background
logotype
image1 image2 image3

Abbod ibn Bishr

Abbod ibn Bishr Ansoriy (roziyallohu anhu) Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ga doimo yordam qo‘lini cho‘zib, u zotning e’tiroflariga sazovor bo‘lgan Banu Abdul Ashhal qabilasida tavallud topdi.

U yoshligidan odobli, bosiq, muloyim bo‘lgan. Bu ezgu sifatlar yillar o‘tishi bilan uning xulqi, yurish-turishi, muomalasida o‘z aksini topdi. Endigina yigirma yoshdan xatlab o‘tgan bu navqiron yigitning yuz-ko‘zlari va so‘zlarida kattalarga xos bosiqlik va mushohada bor edi.

U makkalik Mus’ab ibn Umar (roziyallohu anhu)ning majlisida ishtirok etib, u bilan o‘zaro do‘stlik rishtalarini bog‘ladi. Mus’ab ibn Umar Allohning kalomini tartil bilan dona-dona tilovat qilar, buni eshitgan Abbod ibn Bishr beixtiyor unga mahliyo bo‘lib qolardi. Oradan ko‘p o‘tmay, ilohiy kalomga muhabbati hamda makkalik do‘stining so‘zlaridan ta’sirlanib, musulmon bo‘ldi. Abbod ibn Bishr Islomni qabul qilganda, hali yigirma besh yoshga ham to‘lmagan, bilagi kuchga to‘la, navqiron yigit edi. Shunday qilib, u birinchilardan bo‘lib islomga kirgan yosh ansoriy sifatida tarix zarvaraqlarida qoldi.

U musulmon bo‘lgach, ko‘p vaqtini Qur’on tilovati bilan o‘tkaza boshladi. Yursa ham, tursa ham, har qanday holatda imkon bo‘ldi deguncha Allohning kalomini o‘qirdi.

Oysha (roziyallohu anho)ning masjidga qo‘shni hujralarida Payg‘ambarimiz (alayhissalom) tahajjud namozini o‘qish uchun turdilar. Shu mahal Abbod ibn Bishrning Qur’on o‘qiyotgani quloqlariga chalindi. U Allohning kalomini Jabroil (alayhissalom) o‘qib berganidek maftunkor ovozda qiroat qilardi. “Ey Oysha, bu Abbod ibn Bishrning ovozimi?” deb so‘radilar Sarvari koinot. “Ha, yo Rasululloh”, degan tasdiqni eshitgach, “Yo Alloh, uning gunohlarini mag‘firat qilgin”, dedilar.

Abbod ibn Bishr taqvodorligi, halolligi, omonatdorligi va doimo Qur’oni karimni tilovat qilishi bilan ajralib turardi.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Usayd ibn Huzayr bilan Abbod ibn Bishr qop-qorong‘i kechada Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlarida edilar. Gaplashib bo‘lganlaridan keyin chiqib ketishdi. Shunda birlarining tayoqlari charaqlab yo‘lni yoritdi. Ular uning yorug‘ida manzillari tomon yurishdi. Bir-birlaridan ajralgan vaqtlarida, har birlarining tayog‘idan nur chiqib atrofni yoritdi. Shunda har birlari o‘z tayog‘idagi yog‘du bilan atrofni yoritib uylariga ketishdi».

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ashoblari bilan Zotur riqo’ g‘azotidan qaytayotganlarida sahroda tunash uchun to‘xtadilar. U zot ikki kishini musulmonlarni qo‘riqlab turishga poyloqchi qilib qo‘ydilar. Ular – Abbod ibn Bishr va Ammor ibn Yosir edi. U zot Madinadalik paytlarida bu sahobiylarni o‘zaro yaqin do‘st tutintirib qo‘ygandilar. Shunday qilib, bu ikki dovyurak sahobiy tun bo‘yi navbatma-navbat musulmonlarni qo‘riqlashga kirishishdi. Tunning birinchi yarmida Ammor ibn Yosir dam olib, Abbod ibn Bishr qo‘riqchilikka turdi. Tun sukunatida ibodatga ishtiyoqi oshgan Abbod namoz o‘qishga kirishdi. U ibodatga qoim paytida, musulmonlardan o‘ch olish maqsadida ularning ortidan kelayotgan bir mushrik uni kamon o‘qi bilan yaraladi. U o‘qni sug‘urib tashlab, namozida davom etdi. Ana shu tarzda unga ketma-ket uchta o‘q tegdi. Shunda ham u namozini buzmadi. Salom berib, namozini tugatgach, sherigini uyg‘otdi. Shunda u: «Subhanalloh! Meni uyg‘otsang bo‘lmasmidi?!» degan edi, u: «Bir surani o‘qib turgan edim, uni bo‘lgim kelmadi», deb javob berdi.

Abbod ibn Bishr mana shunday sabrli va dovyurak edi. U so‘nggi nafasigacha dushmanlarga qarshi kurashdi, jasorat ko‘rsatdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etib, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) xalifa etib saylanganlaridan so‘ng, turli fitnalar avj oldi. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) Musaylama kazzob va murtadlarning fitnalariga chek qo‘yish uchun lashkar tayyorladi. Abbod ibn Bishr qo‘shinning ilk safidan joy oldi. Dastlab musulmonlarning omadi chopmay, ular o‘rtasida tarqoqlik seziladi. Shunda Abbod ibn Bishr ansorlarni tarqalmaslikka, birlashishga chaqiradi.

Bir kun oldin Abbod ibn Bishr tushida osmon ochilganini, u kirgach esa, yana yopilganini ko‘radi. Tong otishi bilan Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)ning huzuriga kelib, ko‘rgan tushini bayon qiladi va ushbu ma’raka maydonida halok bo‘lishini aytadi.

Tong yorishib, kun ko‘tarilgach, mushrik­lar bilan murosasiz jang boshlanadi. Har doimgidek Abbod ibn Bishr bor kuch-g‘ayrati bilan jangga kirishadi. Afsus, juda ko‘p joyidan jarohat oladi, jang maydonida mardlarcha jon berdi.

Manbalar asosida Ilhom Ma’rupov tayyorladi | Hidoyat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.