background
logotype
image1 image2 image3

Hazrati Umarning musulmon bo’lishi

Xuddi mana shu qaltis vaziyatda quraysh qabilasidagi aslzoda, sheryurak kishilardan biri Umar islom diniga kirdi. To shu paytgacha u musulmonlarning ashaddiy dushmani bo'lib, rasululloh tarafdorlariga juda ko'p ozoru kulfatlar yetkazgan edi. Habashistonga jo'nab ketgan Laylo bu haqda shunday hikoya qiladi: Umar ibn Xattob musulmon bo'lganimiz uchun bizni juda yomon ko'rardi. Men safarga otlanib, endigina tuyaga minganimda Umar kelib qayoqqa ketayotganimni so'radi. Men, islom diniga kirganimiz uchun sizlardan ko'p jabr ko'rdik, endi biron tinchroq joy topib, jonimizni asramoqchimiz, dedim. Umar oq yo'l tilab qoldi. Erim kelgach, unga Umarning to'satdan shirinso'z, muloyim bo'lib qolganini aytdim. Omir: "Umarni imonga keladi, deb umid qilmay qo'ya qol. Xudo haqqi, eshagi musulmon bo'lmaguncha Umar imon keltirmaydi", dedi. Omir Umarning musulmonlarga nisbatan qo'pol va shafqatsizlitani yaxshi bilgani uchun shunday degan edi. Mana shu berahm odam rasulullohning qilgan duolari xosiyati gufayli islomga kirdi. Payg'ambar alayqis-salom: "Ey xudo, Umar bilan islom dinini quvvatlantirgin", deya duo qilgan edilar. Oradan ko'p o'tmay Umar musulmonlar to'planadigan Arqam ibn Abu Arqamning hovlisida imon keltirdi. Parvardigor Umarning diliga imon solish bilan rasulullohning orzusini ro'yobga chiqardi. "Sahih-ul-Buxoriy"da rivoyat qilinishicha, Umar islomga kirgach, musulmonlar kuchayib, o'zlariga ishonch paydo bo'lgan va uning talabiga binoan nomozni masjidda o'qiy boshlashdi.

Umarning musulmonlar safiga o'tganini ko'rgan mushriklarni g'am bosdi, undan qanday o'ch olishni bilmay oxiri o'ldirishga qaror qilishdi. Bir to'da mushrik til biriktirib Umarning uyi atrofida izg'ib yurishganda bani sahimlik Os ibn Voil kelib qoldi va uy egasidan nima bo'lganini so'rab-surishtirdi. "Musulmonchilikni qabul qilganim uchun sening qavming meni o'ldirmoqchi", dedi Umar. "Men bunday sharmandalikka yo'l qo'ymayman", dedi Os va seldek oqib kelayotgan quturgan olomonning yo'lini to'sib chiqdi. "Biz dinini sotgan Umarni o'ldirmaguncha qo'ymaymiz, yo'ldan qoch", dedi ko'zi qonga to'lgan johillar. "Jonidan to'ygan odam Umarning uyiga yaqinlashsin", dedi Os qilichini yalang'ochlab. Uning vajohatini ko'rgan olomon orqasiga chekindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.