background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning sakkizinchi yili

Shu yilning safar oyida payg'amar alayhis-salom Kadid degan joyda yashovchi bani Mulavvih arablariga qarshi G'olib ibn Abdulloh boshchiligida qo'shin yubordilar. Qo'shin Kadidga yetib kelganda ibn Barso' nomi bilan mashhur musulmonlarning ashaddiy dushmani Horis ibn Molikni asir olishdi. "Men musulmon bo'lish uchun ketayotgan edim", dedi Horis. "Yana bir kun kechikib musulmon bo'lsang hech narsa qilmaydi. Qanday niyatda ketayotganingni surishtirb aniqlaymiz", deyishdi sahobalar. Ular bani Mulavvihning yurtiga yetib, chorvalarini haydab jo'nashdi. Bundan xabar topgan mushriklar katta qo'shin to'plab ularning orqasidan quvdi. Olloh taolo musulmonlarga mehribonlik qilib qattiq yomg'ir yog'dirdi, katta sel kelib musulmonlar bilan mushriklarning o'rtasini ayirib tashladi. Mushriklar har qancha qudratli bo'lishmasin, Ollohning irodasiga qarshi hech narsa qilolmay qolaverdilar.

QO'SHIN YUBORISH

G'olib Madinaga sog'-salomat yetib kelgach, payg'ambar alayhis-salom uni ikki yuz kishilik qo'shin bilan Fadakdagi bani Murra arablariga qarshi jo'natdilar. Bani Murra arablari Bashir ibn Sa'd boshchiligidagi qo'shinni qirib tashlagan edi. Musulmonlar dushmanga yaqinlashib kelgach, G'olib o'z askarlariga qarata nutq so'zlab, Ollohga hamdu sano aytganidan keyin: "Men sizlarni sherigi yo'q yolg'iz Ollohdan qo'rqishga, menga itoat etishga, buyrug'imdan bo'yin tovlamaslikka chaqiraman", dedi. Musulmonlar uning chizgan chizig'idan chiqmaslikka so'z berishdi. G'olib o'z askarlarini nomma-nom sanab, har ikki kishini bir-biridan ayrilmaydigan sherik qilib qo'ydi. "Hech kim sherigini yo'qotib, yolg'iz kelmasin. Men takbir aytsam, hammangiz qo'shilib barobariga takbir ayting", deya tayinladi. Shundan keyin ikki yuz odam g'animlarni o'rab oldi-da, baland ovozda takbir aytib barobariga dushman ustiga tashlandi. Sarosimada qolgan bani Murra arablari bitta qo'ymay qirib tashlandi. Ularning mol-mulki g'animat olindi, har bir odamga o'ntadan tuya mukofot berildi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning rabbiul avval oyida payg'ambar alayhis-salom Zotu Atloh degan joyga Ka'b ibn Umayr boshchiligida o'n besh kishilik qo'shin yubordilar. Musulmonlar borib yerli aholini islom diniga da'vat etdilar, lekin ular bu da'vatdan bosh tortib, urush e'lon qilishdi hamda bir hovuch islom elchilarini qilichdan o'tkazishdi. Faqat Ka'b ibn Umayr tasodifan omon qolib, voqeadan rasulullohni ogoh etdi. Payg'ambar alayhis-salom qattiq iztirob chekdilar. Mushriklardan o'ch olish uchun qo'shin yubormoqchi bo'lib turganlarida, dushmanning o'z o'rnidan ketganligi haqida xabar keldi. Xabarni eshitgach niyatlaridan qaytdilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.