background
logotype
image1 image2 image3

Zaynab binti Jahsh

Zaynab binti Jahsh ibn Riyob ibn Xuzayma. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ayollari, ammalarining qizi, mo‘minlarning onasi. Musulmon bo‘lmasidan oldin ismi “Barra” edi, deb rivoyat qilinadi. “Zaynab” ismini unga Payg‘ambarimiz (alayhissalom) berganlar. Kunyasi Ummul hakam.

Manbalarda Zaynab (roziyallohu anho) hijratdan 33 yil oldin, ya’ni milodiy 590 yili Banu Asad urug‘ida dunyoga kelgani qayd etiladi. Otasi Jahsh ibn Riyob ibn Ya’mar, Quraysh sayyidi Abdulmuttalibning kuyovi. Ibn Xuzaymada nasabi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning nasablari bilan tutashadi. Onasi sahobiya Umayma binti Abdulmuttalib, Rasululloh (alayhissalom)ning ammalari.

Zaynab binti Jahsh (roziyallohu anho) Islomni qabul qilgan ilk ayollardan biridir.

Madinaga ko‘chilganidan so‘ng Zaynab binti Jahsh (roziyallohu anho), Rasululloh (alayhissalom)ning tavsiyalari bilan, dastlab buyuk sahobiy Zayd ibn Horisa (roziyallohu anho)ga turmushga chiqadi.

Rivoyatlarda keltirilishicha, Quraysh zodagonlaridan chiqqan go‘zal Zaynab binti Jahsh qullardan chiqqan Zayd bilan turmush qurishni istamaydi va Payg‘ambar (alayhissalom)ga e’tiroz bildiradi. Mufassirlar Ahzob surasining 36-oyati mazkur munosabat bilan nozil bo‘lganiga ittifoq qilganlar: «Alloh va Uning payg‘ambari bir ishni hukm qilganda – hech bir mo‘min va mo‘minaga (uni bajarish yokibajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo‘lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo‘ldan ozibdi».

Shundan so‘ng Zaynab (roziyallohu anho) bu nikohga rozilik berdi. Biroq mazkur nikoh uzoq davom etmaydi. Ko‘p o‘tmay, Zayd ibn Horisa Zaynab (roziyallohu anho)ga taloq beradi. Idda vaqti o‘tgach, hijratning beshinchi yili Alloh taoloning amriga ko‘ra, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zaynab binti Jahshga uylandilar.

Islomdan oldin arablar asrandi farzandlariga o‘z nasablarini berishar, shu sabab ularning taloq qilgan xotinlariga uylanishni harom sanashar edi. O‘sha odatga ko‘ra, Payg‘ambar (alayhissalom) Zayd ibn Horis (roziyallohu anhu)ni ozod qilgan va o‘zlariga o‘g‘il qilib olgan edilar. Hattoki, odamlar uni “Zayd ibn Muhammad” deb ham atashardi. Ammo Alloh taolo asrab olingan bola hech qachon nasabda kishining o‘z farzandi kabi bo‘lmasligini ta’kidlaydi va uni o‘z otasining ismi bilan chaqirishga buyuradi: «Ularni (asrandi farzandlarni) o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringiz. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangiz, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do‘stlaringizdir» (Ahzob, 5).

Shu tariqa asrandi o‘g‘il ajrashgan ayolga uylanish ham mumkinligi bayon qilinadi: «(Ey Muhammad!) Eslang, Allohva Siz (ne’matlarni) in’om etgan kishiga (Zayd ibn Horisga): «Juftingni o‘zingda saqla (taloq qilishga shoshma)! Allohdan qo‘rqqin!», deb, Alloh oshkor qiluvchi bo‘lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo‘rqishga haqliroq bo‘lgan holingizda, Siz odamlardan (ta’nalaridan) qo‘rqqan edingiz. Bas, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo‘minlarga asrandi bolalari o‘z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida) qiyinchilik bo‘lmasligi uchun (shunday qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir». (Ahzob, 37).

Mazkur oyat orqali Zaynab binti Jahshni Payg‘ambar (alayhissalom)ga Alloh taolo nikohlab qo‘ygani ma’lum bo‘ladi. Ulamolar ushbu turmushning hikmati va barakotidan yana biri sifatida “to‘silish oyati”ning nozil bo‘lganini e’tirof etishadi: «Ey imon keltirganlar! Payg‘ambarning uylariga faqat sizlarni biror taomga chaqirilsagina, kiringiz! (O‘shanda ham) unga erishishga ko‘z tutib turmangiz, balki chaqirilganingizda kiringiz va taomdan so‘ng gapga berilib ketmay, tarqalingiz! Zero, bu Payg‘ambarga ozor berur, u esa sizlardan iymanar. Alloh haq(gap)dan tortinmas. Qachonki, sizlar ulardan (payg‘ambar ayollaridan) biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rangiz! Mana shu sizlarning dillaringiz va ularning dillariga nisbatan ham tozaroq (ish)dir. Sizlar uchun Allohning payg‘ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga uylanishingiz aslo mumkin emasdir. Chunki bu Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir» (Ahzob, 53).

Madinaga hijrat boshlanganida Zaynab binti Jahsh (roziyallohu anho) birinchilar qatorida yo‘lga chiqdi. Toif, Xaybar g‘azotlarida va Vido hajida esa, Rasululloh bilan birga edi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Zaynab (roziyallohu anho)ning ko‘p namoz o‘qishi, ro‘za tutishi, tasbeh va salavot aytishini e’tirof etganlar. Bu haqda Imom Muslim hadis rivoyat qilgan: «Rasululloh Umar ibn Xattobga: “Zaynab binti Jahsh “avvoha”dir”, dedilar. Bir kishi: “Yo Rasululloh! Avvoha nima degani?”, deb so‘radi. U Zot: “xushu’ va tazarru qiluvchidir”. Alloh taolo: “Albatta, Ibrohim halim, serqayg‘u va sertavbadir”(Hud, 75), degan», dedilar.

Manbalarda Payg‘ambar (alayhissalom) Zaynab (roziyallohu anho)ni yaxshi ko‘rganlari, Zaynab (roziyallohu anho) ham U zotni ikrom qilib, har kelishlariga ichishlari uchun asal sharbati tayyorlab qo‘yishi qayd etiladi. Mazkur hol Oysha va Hafsa (roziyallohu anho)larning rashkini keltirar edi. Bir kuni ikkovlari Rasululloh Zaynabning uyidan kelishlari bilan «Og‘zingizdan noxush hid kelmoqda, nima yedingiz?» deyishga kelishib oladilar. Shu orqali Payg‘ambar (alayhissalom)ni Zaynabdan va u beradigan asal sharbatidan sovutmoqchi bo‘lishadi. Noxush hidni yoqtirmaydigan Payg‘ambar (alayhissalom) biroz taraddudlanib: «Asal yegandim», deydilar va bundan keyin asal yemaslikka qasam ichadilar. Shunda Qur’oni karimdagi «Tahrim» surasining avvalgi oyatlari nozil bo‘lgan. «Ey Payg‘ambar! Nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh Siz uchun halol qilgan narsani (asalni) harom qilib olursiz! Alloh mag‘firatli va rahmlidir» (Tahrim, 1).

Oysha (roziyallohuanho) aytadi: «Rasulullohning ayollari orasida menga tenglashmoqchi bo‘ladigan Zaynabdan ko‘ra dini yaxshi, Allohga taqvo qiluvchi, to‘g‘riso‘z, silai rahm qiluvchi, ko‘p sadaqa beruvchi va Allohga yaqin etadigan amallarga o‘zini bag‘ishlaydigan ayolni ko‘rmadim».

Zaynab binti Jahsh (roziyallohu anho) xulafoi roshidinlardan hazrat Abu Bakr va hazrat Umar (roziyallohu anhum) davrlarini ko‘rdi. Hazrat Umar unga yiliga o‘n ikki ming dirham nafaqa tayinladi. Siyrat kitoblarida Zaynab binti Jahsh o‘sha nafaqaning barchasini sadaqa qilib yuborishi rivoyat qilingan.

Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (alayhissalom): “Menga qo‘li eng uzuningiz birinchi yetishadi” (ya’ni, mendan so‘ng birinchi bo‘lib vafot etadi), deb aytardilar. U zotning vafotlaridan so‘ng birortamiz uyida yig‘ilib qolsak, qo‘llarimiz uzunligini o‘lchab ko‘rardik. Zaynab bintiJahsh vafot etguniga qadar shunday qildik. U kichkinagina ayol bo‘lib, eng uzunimiz emasdi. Alloh uni rahmatiga olsin. Shundagina biz Nabiy (alayhissalom) “qo‘li uzun” deb, ko‘p sadaqa qilishni nazarda tutganlarini tushundik.

Hadis kitoblarida Zaynab onamizdan 11 ta hadis rivoyat qilingan. Zaynab binti Jahsh (roziyallohu anho) Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) xalifalik davrida, hijriy 20 yili Madina shahrida vafot etdi. Janozasini Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) o‘qib, Baqi’ qabristoniga dafn etildi.

Salohiddin Siddiqov | Hidoyat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.