background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning birinchi yili

MASJID QURISH

Payg'ambar alayhis-salom bani Najjor mahallasidagi tuyasi cho'kkan joyga masjid solishni ixtiyor etdilar. Bu yer As'ad ibn Zurora tarbiyasidagi ikki yetim bolaning xurmo xirmoni edi. Rasululloh ularni chaqirib, xirmon o'rnini va uning atrofidagi xurmozorlarni sotishni iltimos qilganlarida bolalar masjid uchun bu yerni tekinga berajaklarini aytishdi, biroq sarvari olam haqini to'lab, yerni sotib oldilar. Bu joyning bir qismi daraxtzor, bir qismi mushriklarning eski qabristoni va yana bir kismi katta-kichik jarlik edi. Qabristondagi jasadlar boshqa joyga ko'chirildi, jarliklar tekislanib, daraxtlar kesildi. Kaftdek tekis maydonga masjidning birinchi g'ishti qo'yildi. Binoning poydevoriga tosh terilib, devorlari xom g'ishtdan ko'tarildi, xurmo daraxtlaridan ustun qilinib, shox-shabbasi tomga bosildi. Shift odam bo'yidan salgina baland edi. Masjid qurilishida rasululloh boshchiligida hamma musulmonlar barobar ishtirok etishdi. Odamlarning kayfi chog', charchoq nimaligini bilmay ishlashar, tinmay qo'shiq aytishardi. Hatto rasululloh ham:

Ko'zlagaymiz robbimizdan oxiratning savobin,
Muhojir, ansorlarga raqm-shafqat aylasin. -
deya xirgoyi qilardilar. Masjidning mehrobi Baytul muqaddas tomonga qaratib qurildi, Binoga zax urmasin degan niyatda ostiga shag'al to'shaldi, ustun va peshtoqlarga zeb berilmadi, suvoqdan boshqa pardoz-andoz qilinmadi. Odamlar bemalol kirib-chiqishlari uchun uch tomondan eshik ochildi, atrofi qo'rg'on bilan o'ralmadi ham. Rasulullohning rafiqalari Savda va Oisha uchun masjidga taqab ikki hujra solindi. Payg'ambar alayhis-salom har gal uylanganlarida xuddi shu tarzda masjidga taqab bittadan hujra qurilardi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.