Allohning Rasulidir» kalimasi bir zumda yo‘qqa chiqardi.

O‘tmishdagi barcha xatolarini Islom bir lahzada shunday o‘chirib tashlaydimi? Musulmonlar avvalgi zulmini va dushmanligini bir lahzada unutib, unga quchoq ochadilarmi? Yashirincha yomonlik qilish va razil niyat bilan olib kelgan qilichi ko‘z oldilarida yaltirab tursa ham, barcha ishlari unutiladimi? Shu damda Umayrning musulmonligidan boshqa hech narsa esga olinmaydimi? U hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalomning sahobalaridan biriga aylandimi? Do‘stlariga do‘st, dushmanlariga dushman bo‘ldimi? Ikki daqiqa avval o‘limini xohlagan shu Umar ibn Xattobga hozir bolalaridan ham sevimliroq kishiga aylandimi?

Umayr musulmon bo‘lgach, Islom haqiqatdan ham buyuk din ekanini angladi.

Bir ozdan keyin Umayr bu dinning o‘z gardaniga yuklagan vazifasini tushunib yetdi. Qancha jang qilgan bo‘lsa, shuncha xizmat etishi; Islomga qarshi tashviqot olib borganichalik unga da’vat qilishi; Alloh va Uning Rasuli sevgan barcha go‘zal fazilatlarga ega bo‘lishi lozimligini angladi. Shunday kunlarning birida Allohning Rasuliga bunday dedi: «Yo Rasululloh! Men Allohning nurini sindirishga kirishgan, Alloh taoloning diniga e’tiqod qilgan kishilarga ko‘p ozor bergan bir kimsa edim. Endi menga ruxsat berishingizni so‘rayman. Men Makkaga borib, odamlarni Alloh va Uning Rasuliga, Islomga da’vat qilishni istayman. Balki, ularga Allohning hidoyati nasib etar…

O‘sha kunlari Safvon ibn Umayya Makka ko‘chalarida kibr bilan yurar, turli yig‘ilishlarda o‘z xursandchiligini oshkor etar edi.

Qavm-qarindoshlar otasining suyaklari hali Badr quduqlarida sovimay turib, Safvonning sevinish sababini so‘raganlarida, g‘urur bilan qo‘llarini qovushtirib: «Bir necha kundan keyin xabari keladigan va sizlarga Badr voqeasini unuttiradigan bir voqeaga sevininglar!» der edi.

Har tong Makkadan tashqariga chiqib, karvonlardan: «Madinada biror yangilik sodir bo‘lmadimi?» deb so‘rardi. Ulardan o‘ziga ma’qul javobni olmas edi. Hech kim Madinada favqulodda bir voqea ko‘rgan yo eshitganini so‘zlamas edi.

Safvon umidsizlikka tushmadi. Karvonlardan surishtirishni davom etaverdi. Nihoyat, kunlarning birida bir guruhga duch keldi va «Madinada yangi voqea yuz bermadimi?» deb so‘radi. Yo‘lovchi: «Ha, buyuk bir voqea sodir bo‘ldi» , deb javob berdi.

Sevinchdan Safvonning yuzi yorishib, go‘yo butun olam unikiday tuyulib ketdi. Shoshilib, nafasi tiqilib, o‘sha odamdan qayta so‘radi: «Nima buldi? Tezroq gapir». Notanish odam: «Umayr ibn Vahb musulmon bo‘ldi», deb javob berdi..

Safvonning dardu dunyosi birdan qorong‘ulashdi. Qavmiga xushxabar keltiradi, Badr jangini unuttiradi, deb kutgan voqeasi o‘rniga chaqmoq chaqqandek kelgan ushbu xabar uni tamomila gangitib qo‘ydi…

* * *

Madinadan yulga chiqqan Umayr Makkaga yetib keldi. Uni birinchi bo‘lib Safvon qarshi oldi. Safvon unga tashlanishga tayyor edi. Biroq Umayrning qo‘lidagi qilichni ko‘rib, haqorat so‘zlari aytdi, xolos.

Umayr ibn Vahb qisqa muddat ichida Makkaga musulmon bo‘lib qaytgan edi. U Umar ibn Xattobdek haybat bilan kelib, bunday dedi: «Allohga qasam, kofirlikni himoya qilgan yerimda Islomga da’vat etaman».

Umayr bu so‘zlarni o‘z harakati uchun shior qilib oldi. Shu paytgacha o‘zi qarshi kurashgan dinga hayotini bag‘ishlashga qaror berdi.

Shu zaylda vaqtdan unumli foydalanib, kechayu kunduz, ochiq-oydin Islomni tashviq etdi. Qalbidagi iymon nuri unga ishonch, kuch-quvvat bag‘ishlardi.

Bir necha hafta ichida Umayr ibn Vahb sababli hidoyat topgan, Islomni qabul qilganlar soni o‘zi taxmin qilganidan ham oshib ketdi. Umayr mamnun bulib Madinaga yul oldi.

Bepoyon cho‘l bu insondan hayratlangan bo‘lsa, ajab emas. Bir necha kun avval Madinaga Payg‘ambarni o‘ldirishdek gunohni ko‘zlagan holda qilich ko‘tarib o‘tgan edi. Keyin esa Madinadan qaytishda cho‘lni o‘zgacha bir qiyofada, sevinib, tuyasining ustida Kur’on o‘qigan holda kechib utdi. Endi esa yana o‘sha kishi cho‘lni uchinchi marotaba bosib o‘tyapti. Yo‘l bo‘yi: «La ilaha illalloh» deb tahlil hamda takbir aytmoqda.

Makka fath etilgan kuni Umayr do‘sti va yaqini Safvon ibn Umayyani unutmadi. Uning yoniga borib, dinni qaytadan tushuntirib, Islomga da’vat etmoqchi buldi. Biroq Safvon Jiddadagi yashash joyidan safarga hozirlanayotgan, u yerdan kemaga o‘tirib, Yamanga qochishni rejalashtirayotgan edi.

Safvonning ahvolini ko‘rgach, Umayrning yuragi poralandi. Imkon qadar uni qutqarishga bel bog‘ladi. Tezda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga kelib, bunday dedi:

— Ey Allohning Rasuli! Bilasiz, Safvon ibn Umayya qavmining boshliqlaridan biri. Sizdan qochib jon saqlash uchun dengizga yo‘l olyapti. Allohning saloti Sizga bulsin, unga omonlik bering.

Payg‘ambarimiz alayhissalom :

— Unga omonlik berdim, — dedilar.

— Ey Allohning Rasuli! Omonlik e’lon qilganingizni bildiruvchi bir belgi bering, — degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga Makkaga kirishda boshlariga o‘ragan yopinchiqlarini berdilar.

Voqeaning nihoyasini Urva ibn Zubayr bunday bayon qiladi:

«Umayr qo‘lida muborak yopinchiq bilan Safvon kemaga chiqayotganida unga yetib oldi va:

— Ey Safvon, ota-onam haqqi, Allohdan qo‘rq, Allohdan! Joningni nima uchun xatarga qo‘yyapsan? Bu Rasulullohdan omonlik belgisi.

Uni senga olib keldim,—dedi.

Safvon esa:

— Ming la’nat senga! Yonimga yaqinlasha ko‘rma, men bilan so‘zlashma, — dedi.

— Ey Safvon… Ota- onam haqqi, Rasululloh insonlarning eng fazilatlisi, eng ko‘p yaxshilik qilgani, eng halim tabiatlisi va eng xayrlisidir. Uning izzati sening ham izzating, uning sharafi sening ham sharafingdir.

— Jonimdan tashvishdaman.

— Qo‘rqma, u Zot alayhissalom juda rahmdil va shafqatlidirlar.

Safvon ortga qaytdi. Rasulullohning huzurlariga borib: «Bu sening menga omonlik berganingni bildiradimi?»deb suradi. Rasululloh tasdiqladilar.

Safvon:«Menga musulmonlikni qabul qilish yoki qilmaslikni o‘ylab ko‘rish uchun ikki oy muddat ber», dedi.

Rasululloh unga:«To‘rt oy erkinsan», dedilar.

Safvon bu muddat bitmay turiboq musulmon buldi. Uning Islomni qabul qilishi Umayrga behad quvonch bag‘ishladi.

* * *

Umayr ibn Vahbning xayrli ishlari Allohning inoyati bilan insoniyatni qorong‘ulikdan nurga olib chiqqan buyuk Payg‘ambarimiz alayhissalom yo‘liga to‘la-to‘kis muvofiq edi.

Gulsara Soatxonova tarjimasi | Siyrat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.