background
logotype
image1 image2 image3

Ji’rona umrasi

Payg'ambar alayhis-salom umra qilish niyatida Ji'ronadan ehrom bog'lab, kechasi Makkaga bordilar. Baytullohni tavof etgach, hojarul asvadni o'pib, izlariga qaytdilar va Ji'ronada o'n uch kun turganlaridan keyin qo'shinni yo'lga otlanishga buyurdilar. Musulmonlar Zulqa'da oyining 27-kuni Madinaga eson-omon yetib keldilar.

Hunayn g'azotida Olloh taoloning irodasi bilan mushriklar parokandalikka uchradi, shon-shavkatidan ayrildi, aholining ko'pchiligi xonavayron bo'ldi. Hovozin qabilasi urushga yaroqli odamlarning hammasini, tuyalarini, chorva mollarini jangga haydab chiqqan edi. Olloh taolo mushriklarni mag'lub qilib, ularning mol-mulkini musulmonlarga berdi va shu yo'l bilan mushriklarning tahdidini daf etib, islom dinini kuchaytirdi. Bu g'azotdan keyin mushriklar orasida payg'ambar alayhis-salomga qarshi chiqadigani qolmadi. Havozin qabilasi tor-mor keltirilgan Hunayn g'azotini mushrik arablar bilan musulmonlar o'rtasidagi so'nggi to'qnashuv deyish mumkin. To'g'ri, keyin ham payg'ambar alayhis-salomga qarshi chiqadiganlar, qurol ko'tarib islom dinini mahv etishni ko'zlaganlar bo'ldi, biroq ularning hammasi Olloh taoloning asl haqiqatini anglab yetgach, o'z-o'zidan qurollarini tashlashdi.

QO'SHIN YUBORISH

Payg'ambar alayhis-salom Madinaga qaytib kelganlaridan keyin Yamanda yashovchi Sudo' qabilasini islom diniga da'vat etish uchun Qays ibn Sa'd boshchiligida to'rt yuz kishilik qo'shin yubordilar. Sudo' qabilasidan bir kishi kelib: "Ey rasululloh, qo'shining qaytsin, men o'z qavmimni huzuringa boshlab kelaman", dedi. payg'ambar alayhis-salom islom lashkarini qaytishga buyurdilar.

SUDO' ELCHILARI

Elchi o'z qabilasiga qaytib borgach oqsoqollar bilan kengashib, o'n besh kishi rasululloh huzurlariga borishga qaror qilishdi. Ular Madinaga kelib, Sa'd ibn Ubodaning uyiga tushishdi. Shundan keyin islom diniga kirganlarini bildirib, payg'ambar alayhis-salomga bay'at qilishdi. "Biz bu yerga kelmagan odamlar uchun qam bay'at qilamiz", deyishdi ular. Elchilar o'z yurtiga qaytib borgach, butun qabilasi imon keltirib, musulmon bo'ldi. Hajjatul vadoh (xayrlashish haji) da ulardan yuz kishi kelib, payg'ambar alayhis-salom bilan Ka'bani tavof qilishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Payg'ambar alayhis-salom Bashr ibn Sufyo Adviyni Huzo qabilasiga mansub banu Ka'b arablaridan zakot olish uchun yubordilar. Banu Ka'b arablarining qo'shnilari banu Tamim qabilasi ularni zakot, berishdan qaytardi. Bu xabarni eshitgan rasululloh ularga qarshi Uyayna ibn Hisn boshchiligida ellik kishilik qo'shin yubordilar. Musulmonlar qo'shini banu Tamim qabilasi bilan urushib, o'n bir erkak, yigirma bir ayol, o'ttiz nafar bolani asir olib qaytdi. Payg'ambar alayhis-salom asirlarni Horisning qizi Ramlaning hovlisiga qamab qo'yishni buyurdilar.

TAMIM ELCHILARI

Oradan bir necha kun o'tgach, asirlarni ozod etish uchun banu Tamim qabilasining oqsoqollaridan iborat elchilar hay'ati payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga yukunib keldi. Ularning orasida Utorid ib Hojid, Zabirqon ibn Badr va Amr ibn Ahtamlar bo{ edi. Payg'ambar alayhis-salom hadeganda chiqavermaganlaridan keyin elchilar u kishining uylariga borib baland ovozda: "Ey Muhammad, bu yoqqa chiq! Biz sen bilan basma-bas maqtanishgani keldik. Biz maqtagan kishimizni osmonga opchiqib qo'yamiz, hajv qilgan odamni yerga kirgizib yuboramiz"', deya baqirishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularning baqiriq-chaqiriqlaridan og'rinib istar-istamas chiqdilar. Qur'oni Karimdagi Hujurot surasining 4-5 oyatlari mana shu befarosat, baqiroq odamlar haqida nozil bo'lgandir: "Uyingning orqasidan seni chaqirganlarning ko'pchiligi aqlsiz odamlardir. Agar ular sen chiqquncha sabr qilishsa, o'zlari uchun yaxshi bo'lardi albatta. Olloh mag'firat qilguvchi nihoyatda mehribondir".

Ayni shu paytda peshin namozining vaqti yetib, hazrati Bilol azon aytdi. Payg'ambar alayhis-salom masjidga yo'l oldilar, biroq elchilar u kishining yo'llarin to'sib: "Biz banu Tamim qabilasidanmiz. Shoiru notiqlarimizni olib keldik. Sen bilan she'r aytishmoqchimiz, basma-basiga maqtanishmoqchimiz", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Men Olloh tomonidan she'r aytishga yuborilmaganman, maqtanishga buyurilmaganman" deya namozlarini o'qiyverdylar. Elchilar u kishining atrofini o'rab olib, o'zlarining hamda ota-bobolarining shon-shavkati bilan maqtana boshlashdi. Amr ibn Ahtam Zabirqon ibn Badrni maqtab: "Davralarda uning gapi o'tadi, u o'z qabilasining xo'jasi" dedi. O'z navbatida Zabirqon o'rnidan turib: "Ey rasululloh, Amr mening shon-shavkatimni ko'rolmay yuqorida aytilganlardan ustun turadigan boshqa fazilatlarimni bila turib, tilga olmadi", dedi. Amr shu zahoti: "Zabirqon odamgarchiligi yo'q, toshdan ham qattiq, zoti past odam", dedi. Amrning birpasning o'zida ikki xil gapirganidan payg'abar alayhis-salom g'azablandilar. Rasulullohning g'azablanganlarini ko'rgan Amr: "Ey rasululloh, avvalgi gaplarim rost, lekin keyingi aytganlarim ham yolg'on emas. Men oldiniga undan rozi bo'lib bilganlarimning eng yaxshisini aytdim, keyin undan ranjib, bilganlarimning eng yomonini aytdim", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Bayon qilishda bir sehr bor", dedilar. Shundan keyin elchilar imon keltirishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularga asirlarni qaytarib berdilar hamda talay sovg'a-salom ulashdilar. Tamimliklar Madinada ancha vaqt turib Qur'on va diniy ahkomlarni o'rganishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Payg'ambar alayhis-salom bani Mustaliq arablaridan zakot olish uchun Valid ibn Uqba ibn Abi Muaytni yubordilar. Mustaliq arablari Valid kelayotganini eshitib, uning istiqboliga qurolli odamlarni chiqarishdi va birvarakayiga zakotga beriladigan tuyalarni ham olib borishdi. Johiliyat davrida Valid bilan bu qabila o'rtasida adovat bor edi. Shu bois Valid qurolli odamlarni ko'rgach, mustaliq arablari urushgani yasov tortib kelishayotgan ekan, degan o'ida darrov iziga qaytdi-da, payg'ambar alayhis-salomga: "Ular murtad bo'lib ketishibdi, zakot berishdan bosh tortishdi", dedi.

Rasululloh vaziyatni bilib kelish uchun Xolid ibn Valid boshchiligida qo'shin jo'natdilar. Xolid qo'shindan ilgarilab, yashirincha Mustaliqqa keldi va bomdod namoziga azon aytilayotganini eshitib, astagina iziga qaytdi. Payg'ambar alayhis-salomga bani Mustaliq arablarining murtad bo'lib ketmaganini ma'lum qildi. Rasululloh zakot olishga Validdan boshqa odamni jo'natdilar. Valid haqida Qur'oni Karimdagi Hujurot surasining 6-oyati nozil bo'ldi: "Ey mo'minlar, agar bir fosiq kimsa biron xabar yetkazsa, sizlar bilmasdan biror xalqni ranjitib qo'ymaslik uchun surishtirib ko'ringlar. Aks holda qilmishinglar uchun pushaymon bo'lib qolasizlar".

QO'SHIN YUBORISH

Payg'ambar alayhis-salomga Habashistonlik bir guruh odam Jidda aholisiga hujum qilishga tayyorgarlik ko'rayotgani haqidagi xabar yetib keldi. Rasululloh ularga qarshi Alqama ibn Mujazziz boshchiligida uch yuz kishilik qo'shin jo'natdilar. Islom lashkarlari Jiddaga borgach, dushmanning yo'lini to'sish uchun kemalarga tushdilar. Habashlar bir orolga to'planib turishgan edi, yasov tortib kelayotgan jangovar musulmonlarni ko'rib, tumtaraqay qochishdi. Kutilgan to'qnashuv yuz bermadi. Alqama qo'shinni orqaga qaytardi va qadami ildamlarni oldinga o'tkazib, tezroq ketaverishni buyurdi. Qadami ildamlarga Abdulloh ibn Huzofa Sahmiyni bosh qildi. Abdulloh tabiatan hazilkash odam edi. U yo'lda keta turib bir joyda gulxan yoqdi va lashkarga: "Sizlar menga itoat etishga buyurilganmisizlar?" deb so'radi. Jangchilar "ha", deb uning gapini tasdiqlashdi. Abdulloh: "Unday bo'lsa, mana shu yonib turgan gulxanga sakranglar", dedi. Ba'zilar: "Axir biz o'tdan qo'rqib musulmon bo'lganmiz-ku", deya e'tiroz bildirishdi, ba'zilar boshliqning amriga bo'ysinib olovga o'zini urmoqchi bo'ldi. Abdulloh ularni qytarib; "hazillashdim" dedi. Bu voqeani eshitgan payg'ambar alayhie-salom: "Olloh taolo oldida gunoh bo'ladigan ishlarda maxluqqa itoat etilmaydi", dedilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.