background
logotype
image1 image2 image3

Salmo binti Qays

Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga tashriflari bilan ansorlar sharafga erishdi. Bu ulug‘ zotlar Payg‘ambarimizni (alayhissalom) mehmon qilish uchun o‘zaro musobaqalashardilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ansorlar va ularning uyini maqtab bunday dedilar: “Ansor xonadonining eng yaxshisi Banu Najjor, so‘ng Banu Abdulashhal, Banu Xoris va BanuXazraj, so‘ng Banu Soidadir. Ansorlarning har bir xonadonida xayr bordir”.

To‘liq ismi: Salmo binti Qays ibn Amr ibn Ubayda ibn Molik ibn Adi ibn Omir ibn G‘anam ibn Adi ibn Najjor. Kunyasi: Ummu Munzir.

Taniqli sahobiya Salmo (roziyallohu anho) Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) otalari tarafidan xola bo‘ladi.

Salmo binti Qays (roziyallohu anho) uyidagi yangi pishgan va quritilgan xurmolari bilan madinaliklarni mehmon qilishi tufayli shuhrat qozongan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham uning uyiga tez-tez kelib, uning taomlarini barakali va foydali, deb maqtardilar. Salmo (roziyallohu anho) aytadi: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menikiga Ali (roziyallohu anhu) bilan keldilar. U betob edi. So‘rida uzumim bo‘lib, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) va Ali (roziyallohu anhu) undan yeya boshlashdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):"Ey Ali, bo‘ldi qil. Senga mumkin emas", dedilar. Ali (roziyallohu anhu) qaytib, joyiga o‘tirdi. Men qandlavlagi va arpani pishirib, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) oldilariga qo‘ydim. U zot (alayhissalom) Aliga (roziyallohu anhu): "Mana bundan yegin, senga foydali", dedilar (Imom Termiziy).

Shuningdek, Ummu Munzir (roziyallohu anho) juma kuni qand lavlagi va arpadan taom tayyorlab, sahobalarni mehmon qilardi. Sahl (roziyallohu anhu) aytadi: "Juma namozidan so‘ng uning uyiga borib, salom berardik. U oldimizga ovqat qo‘yardi". Ovqatida yog‘ bo‘lmasa ham, juma kuni bo‘lgani uchun quvonardik".

Po‘latxon Kattayev, Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.