background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning payg’ambar bo’lishdan avvalgi tirikchiliklari

Muhammad alayhis-salomga otalaridan hech narsa meros qolmadi, u kishi kambag'al oilada, yetim bulib dunyoga keldilar, banu sa'd qabilasida emizilib, emukdosh birodarlari bilan podachilik qildilar. Makkaga qaytib kelgach, arzimagan ish haqiga odamlarning qo'yini boqdilar. Payg'ambar alayhis-salom dunyoga, dunyoviy mashg'ulotlarga ruju qo'ymadilar. Agar u kishi dunyoviy ishlarga berilib, boylik ketidan quvsalar abadiy baxt-saodatdan bebahra qolardilar. Shu bois Olloh taolo dunyoga berilmaslikka va undan yiroq turishga da'vat etadi. Oldin o'tgan payg'ambarlar o'z hayotlarida bu o'gitga qat'iy amal qilganlari hammaga ayon. Iso payg'ambar dunyo haqida o'ylab ham ko'rmaganlar, Muso va Ibrohim payg'ambarlar ham shunday yo'l tutishgan, ular ham bolaligida og'ir qiyinchiliklarga duch kelishgan, hayot mashaqqatlarini sabrlik bilan yengishgan. Olloh o'z payg'ambarlarining xulq-atvori tufayli odamlarga hayot ne'matlariga o'zini urmaslik, boylikka ortiqcha xirs qo'ymaslikni ta'lim beradi. Ma'lumki, yer yuzida hamma baloi qazo boylikka o'chlikdan, dunyoga keragidan ortiqcha berilishdan kelib chiqadi. Imom Buxoriyning "Sahihul Buxoriy" kitobidagi bir hadisda bayon etilishicha, payg'ambarlarning hammalari podachilik qilishgan. Bu narsada ham ajoyib hikmat bor. Jonivorlarning yuvoshi bo'lmish qo'yni boqqan insonning dilida muloyimlik, mehribonlik kurtak otadi. Payg'ambarlar odamlarni to'g'ri yo'lga da'vat etganlarida ularning tabiatidagi charslik, qalbidagi beqarorlik tuzalib, mo'tadil holga keladi.

Muhammad alayhis-salom ulg'aygach, Soib ibn Abu Soib bilan birga tijorat qildilar. Xadichaga uylanganlaridan keyin ham u kishi o'z mehnatlari bilan pul topib, kun kechirdilar. Olloh Qur'oni Karimdagi Zuho surasining 6-8-oyatlarida rasulullohdan darig' tutmagan ne'matlarini shunday zikr etadi: (Robbing) yetim deb senga panoh bermay qo'ydimi, adashgan deb to'g'ri yo'lga solmadimi, faqir deb boy qilmadimi?" Shuningdek, Sho'ro surasining 52-oyatida: "Boshqa payg'ambarlarga vahiy qilgandek, senga ham amrimizga binoan Jabroilni yubordik. Sen aslida Qur'on va imon nimaligini bilmasding. Qur'onni shunday nur qildimki, shu orqali istagan bandamni hidoyatga muyassar etaman", deydi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.