background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning yetim qolishlari

RASULULLOHNING OMINA VAFOTIDAN KEYIN ABDULMUTTALIBNING QO'LIDA, U KISHINING VAFOTIDAN KEYIN ESA ABUTOLIBNING ILKIDA QOLISHLARI

Onasi o'g'lini Halimadan qaytarib olgach, Adi ibn najjor avlodiga mansub erining tog'alarini yo'qlab Madinaga yo'l oldi. Ziyoratdan qaytib kelayotganda Makka

bilan Madina oralig'idagi Abvo degan kentda to'satdan vafot etdi. Rasulullohni buvalari Abdulmuttalib o'z tarbiyasiga oldi, Ummu Ayman parvarish qildi. Abdulmuttalib nevarasini haddan tashqari yaxshi ko'rar, uning istiqboliga, kelajakda ulug odam bo'lishiga umid boglagani uchun yer-ko'kka ishonmas edi. Payg'ambar alayhis-salom sakkiz yoshga kirganlarida buvalari olamdan o'tdi. Yetim bolani amakilari Abutolib o'z qaramog'iga oldi va chinakam otalik mehri bilan suyub, homiylik qildi. U qo'l uchida kun kechiradigan kambag'al odam edi. Shundan keyin Olloh u kishining arzimas mol-dunyosiga baraka berdi. Amakilarining qaramog'ida yurgan paytlarida payg'ambar alayhis-salom sabr-qanoati, odatda yosh bolalar berilib o'ynaydigan ma'nosiz o'yinlarga rag'bati yo'qligi bilan alohida ajralib turardilar. Enagalari Ummu Aymanning rivoyat qilishicha, ovqat mahali boshqa bolalar talashib-tortishib yeyishsa ham, rasululloh odob saqlar, tekkan ulushiga qanoat qilar ekanlar.

RASULULLOHNING SHOMGA QILGAN ILK SAFARLARI

Payg'ambar alayhis-salom o'n ikki yoshga kirganlarida amakilari Shomga safarga otlandi. Eng yaqin kishisidan ayrilish rasulullohga qattiq ta'sir qilib, ma'yuslanib qolgandilar. Bundan yuragi ezilgan Abutolib bolani birga olib ketishga jazm etdi. Ular Shomda uzoq turishmadi. Orqaga qaytishayotganda Suriya bilan Arabiston sarhadiga joylashgan Busro kentiga qo'nib, yahudiylarnyng ulamolaridan biri rohib Bahoyro bilan uchrashishdi. Bahoyro yahudiylarning muqaddas kitobida zikr etilgan, shu zamonda arablar orasidan chiqadigan payg'ambar haqida so'rab-surishtirdi. Karvondagilar bir ovozdan hali unday zot dunyoga kelmaganini aytishdi. Yahudiy va nasorolar Muhammad alayhis-salomning dunyoga kelishlarini, arablardan payg'ambar yetishib chiqishi mumkinligini jon-jahdlari bilan rad etishardi. "Ular avval e'tirof qilgan payg'ambar dunyoga kelganda uni inkor etishdi. Olloh kofirlarni rahmatidan darig' tutadi" (Baqara surasidan).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.