background
logotype
image1 image2 image3

Payg’ambar alayhis-salomning o’g’illari Ibrohimning vafot etishi

Shu yili payg'ambar alayhis-salomning o'g'illari Ibrohim vafot etdi. Munajjim Mahmud Poshoning aniqlashicha, bu qayg'uli hodisa hijratning o'ninchi yili shavval oyining 29-kuni (melodiy 632-yil birinchi oyning 27-kuni) yuz bergan.

HIJRATNING O'N BIRINCHI YILI QO'SHIN YUBORISH

Shu yili safar oyida payg'ambar alayhis-salom rumliklar bilan urushish uchun Ubno degan joyga Usoma ibn Zayid boshchiligidagi qo'shinni jo'natdilar. Avvalgi to'qnashuv paytida Usomaning otasi Zayid shu yerda shahid bo'lgan edi. Payg'ambar alayhis-salom Usomaga: "Otang shahid etilgan joyga borib, dushmanni tor-mor keltir. Seni bu qo'shinga sardor etib tayinladim. Ubno aholisiga sahar paytida hujum qil. Ularning uy-joylarini yondirib tashla. Dushman xabardor bo'lib qolmasligi uchun tez harakat qil. Olloh senga g'alaba ato etsin. Dushman yerida ko'p turma. Yo'l boshlovchilarni hamroh qilib ol, xabarchilar, choparlar oldinda yurishsin", deya tayinladilar. Bu qo'shin safida Abu Bakr, Umar, Abu Ubayda, Sa'd kabi muhojir va ansorlarning kattalari ham bor edi. Rasululloh a'lamni Usomaga tutqaza turib: "Bismillah deb Ollohning yo'lida g'azot qilgin. Ollohni inkor etuvchilar bilan urushgin", dedilar. Muhojirlarning kattalari bor qo'shinga Usomadek o'n yetti yashar yoshgina yigitni sardor etib tayinlanganiga ayrim sahobalar norozilik bildirishdi. Rasululloh ularning gaplarini eshitib, qattiq ranjidilar. "Ey jamoat, Usomani lashkarboshi etib tayinlaganimdan ba'zi birovlarning norozi bo'layotganini eshitdim. Uni yosh bola fahmlab ta'na toshlarini otibsizlar. Usomaning otasini lashkarboshilikka tayinlaganimda ham xuddi hozirgidek ta'na-malomatga qolgan edim. Xudo. haqqi, Usomaning otasi sardorlikka qanchalik munosib bo'lsa, bolasi ham shunchalik munosib. Bu ota-bola men uchun eng suyukli kishilar, ularni eng yaxshi odamlardan deb hisoblayman. Usomaga yaxshi munosabatda bo'linglar deb vasiyat qilaman. U orangizdagi yaxshi odamlarning biridir", dedilar. Biroq bu qo'shinga Rasulullohning zamonida yo'lga chiqish nasib etmadi. Bu qo'shinning payg'ambar alayhis-salom vafotlaridan keyingi yurishlari haqida "Siyratul xulafo" (Xalifalarning tarjimai holi) nomli kitobimizda hikoya qilamiz.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.