background
logotype
image1 image2 image3

Mu'ta g'azoti

Shu yilning jumodiul avval oyida payg'ambar alayhis-salom Busro hokimi tomonidan o'ldirilgan Horis ibn Umayr Azdiyning qasosini olish uchun qo'shin yuborishga qaror qildilar. Qo'shinga Zayd ibn Horisa bosh bo'ldi. Rasululloh: "Agar u shahid ketsa, Ja'far ibn Abu Tolib, agar u ham shahid ketsa, qo'shinga Abdulloh ibn Ravoha bosh bo'lsin", deb tayinladilar. Uch ming kishilik qo'shin yo'lga chiqishi oldidan payg'ambar alayhis-salom: "Ollohning yordamiga tayanib Shomdagi dushmanlar bilan g'azot qilinglar, lekin cherkovlarda ibodat bilan mashg'ul kishilarga ozor bermanglar, ayollarni, bolalarni, qari-qartanglarni o'ldirmanglar, dov-daraxtlarni kesmanglar, uy-joylarni buzmanglar", deb tayinladilar.

Qo'shin Horis ibn Umayr shahid ketgan Mu'ta degan joyga yetib kelganda bu yerda rumliklar bilan nasroniy dinidagi arablardan katta qo'shin to'plangani ma'lum bo'ldi. Musulmonlar ko'p sonli g'anim bilan jang qilaverish kerakmi yoki payg'ambar alayhis-salomga odam yuborib, yordam kelishini kutish zarurmi, degan ma'noda maslahatlashishdi. Abdulloh ibn Ravoha: "Ey xaloyiq, g'azot uchun otlanib, shahid bo'lishni talab qilib yo'lga chiqdinglar. Biz kuch-qudratimizga yoki odam soniga suyanib emas, faqat Olloh azizu mukarram qilgan Islom diniga suyanib jangga kiramiz. Biz urushib g'olib yoki shahid bo'lishdek ikki sharafning biriga erishamiz. Bas, shunday ekan, nega talvasaga tushishimiz kerak". Odamlar Abdulloh ibn Ravohaning gapini ma'qullab, son-sanoqsiz qo'shinga qarshi jangga kirdi. Zayd ibn Horisa shahid bo'ldi. A'lamni qo'liga olgan Ja'far ibn Abu Tolib:

Jannat ajib yuksakdir, nasib etgan insonga,
Sharobi jon rohati boldek shirin makonga.
Irqi o'zga rumliklar - shum niyatli yomonga
Do'zax qa'ri lang ochiq, dinni inkor etganga.
Mard bo'lsang gar biz tayyor, tushgin qani maydonga,-
dedi-da, shiddat bilan dushman safiga o'zini urib, mardlarcha jang qildi. Ja'far shahid bo'lgach, a'lamni qo'lga olgan Abdulloh ibn Ravoha bir oz taraddudlandi. Keyin o'ziga xitob qilib, bunday dedi:

Qasamkim, ey nafsim, bu urushga sen,
Xohlabmi, xohlamay kirarsan albat.
Odamlar turganda bog'lab bellarin,
nechun talpinmaysan? Joying-ku jannat.
Aslingni surishtir, sen o'zi kimsan?
Bir tomchi harom suv erursan faqat!
Shundan keyin u ot surib o'zini dushman safiga urdi, g'animlar bilan uzoq olishib, shahid bo'ldi. Musulmonlar safida parokandalik boshlanib, chekina boshlashgan edi, Uqba ibn Omir: "Birodarlar, orqaga chekinib o'lgandan olg'a intilib o'lgan afzal!" deya ularni qaytardi. Musulmonlar maslahatlashib jasur Xolid ibn Validni o'zlariga lashkarboshi etib saylashdi. Ular Xolidning tadbirkorligi tufayli dushman bilan mardona olishib halokatdan saqlanib qolishdi. Agar sarkarda mohir va zakiy bo'lmasa, uch ming kishilik musulmonlar qo'shini yuz ellik ming kishilik g'animga bas kelishi sira mumkin emasdi. Dastlabki kuni Xolid bayroqni mahkam tutgancha jang qildi. Ertasiga u qo'shinning safini o'zgartirib, oldindagilarni orqaga, orqadagilarni oldinga, chap tomondagilarni o'ngga, o'ng tomondagilarni esa chapga o'tkazdi. Bu o'zgarishdan bexabar rumliklar musulmonlarga yordamga kelibdi, deya yuraklariga g'ulg'ula tushdi. Xolid paytdan foydalanib qo'shinni Mu'taga chekintirdi va yetti kungacha dushman bilan jang qilib turdi. G'anim musulmonlar bilan urushishdan voz kechib orqaga qaytdi. Ular musulmonlarni ta'qib etib, cho'lning ichkarisiga kirib qolishdan, jazirama issiqda suvsizlikdan halok bo'lishdan qo'rqishdi. Shu zayil Xolid ibn Validning mohirona qo'llagan tadbirlari tufayli urush o'z-o'zidan barham topdi. Bu xabar hali yetib bormay turib, payg'ambar alayhis-salom suyukli sahobalari shahid bo'lganini odamlarga aytdilar: "Dastlab Zayd a'lambardor edi, o' shahid bo'lgach, tug'ni Ja'far oldi, undan keyin Abdulloh ibn Ravoha bayroqdor bo'ldi, afsuski, ular shahid bo'lishdi, - deya ko'zlaridan shashqator yosh to'kdilar.

- Shundan keyin a'lamni Ollohning qilichlaridan biri (Xolidning sifati shunday edi) o'z qo'liga oldi. Olloh ularga g'alaba ato etdi". Shu payt bir odam kelib: "Ja'farning oilasidagi ayollar ovoz chiqarib yig'lashyapti", dedi. Rasululloh ularni yig'idan qaytarishni buyurdilar. Xabarchi: "Urinib ko'rdim, lekin foydasi bo'lmadi", dedi. Rasululloh ikkinchi marta ularga sabr tilab, yig'idan qaytarishni tayinladilar. Biroq, xabarchi urinishidan hech qavday naf chiqmaganini aytib keldi. Shunda rasululloh "Agar yig'idan to'xtashmasa, og'izlariga tuproq tiq", dedilar.

Qo'shin yetib kelganda kutib olgani chiqqan sahobalar ularni qochoqlikda ayblashdi, lekin payg'ambar alayhis-salom bu fikrni rad etib, jangchilarni g'oliblar deb maqtadilar. Madinada qolganlar qo'shinning o'z jonini saqlab chekinganini mag'lubiyat deb hisoblashdi, biroq rasululloh bu jangda ishlatiladigan harbiy usul deb, Xolidning tadbirkorligiga ofarin aytdilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning jumodul oxir oyida Huzoa qabilasining odamlari Madinaga hujum qilish uchun Vodil Quroning orqa tomoniga to'planayotgani haqidagi xabar payg'ambar alayhis-salomga yetib keldi. Rasululloh ularga qarshi Amr ibn Os boshchiligida uch yuz muhojirni yubordilar. Bu qo'shinga madad berish uchun ketma-ket Ubayda ibn Jarroh boshchiligida ikki yuz kishilik qo'shin jo'natdilar. Ularning orasida Abu Bakr, Umar ibn Xattob ham bor edi. Oldin ketgan qo'shin dushman tuprog'iga qadam qo'yib ulgurmay orqadagilar yetib kelishdi.

Jangchilardan ba'zi birlari gulxan yoqmoqchi bo'lganida Amr ibn Os ruxsat bermadi. Umar ibn Xattob shu zahoti lashkarboshiga e'tiroz bildirdi. Abu Bakr o'rtaga tushib: "Sen bilan mendan ko'ra Amr ibn Os jang qoidasini yaxshiroq bilgani uchun rasululloh uni bizga bosh qilib yubordi. O'chakishib, uning ishiga xalal berma", dedi. Umar ibn Xattob uning gapiga ko'nib, lashkarboshining amriga itoat etdi. Musulmonlar qo'shini sezdirmay borib, dushmanga to'satdan hujum qildi; qisqa muddatli jangdan keyinoq g'anim safi to'zib ketdi. Musulmonlar betartib qochayotgan dushmanning orqasidan quvlamoqchi bo'lgan edi. Amr ibn Os ruxsat bermadi. G'animatlarni yig'ib, Madinaga qaytishni buyurdi. Yo'lda kelayotganlarida lashkarboshi junub bo'lib qoldi. Kechasi qattiq sovuq turgan, yuvinishning iloji yo'q edi. U Ollohning Baqara surasidagi 195-oyatda: "O'zimglarni o'zinglar halok etmanglar", degan nasihatiga amal qilib, zahrli kunda yuvinib, shamollab qolishdan o'zini asrash uchun tayammum bilan kifoyalandi. Shu holicha qo'shinga imom bo'lib namoz o'qiyverdi.

Ular Madinaga yetib kelganlarida rasululloh odatlaricha safarda nimalar bo'lganini so'rab-surishtirdilar. Sahobalar Amr ibn Osdan norozi bo'lib, izg'irinli kechalarda gulxan yoqtirmaganidan, qochayotgan dushmanning orqasidan quvishga yo'l qo'ymaganidan, junub holatida namoz o'qiganidan shikoyat qilishdi. Payg'ambar alayhis-salom Amr ibn Osdan nega bunday qilganini so'radilar. "Dushman sonimiz ozligini bilib qolmasin deb o't yoqishga ruxsat bermadim, yo'lda ganimning pistirmasi bo'lishi mumkinligidan xavfsirab qochayotganlarning orqasidan quvishni ta'qiqladim, Ollohning Qur'ondagi: "O'zinglarni o'zinglar halok etmanglar", degan oyatiga binoan g'usldan o'zimni tiydim, yuvinsam sovuqda shamollab o'lishim mumkin edi. Shu sababli tayammum qilib namoz o'qiyverdim", dedi lashkarboshi. Payg'ambar miyig'ida kulimsirab, Amr ibn Osni. aql bilan ish tutgani uchun maqtadilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning rajab oyida rasululloh Abu Ubayda Omir ibn Jarroh boshchiligida uch yuz kishilik qo'shinni Qizil dengiz bo'yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga jo'natdilar. Yil og'ir kelib, qahatchilik bo'lgani uchun qo'shinga faqat xurmo berildi xolos. Ular dengiz bo'yiga kelib, o'n besh kun turishdi. Juhayna qabilasining odamlari tarqab ketgan, urushadigan kimsadan darak yo'q edi. Qo'shinning yemishi tugab, odamlar daraxtlarning yaproqlarini suvda ivitib yeyishdi. Qo'shinda Qays ibn Sa'd ibn Uboda degan mard yigit bo'lib, u uch kun mobaynida uchta tuyasini so'yib, odamlarga yedirdi. To'rtinchi kuni yana tuya so'yishga chog'langanda lashkarboshi Abu Ubayda ko'nmadi, chunki Qays tuyalarni otasining nomidan qarzga olib so'yayotgan edi. Abu Ubayda Madinaga qaytganda Qaysning otasi bu qarzlarni tan olmasligi mumkinligidan qo'rqdi. "Otam hamisha birovlaring qarzini to'lab, och-nahorlarning qornini to'ydirib yuribdi. Nahotki nochor ahvolga tushib qolgan sahobalar uchun" olgan qarzimni uzmaydi, deb o'ylaysiz", deya norozilik bildirdi Qays. Lashkarboshi shunda ham uning otasi nomidan birovlarga muruvvat ko'rsatishiga yo'l qo'ymadi. Ko'p o'tmay qo'shin jangu jadalsiz Madinaga qaytdi. Qays yuz bergan voqealarni aytib, sahobalar ochlikdan qiynalishganini so'zlaganda, otasi: "Mol so'yib bermadingmi?" deb so'radi. Qays lashkarboshi bilan o'rtalarida bo'lgan gap-so'zlarni aytdi. Qaysning otasi o'g'lining kamxarjlik qilganidan qattiq ranjidi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.