Qiblaning o’zgartirilishi
Payg'ambar alayhis-salom Madinada turgan o'n olti oy mobaynida Ka'bani qibla qilishni istasalar-da, Baytulmuqaddasga qarab namoz o'qidilar. Namozlarida musulmonlarning qiblasini o'zgartirishni o'tinib, duo qilardilar. Bir kuni namoz o'qiyotganlarida parvardigordan hozirdan e'tiboran musulmonlar uchun qibla Ka'baga o'zgartirilgani haqida vahiy keldi. Rasululloh ibodatlarini buzmagan holda xonai Ka'ba tomonga o'girildilar, orqada namoz o'qiyotganlar ham u kishiga ergashishdi. Amrim imoni sust kimsalar shu voqea tufayli dindan qaytib, murtad bo'lib ketdi. Kutilmaganda qiblaning o'zgartirilishi yahudiylarning islom diniga tosh otishlariga bahona bo'ldi. Vaholanki, mag'ribu mashriq Ollohning ixtiyoridagi mulk. Kimni qayoqqa yuzlantirish, kimni to'g'ri yo'lga boshlash uning izmidadir.
RAMAZON RO'ZASINING FARZ QILINISHI
Shu yili parvardigor musulmonlarga ramazon oyida o'ttiz kun ro'za tutishni farz qildi. Bungacha rasululloh har oyda uch kun ro'za tutardilar. Ro'za islom dinining asoslaridan biri bo'lib u inson tabiati va shaxsiyatini kamolga yetkazadigan amaldir. Inson tabiati barobarida ijtimoiy tuzum ham o'zgarishi tabiiy bir hol. Ma'lumki, inson avvalo o'z huzur-halovatini, shaxsiy manfaatini ko'zlaydi, ojizu notavonlar uchun saratonda qo'lini sovuq suvga urmaydi. Olloh taolo ro'zani farz qilishining hikmati shundaki, inson ochlik tufayli noz-ne'matlarning, suvning qadrini his etadi va shu asnoda qalbi yumshab, fa'l-atvorini o'zgartiradi, yo'qsil, bechoralarga muruvvat ko'rsatib, sadaqa, ehsonlar berishga odatlanadi. Xudo yo'lida ehson berish insonni juda ko'p ofatu kulfatlardan asrab qoladi.
FITR SADAQASI
Olloh taolo ramazon ro'zasining pirovardida fitr sadaqasini vojib qildi. Bu mol-dunyosi o'z ehtiyojiga bemalol yetib ortadigan kishi oilasidagi har bir jon uchun kambag'allarga berishi lozim bo'lgan sadaqadir. Odamlar fitr sadaqasini og'rinmay chin ko'ngildan berishlari kerak.
MOL ZAKOTI
Shu yili ehtiyojidan ortiqcha pul, mol-dunyoga zakot berish farz qilindi. Bu o'ziga to'q kishilarning boyligiga tariqcha zarar yetkazmay kambag'al, beva-bechoralarning ro'zg'orini ozmi-ko'pmi butlab qo'yadigan adolatli usuldir. Zakotning miqdori bir yil mobaynida ehtiyojdan tashqari (o'sha davrdagi pul birligi bo'yicha) dinor-tilla tanga yigirmaga, dirham-kumush tanga ikki yuzga yetsa va bir yil o'tsa qirqdan bir qismini, ya'ni yuz so'mdan ikki yarim so'm beriladi. Bundan ortiqcha mol-dunyo mana shu tartibda hisoblanadi. Shariatning xukmi bo'yicha qo'y qirqqa, sigir o'ttizga, tuya beshtaga yetsa va bir yil o'tsa ma'lum miqdorini kambag'allarga berish lozim. Savdo mollari, dehqonchilik mahsulotlaridan ham zakot beriladi. Zakotni imom (amir) yig'ib olib, tavba surasining 60-oyatida bayon etilgan ko'rsatmaga binoan taqsimlaydi: "Zakotni (hech narsasi yo'q) faqirlarga, (topgani uchi-uchiga yetmaydigan) miskinlarga, zakot nazoratchilariga, dillarini islomga moyil qilish ko'zda tutilgan kimsalarga, qullarni ozod qilishga, (halol ishga mol-dunyo sarflab, qarzdor bo'lib to'layolmaydigan) chorasizlarga, xudo yo'liga (g'arib goziylarga, g'arib hojilar, g'arib musofirlarga), mol-mulkidan foydalanish imkoniyatidan vaqtincha mahrum musofirlarga berish farz. Olloh, hamma narsani bilguvchi va hikmat bilan ish yurituvchidir".
Ko'rinadiki, zakot boylarning mol-dunyosiga zarar yetkazmagan holda ijtimoiy hayotda ma'lum mo'tadillikni yuzaga keltirish, beva-bechoralarga ham moddiy, ham ma'naviy jihatdan ko'maklashish imkonini beradi. Yo'qchilik juda ko'p mamlakatlarda mazkur tuzumga qarshi norozilikka sabab bo'ladi, ijtimoiy adolat, tenglik, ozodlik uchun kurash o'tini yoqadi. Zakot esa mana shunday notinchliklarning oldini oladigan adolatli yo'ldir.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.