background
logotype
image1 image2 image3

Qatoda ibn No‘mon

Qatoda ibn No‘mon ibn Zayd Ansoriy Avsiy madinalik ulug‘ ansorlardan, ikkinchi Aqaba bay’ati ishtirokchisi. Mashhur sahoba Abu Said Xudriy bilan ona bir aka-uka. Hadis kitoblari va tarixiy manbalarda uning “Abu Amr”, “Abu Umar” va “Abu Abdulloh” degan kunyalari bo‘lgani, hijratdan 42 yil oldin tug‘ilgani qayd etiladi. Otasi No‘mon ibn Zayd Avsiyning musulmon bo‘lgani haqida ma’lumotlar uchramaydi. Ammo onasi Anisa bint Qays Najjoriya (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga Aqaba kuni ahd bergan.

Qatoda ibn No‘mon (roziyallohu anhu) ilk musulmon bo‘lgan ansoriylardan edi. U islomni qabul qilib, musulmonlar orasida yuksak obro‘ qozongan. U Madinaga Qur’oni karimning Maryam surasini to‘liq yodlab olib kelgan birinchi kishidir. Shuningdek, u Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) davrlarida Madinaga amirlik qilgan sahobalardan biridir.

Qatoda (roziyallohu anhu) Madinada munofiqlarni yaxshi ajratar, bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)­ga ham ko‘p murojaat qilar edi.

U Badr, Uhud va saodat asrida bo‘lib o‘tgan barcha voqealarda ishtirok etgan. Manbalarda yozilishicha, bir jangda yaralanib, ko‘zlari osilib qoladi. Bu xabarni eshitgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uni chaqiradilar va ko‘zini joyiga qo‘yib, duo qiladilar. Shundan so‘ng ko‘zi tuzalib, avvalgidan ham o‘tkir bo‘ladi.

Hadis to‘plamlarida Qatoda ibn No‘mon bilan bog‘liq ushbu hadis ko‘p tilga olinadi: Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Osmon junbushga keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xufton namoziga chiqdilar. Shu payt chaqmoq chaqdi va (uning yorug‘ida) Qatoda ibn No‘monni ko‘rdilar. Unga qarab: “Qatoda, senmisan?” deb so‘radilar. “Ha, menman yo Rasululloh”, deb javob berdi Qatoda. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Namoz o‘qib bo‘lgach, oldimga kel”, dedilar. Qatoda bordi. U zot unga bir xurmo shoxini berdilar. Hazrat Qatoda kechalari biron joyga borsa, o‘sha xurmo shoxini olib yurar, u atrofga nur sochib, sohibining yo‘lini yoritib borardi».

Qatoda ibn No‘‘­mon rivoyat qilgan hadis­larning aniq soni ma’lum emas. U zotdan Abu Said Xudriy, Umar ibn Qatoda va Mahmud ibn Labid kabilar hadis rivoyat qilishgan.

Manbalarda hazrat Qatodaning Umar ismli o‘g‘li otasidan bir nechta hadislar rivoyat qilgani qayd etilgan. Umar ibn Qatoda xalifa Umar ibn Abdulaziz davrida Madina elchilari safida Bag‘dodga kelgani haqida ham ma’lumotlar bor.

Qatoda ibn No‘mon (roziyallohu anhu) 23/643 yili Madina shahrida 65 yoshida vafot etdi. Uning janozasini hazrat Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) o‘qib, qabrga ham o‘zlari qo‘ygan.

Salohiddin Siddiqov tayyorladi | Hidoyat.uz

Qatoda ibn No‘mon Avs qabilasining Banu Zufr urug‘idan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ikkinchi Aqobada bay’at bergan yetmish ansoriyning biri. O‘shanda barchalari Nabiy alayhissalomga yordam berish, u zotni o‘z ahllarini asragandek himoya qilishga ont ichishdi. Shunday bo‘ldi ham. Barchalari va’dalariga sodiq qolishdi. Ularga Allohning rahmati yog‘ilsin.

Imom Voqidiy, Muso ibn Aqba, Abu Mash’ar ibn Balxiy rivoyatlari Qatodaning ikkinchi aqobada qatnashganini tasdiqlaydi. Faqat Ibn Ishoqning rivoyati bundan mustasno. Qatoda ibn No‘mon Abu Said Xudriy roziyallohu anhuning ona bir ukasidir. Onalari Anisa binti Qays Najjoriya Xazrajiya.

Qatoda ibn No‘mon Islomni ilk qabul qilgan hamda Madinada Qur’oni karimning Maryam surasini to‘liq yod olgan birinchi ansoriydir. Sahoba Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Uhudda yelkama-elka turib kurashdi. Mushriklar tazyiqlarini kuchaytirib, Nabiy alayhissalomni o‘ldirish payiga tushishdi. Jang jiddiy tus oldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilarida oz sonli sahobalar qoldi. Qatoda o‘sha ozchilikning biri edi.

Nabiy alayhissalom Qatodaga kamon berdilar. U Payg‘ambarimiz alayhissalom oldilarida turib mushriklarni o‘qqa tuta boshladi. Bir payt o‘qlar tugadi. Qarasa, Nabiy alayhissalomni himoya qilish uchun hech nima qolmabdi. Nima qilishini bilmay, oxiri u zot alayhissalomni himoya qilish uchun ko‘ksini qalqon qildi. Shu vaqt daydi o‘q tegib, uning ko‘zi oqib tushdi. Sahobalar ko‘zini uzib tashlashga ishora qilishdi. Lekin u bunday qilmadi. Kaftida ko‘zini ko‘targancha Nabiy alayhissalomning huzurlariga keldi. Payg‘ambar alayhissalom Qatodani ko‘rib yig‘lab yubordilar. So‘ng Rabbilariga: “Yo Alloh, uning ko‘zini o‘tkir qilgin”, deya duo qildilar. Alloh taolo Nabiysining iltijosini ijobat qildi.

Haysam ibn Adiy otasidan qilgan rivoyatda bunday deyiladi: «Uhud kuni Qatoda ibn No‘monning ko‘zi oqib tushdi. Uni qo‘lida ko‘targancha Nabiy alayhissalom huzurlariga keldi. U zot alayhissalom: “Qatoda bu nima?” deb so‘radilar. “Yo Rasululloh, ko‘rib turganingizdek”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Agar sabr qilsang, senga jannat nasib etadi. Lekin istasang, uni joyiga qo‘yib, Alloh taologa duo qilaman, avvalgidan yaxshiroq ko‘radi”, dedilar. Qatoda: “Allohga qasamki, yo Rasululloh, jannat oliy mukofot, bebaho in’om. Lekin ayollarni yoqtiraman. Keyin meni g‘ilay deb, xohlashmaydi. Siz yaxshisi, ko‘zimni o‘rniga qaytarib, Alloh taolodan jannatni ham so‘rab bersangiz”, dedi. Shundan so‘ng Payg‘ambar alayhissalom: “Shunday qilaman, ey Qatoda”, deb rozilik bildirdilar.

Qishning qahraton kechalaridan biri. Bunday paytlarda masjidda namozxonlar ozayib qolardi. Mana shu kuni Qatoda Nabiy alayhissalomni har kungidan ko‘proq ko‘rgisi keldi. Keyin o‘ziga-o‘zi: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga borsam, birga namoz o‘qirdim. Bir yo‘la o‘zlarini ham ko‘rib, ko‘nglim xotirjam tortardi”, deb xufton namoziga oshiqdi.

Masjid eshigi ochilganda, chaqmoq chaqib, yorug‘ida Qatoda ko‘rindi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Qatoda senmisan, shu havoda keldingmi? Namozdan so‘ng yonimga kel”, dedilar. Qatoda kelganida u zot alayhissalom unga xurmo shoxini berdilar va: “Uni o‘zing bilan olib yursang, (o‘n qadam oldingdan, o‘n qadam orqangdan) yoritadi”, dedilar. So‘ng: “Uyingga kirganingda burchakda qora narsani ko‘rasan. Biron so‘z aytishdan oldin uni mana shu shoxcha bilan ur. O‘sha shayton bo‘ladi”, dedilar. Qatoda aytadi: “Uyga kelganimda Nabiy alayhissalom aytganlaridek qora narsani ko‘rdim. Shoxcha bilan urgandim, uyimdan chiqib ketdi”.

Qatodaning Rifoa ibn Zayd ismli amakisi bo‘lardi. Shuningdek, qabilasida Banu Ubayriqlar: Bishr, Bushayr va Mubashshirlar bor edi. Ulardan Bushayr munofiq she’r aytib sahobalarni mazax qilardi. Keyin ayrim arablarga tarqatib yuborardi. Ular falonchi bunday, bunday dedi, deb aytib yurishardi. Keyin she’rlari sahobalarga yetib kelganda, arablar: “Biz hech nima demadik, buni anavi Ibn Ubayriq aytdi”, derdilar.

Bir kuni Bushayr ibn Ubayriq Rifoaning idishini teshib, undagi yegulikni, shuningdek, sovut va qilichini ham o‘g‘irlab oldi. Tongda Rifoa ibn Zayd narsalarini topolmagach, jiyani Qatodani xabardor qildi. So‘ng ikkalasi o‘g‘rini izlashdi. Oxiri topishdi: o‘g‘ri Ibn Ubayriq ekan. Rifoa jiyaniga: “Nabiy alayhissalomga aytsang, qanday bo‘larkin?” deb maslahat soldi. Qatoda: “Yo Rasululloh, oila a’zolarimizdan bizga jafo yetdi. Amakim Rifoa ibn Zaydning uyidan yegulik va qurollarni ham olishdi. Bizga qurolimizni berishsin, yegulikni qaytarishmasa ham mayli”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Xo‘p, buyuraman”, dedilar.

Bani ubayriqlik munofiqlar va ularga yordam qiluvchilar osonlikcha qo‘lga tushishni istashmadi. Usayr ibn Amrni Payg‘ambar alayhissalom bilan gaplashib kelish uchun yuborishdi. Odamlar to‘planib: “Yo Rasululloh, Qatoda ibn No‘mon va uning amakisi Islom ahliga tuhmat qilmoqda. Hech bir dalil va hujjatsiz ularni o‘g‘irlikda ayblashmoqda”, deyishdi. Nabiy alayhissalom ham oddiy inson, faqat Rabbilari bildirgan narsanigina biladilar.

Qatoda ibn No‘mon kelganida Nabiy alayhissalom unga odamlarni hujjat va dalilsiz ayblab bo‘lmasligini tushuntirdilar. Qatoda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ranjib qolishlaridan qattiq qo‘rqdi. Keyin o‘ziga-o‘zi: “Qaniydi, Nabiy alayhissalomga bu haqda gapirmagan bo‘lsam”, deya qattiq pushaymon bo‘ldi.

Shu orada amakisi kelib, Qatodadan: “Nima bo‘ldi?” deb so‘radi. Jiyani Nabiy alayhissalomning gaplarini unga yetkazdi. Shunda Rifoa: «Endi Allohning nabiysi Yoqub alayhissalom kabi: “Bas, (mening burchim) chiroyli sabrdir. Sizlar tavsiflayotgan narsaga (sabr qilishga) Alloh (menga) madadkordir” (Yusuf surasi, 18-oyat), deb aytamiz, xolos», dedi.

Shundan so‘ng Alloh taolo Niso surasining 105–106-oyatlarini nozil qildi: “Albatta, Biz sizga ushbu Kitob (Qur’on)ni odamlar orasida Alloh ko‘rsatgan yo‘l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Xiyonatchilarga esa, himoyachi bo‘lmang! Yana, Allohdan kechirim so‘rang. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir”.

Nabiy alayhissalom Qatodani chaqirib ushbu oyatlarni o‘qib berdilar. Qurollarni esa amakisi Rifoaga qaytarib berishi uchun unga topshirdilar. Qatoda juda xursand edi. U qurol-aslahani qaytarib olgani uchun emas, balki Alloh taoloning O‘zi uni qo‘llab-quvvatlaganidan suyungandi. Qatoda keksa amakisi Rifoaga qurollarini olib kelib berganida: “Ey jiyanim, bular Alloh yo‘liga”, dedi.

* * *

Makka fathi kuni Qatoda ibn No‘mon roziyallohu anhu Banu Zufr qabilasining bayrog‘ini ko‘tardi. Umar ibn Xattob Shomga yuborgan elchilarining old safida Qatoda ham bor edi.

Qatoda roziyallohu anhu hijratning yigirma uchinchi yili 65 yoshida Madinai munavvarada vafot etdi. Janozasini Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘qidi. No‘mon ibn Qatodadan Abdulloh, Ummi Amr, Amr, Hafsa ismli zurriyotlar qoldi.

Ismoil Nuriymon tayyorladi | “Hidoyat” jurnali


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.