background
logotype
image1 image2 image3

Elchilar yili

Shu yili arablarning guruh-guruh elchilari rasulullohning huzurlariga kelib, islom diniga bay'at qilishdi. Bu elchilarning bizgacha yetgan xabarlarida tarbiyaviy ahamiyatga ega bebaho ta'limotlar bo'lib, ishonchingizni mustahkamlab, qalblaringizni nurafshon etadiganlarini e'tiboringizga havola etamiz.

NAJRON ELCHILARI

Nasroniy Najronlarning oltmish kishidan iborat elchilari payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga tashrif buyurishdi. Ular egniga qimmatbaho kiyimlar kiyib, barmoqlariga tilla uzuklar taqib olishgan edi. Ular rasulullohga surat solingan gilamlar bilan jundan to'qilgan kiyimlar hadya etishdi. Sarvari olam surali gilamni egalariga qaytarib, faqat jun kiyimlarni oldilar. Nasroniylar cho'qinadigan vaqtlari bo'lganda Batulmuqaddasga qarab ibodat qildilar. Payg'ambar alayhis-salom ularni islom diniga da'vat etdilar. Biroq mehmonlar: "Biz sizlardan burunroq haq yo'lni topganmiz", deb musulmon bo'lishdan bosh tortishdi. Rasululloh: "Sizlarning musulmon bo'lishingizga avvalo salbga (xochga) cho'qinishingiz, ikkinchidan, cho'chqa go'shtini yeyishingiz, uchinchidan, Ollohning bolasi bor deb e'tiqod qilishingiz halal beradi, dedilar. Elchilar: "Isoga o'xshab otasiz yaratilgan biron kimsa bormi?" deb so'rashdi. Bunga javoban Olloh taolo Qur'oni Karimdagi Oli Imron surasining' 59-oyatini nozil qildi: "Ollohning nazdida Iso Odam alayhis-salomga o'xshaydi. Olloh Odam alayhis-salomni tuproqdan yaratdi, keyin unga bo'l, degan edi, u bo'ldi".
Olloh taolo nasroniylarning e'tiqodi cheklanganligini oshkor etish uchun Oli Imron surasining 61-oyatini nozil qildi: "Sen Iso hahida batafsil ma'lumotga ega bo'lganingdan keyin kimki sen bilan baholashsa, ularga: "Kelinglar, o'g'illarimizni va o'g'illaringizni, ayollarimizni va ayollaringizni, o'zlarimizni va o'zlaringizni yig'ib, Ollohning la'nati yolg'onchilarga bo'lsin deya Ollohga yolborib duo qilaylik, degin". Payg'ambar alayhissalom bu shartni taklif etganlarida nasroniylar qat'iyan bosh tortishdi. Har yilning safar oyida ming kishilik kiyim, rajab oyida ming kishilik kiyim bilan bir uqiyya oltin miqdorida xiroj to'lashga rozi bo'lishdi. Xirojni topshirib olishga ishonchli bir odam yuborilishini taklif etishdi. Rasululloh ularning yurtiga Abu Ubayda Omir ibn Jarrohni yubordilar. Shundan e'tiboran Abu Ubayda islom ummatining ishonchli odami deb ataldi.

ZIMOM IBN SA'LABANING KELISHI

Payg'ambar alayhis-salom masjidda sahobalar bilan suhbatlashib o'tirganlarida sahroyi arablardan sochi yoyilgan, ovozi o'tkir, biroq nima deganini uqib bo'lmaydigan bir odam tuyasini to'ppa-to'g'ri ichkariga opkirib cho'ktirdi. "Qaysi biringiz Abdulmuttalibning o'g'li?" deb so'radi. Sahobalar rasulullohga ishora qilishdi. Sahroyi arab payg'ambar alayhis-salomga yuzlanib: "Men sendan qo'pollik bilan savol so'rayman, xafa bo'lmagin", dedi. Rasululloh: "Istagan gapingni so'rayver", deya ijozat berdilar. Sahroyi arab: "Xudoni shafe' keltirib so'raymanki, Olloh seni jam'i insonlarga payg'ambar qilib yubordimi?" dedi. "Ha, shunday", dedilar payg'ambar alayhis-salom. "Olloh bizlarga besh vaqt namoz o'qishni buyurdimi?" deb so'radi sahroyi arab. "Xuddi shunday", deya javob berdilar rasululloh. "Olloh boylarimizning mollarini olib, kambag'allarga berishni buyurdimi?" deb so'radi sahroyi arab, "Ha, shunday'', dedilar sarvari olam. "Olloh har yili ramazon oyida o'ttiz kun ro'za tutishimizni buyurdimi?" deb so'radi sahroyi arab. "Xuddi shunday", deya javob berdilar rasululloh. "Qodir bo'lganlarimizga umrimizda bir marta Baytullohni tavof qilish buyurildimi?" deb so'radi sahroyi arab. "Xuddi shunday", dedilar payg'ambar alayhis-salom. Sahroyi arab: "Menkim Zimom ibn Sa'laba bu ishlarning hammasiga imon keltirdim va tasdiq qildim", dedi. U ketgandan keyin rasululloh: "Bu odam diniy ishlarning olimi bo'ldi", dedilar. Zimom o'z qavmiga borgach, odamlarni butlarga cho'qinishdan voz kechib, islom diniga kirishga da'vat etdi. Odamlar uning aytganlariga ishonib, yoppasiga musulmon bo'ldilar.

ABDUL QAYS AYMOG'INING ELCHILARI

Bir kuni payg'ambar alayhis-salom sahobalar bilan sahbatlashib o'tirganlarida: "Yo'l yiroqligiga, oziq-ovqat taxchilligiga qaramay Sharq ahlining yaxshisi bo'lgan bir jamoa bu yerga islomni ixtiyoriy ravishda qabul qilish uchun keladi. Ey Olloh, abdul Qays aymog'ini mag'firat qilgin", dedilar. Abdul Qays aymog'ining elchilari yetib kelgach, payg'ambar alayhis-salomni ko'rgan zahoti ulovlaridan o'zlarini tappa-tappa tashlab, salom berishga oshihishdi. Abdulloh ibn Avf Ashaj elchilar orasida eng yoshi kichigi bo'lgani uchun tuyalarni cho'ktirib, yuklarni tashitdi va shundan keyingina oq matodan tikilgan kiyimlarini kiyib, rasulullohga salom berdi. U pachoqqina, ko'rimsiz odam bo'lgani uchun rasulullohning o'ziga tikilib qaraganlaridan xijolat chekib: "Ey rasululloh, odamning chiroyiga non botirib yeb bo'lmaydi, inson tili va dili bilan odam", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Senda Olloh va uning payg'ambari yaxshi ko'radigan ikki xislat — muloyimlik bilan tamkinlik bor ekan", dedilar va shundan keyin elchilarga murojaat qildilar: "Xor-zorlikda qolmay, nadomat chekmay kelgan qavmni quchoq ochib kutib olamiz". Elchilar: "Ey rasululloh, biz bu yerga olis joylardan* keldik. Ikki o'rtada Muzor kofirlarining qabilasi bor, biz sening huzuringa faqat qon to'kish harom qilingan oylardagina kelishimiz mumkin. Shuning uchun ado etishimiz lozim bo'lgan ishlarni ochiq aytib, tushuntirgin", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Avvalo sizlarni Ollohga imon keltirishga buyuraman. Bu nima degani bilasizlarmi? Ollohga imon keltirgin degani: La ilaha illaloh Muhammadur rasululloh, deb guvohlik berish, namoz o'qish, zakot berish, ramozon oyida ro'za tutish va g'animatning beshdan birini topshirishdan iborat. Sizlarning tomoshaqovoqlarda Hantam (maxsus moy bilan moylangan idish), naqir xurmoning ildizidan yasalgan idishlarda sharob ichishinglarni man etaman", dedilar. Ashaj: "Ey rasululloh, biz tomonlarning havosi siyrak, aroq ichib turmasak qornimiz shishib, kasal bo'lib qolamiz. Bizga oz-moz aroq ichishga ruxsat bermasang bo'lmaydi", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Yo'q, ozginaga ruxsat bersam ko'proq ichasizlar. Keyin bir-biriiglarga qilich ko'tarib urishasizlar", dedilar. O'sha paytda yuqorida nomlari zikr etilgan idishlarda sharob ichish rasm bo'lgani uchun rasululloh ichki-likka qo'shib ulardan foydalanishni ham taqiqladilar.

*Ularnnig yurti fors qo'ltig'iga yaqin joyda edi.

BANI XANIFA AYMOG'INING ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga bani xanifa aymog'ining elchilari tashrif buyurishdi. Ularning orasada Kazzob Musaylima ham bor edi. U: "Muhammad o'zidan keyin o'rniga meni xalifa qilsa, unga ergashardim", degan gapni ko'p gapirardi. Rasululloh Qays ibn Shammos bilan birga elchilarning huzuriga chiqdilar. U kishining qo'llarida xurmo daraxtining ikkita novdasi bor edi. "Sen mendan mana shu shoxni so'rasang ham bermayman, — dedilar sarvari olam. — Men seni xuddi tushimda ko'rgandek jazolayman". Payg'ambar alayhis-salom tushlarida qo'llaridagi ikkita tilla bilaguzukni vahiyga binoan puflasalar ular uchib ketgan emish. Rasululloh bu tushga o'zlaridan keyin payg'ambarlik da'vosini qiladigan ikki yolg'onchi keladi, deya ta'bir bergan edilar. Bu yolg'onchilarning biri Musaylima, ikkinchisi San'oning hokimi Asvad Anasiy edi. Bani Xanifa aymog'i anchagacha adashib — uloqib yurgach, alaloqibat musulmon bo'ldi.

TOY QABILASINING ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Zayid Xayl boshchiligida Toy qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Rasululloh Zayid haqida gapirib: "Arab xalqi orasida Zayidni eng yaxshi odam deb hisoblayman", dedilar va unga Zayid xayr (yaxshi Zayid) deya nom berdilar.

KANDA QABILASINING ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Ash'as ibn Qays boshchiligida Kanda qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Ash'as o'z qabiladoshlari orasida katta obro'-e'tiborga ega, nufuzli kishilardan biri edi. Elchilar masjidga kirishgach, rasulullohni sinash uchun: "Biz bir narsani yashirib qo'ydik. Haqiqiy payg'ambar bo'lsang shuni top", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Subhanolloh! Men kohin emasman, kohinlar do'zaxga kiradi. Olloh meni haq din bilan yubordi, sira o'zgarmaydigan va xatosi yo'q Qur'onni nozil qildi", dedilar. Elchilar: "Biz ham Qur'on eshitmoqchi edik", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularga Saf surasining 1-5-oyatlarini o'qib berdilar: "Qator-qator saf tortgan dushmanlarga qarshi ot solgan va Kalomullohni tilovat qilayotgan qo'shinlar bilan qasam ichamanki, sizlarning ilohinglar chindan ham bittadir. U osmonu zaminning, ular orasidagi narsalarning va mashriqlarning robbisidir». Rasululloh tilovatdan to'xtaganlarida ko'zdan oqqan yoshlaridan soqollari ho'l bo'lgan edi. Elchilar: "Xudodan qo'rqib yig'layapsanmi?" dsb so'rashdi. "Ha, Ollohdan qo'rqib yig'dayapman, — dedilar rasululloh. — Olloh meni qilichning tig'idek o'tkir, to'gri yo'l bilan yubordi, toyib ketsam halok bo'laman". Shundan keyin sarvari olam Isro surasining 86-87-oyatlarini o'qidilar: "Agar biz istasak senga vahiy qilgan Qur'onni dillardan, mushaflardan albatta ko'tarib tashlardik, keyin bizga qarshi homiy topolmas eding, lekin biz senga rahmatimiz yuzasidan bunday qilmadik. Senga chindan ham Ollohning fazli kattadir''. Rasululloh: "Endi ham musulmon bo'lmaysizlarmi?" deb so'radilar. Elchilar imon keltirib islom diniga kirishdi. Rasululloh ularning bo'yinlariga osilgan yaltiroq latta nimaga xizmat qilajagi bilan qiziqdilar. Elchilar bo'yinlaridagi lattalarini olib tashlashdi.

AZDISHANUA QABILASINING ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Surad ibn Abdulloh Azdiy boshchiligidagi Azdishanua qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Ular imon keltirishgach, rasululloh Surad ibn Ardullohni o'z qabilasiga boshliq qilib tayinladilar va unga yon-veridagi mushriklarni islom diniga da'vat etishni topshirdilar.

HAMIR PODSHOHLARINING ELCHILARI

Hamir podshohlari Horis ibn Abdulkulol, Nuaym, Nu'mon, Muofir va Hamadonlar imon keltirishdi va payg'ambar alayhis-salomga elchi yuborib, musulmon bo'lganliklarini bildirishdi. Rasululloh ularga maktub yo'lladilar. "Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammadan Horis ibn Abdukulol, Na'aym, Nu'mon, Muofir va Hamadonlarga:
Men sizlar musulmon bo'lganinglar uchun yolg'iz Ollohga hamd aytaman, undan boshqa hech iloh yo'qdir. Yuborgan elchinglar biz Rumdan qaytayotgan paytimizda kelgan ekan, ular bilan Madinada uchrashdik. Ular menga sizlarning hol-ahvolingizni, musulmon bo'lganingizni va mushriklarni o'ldirayotganingizni aytishdi. Sizlar tuzatuvchilardan bo'lib, Ollohga, payg'ambarga itoat etsanglar, farz namozini o'qisanglar, zakot bersanglar, g'animatning beshdan birini Olloh yo'liga ajratsanglar, payg'ambarning ulushini hamda mo'minlarga vojib bo'lgan sadaqani bersanglar, bu Ollohning sizlarni to'g'ri yo'lga hidoyat qilganidir. Men Zur'a Ziyyazin elchilarimni yubordim. Ularga yaxshi muomala qilishinglarni tavsiya etaman. Ular Muoz ibn Jabal, Abdulloh ibn Zayid, Molik ibn Uboda, Uqba ibn Namir, Molik ibn Murra bilan ularning hamrohlaridir. Sizlar beradigan zakotni va g'ayridinlardan olinadigan xirojni shularga topshirishinglar mumkin. Elchilarning boshlig'i Muoz ibn Jabal. Ular sizlardan rozi bo'lib qaytishsin. Muhammad shunga guvohlik beradiki, yolg'iz Ollohdan boshqa iloh yo'q. Muhammad Ollohning bandasi va elchisidir. Molik ibn Murra sening hamirliklar orasida birinchi bo'lib imon keltirganing va mushriklarni o'ldirganing haqidagi xabarni yetkazdi. Senga xayrli bashorat beraman va Hamir xalqiga boshchilik qilishni topshiraman: bir-biringizga xiyonat qilmaslikni, aksincha yordam berishni buyuraman. Muhammad boyu kambag'al hammangizning yo'lboshchingizdir. Muhammad va uning oilasi sadaqa olishi durust emas. Sizlarning bergan zakotingiz kambag'al musulmonlarga, muhtoj musofirlarga ulashiladi. Molik (u yerdagi) ahvol haqida batafsil ma'lumot berdi. Unga yaxshi muomala qilishinglarni buyuraman. Sizlarga salom. Olloh sizlarga rahmat yog'dirsin va barokat bersin".

HAMADON ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Hamadondan elchilar tashrif buyurishdi. Ularning orasida mashhur shoir Molik ibn Namat ham bor edi. Egnilariga Yamanning yo'l-yo'l matosidan to'n kiyib, boshlariga Adan sallasini o'ragan elchilar bilan rasululloh Tabukdan qaytganlaridan keyin uchrashdilar. Molik payg'ambar alayhis-salomni maqtab she'r o'qidi:
Qasam tangriga, el etmish tuyalarni biyobonga,
Mushkulini oson etar safar chog'ida karvonga.
Rasulullohga ergashdik so'zini tasdiq qilib,
Yubormish Olloh bizni da'vat etgani imonga.
Muhammaddan botir yo'q dushmanga qarshi turmoqqa,
Topilmas bas kelar inson bu yanglig' mardu maydonga.
Payg'ambar alayhis-salom Molik ibn Namatni o'z qavmidan musulmon bo'lganlarga boshliq etib tayinladilar. Rasululloh hamadonliklar haqida alohida mehr bilan gapirganlar: "Bu naqadar yaxshi qabila, hamadonliklar darrov jonimizga oro kirdi, ular azobga g'oyat bardoshli odamlar, ularning orasida mard kishilar, qobiliyatli arboblar bor".

TUJIB ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Tujib qabilasining o'n uch kishilik elchilari tashrif buyurishdi. Zakot mollari olib kelgan elchilarni rasululloh xursand bo'lib, ehtirom bilan kutib oldilar. Elchilar: "Ey rasululloh, biz mollarimizdan Ollohning haqini (zakotni) olib keldik", deyishdi. Rasululloh: "Bu mollarni olib ketib, kambag'allarga ulashib beringlar", dedilar. Elchilar: "Ey rasululloh, biz kambag'allarimizdan ortganini olib keldik", deyishdi. Abu Bakr gapga aralashib: "Shu paytgacha bunday yaxshi elchilarni ko'rmagan edim", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Hidoyat Ollohning ixtiyorida, u biron odamga yaxshilikni iroda qilsa, uning qalbini imon bilan munavvar etadi", dedilar. Elchilar rasulullohdan Qur'on ta'limini olishdi va shu jarayonda sarvari olamga bo'lgan muhabbatlari yanada ortdi. Ular yurtiga qaytmoqchi bo'lishganda rasululloh: "Nega buncha shoshayapsizlar?" deb so'radilar. Elchilar: "Tezroq yurtimizga borib, xudoning elchisi bilan uchrashganimizni va o'rgangan narsalarimizni aytib bergani shoshyapmiz", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularni qimmatbaho sovg'a-salomlar bilan taqdirladilar va: "Hamrohlaringizdan biron kishi qolib ketmadimi?" deb so'radilar. "Narsalarimizga qarayotgan bir yosh bola qoldi", deyishdi elchilar. Rasululloh: "O'sha bolani mening oldimga yuboringlar", dedilar. U bola kela solib: "Ey rasululloh, men ham sening ziyoratinga kelgan elchilardanman, sen boshqalarning hojatini ravo qilding, mening ham talabimni bajo keltir", dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Nima talabing bor?" deb so'radilar. Elchi bola: "Ollohdan meni mag'firat qilishini, menga rahmat qilishini va boyligimni qalbimga jo qilishini so'ragin" dedi. Payg'ambar alayhis-salom: "Ey Olloh, unga mag'firat qilgin, shafqatli bo'lgin, uning boyligini qalbiga jo qilgan", deya duoga qo'l ochdilar. Shundan keyin sheriklariga buyurilgan narsalarni unga ham tayinladilar.

SA'LABA ARABLARINING ELCHILARI

Sa'laba arablari musulmon bo'lganining xabarini yetkazish uchun to'rt nafar elchi keldi. Ular payg'ambar alayhis-salomga uchrashib: "Ey rasululloh, biz xalqimiz musulmon bo'lganini aytgani keldik. Eshitishimizcha, hijrat qilmaganlar musulmon hisoblanmaydi, degan emishsan. Shu gap rostmi?" deyishdi. Rasululloh: "Qaerda bo'lsangiz ham taqvo qilsangiz musulmon hisoblanasiz", dedilar va el-yurtning ahvoli bilan qiziqdilar, Yurtimizda mo'l-ko'lchilik, odamlar farovon yashashyapti", deyishdi elchilar. "Xudoga shukr", — yengil tin oldilar rasululloh. Elchilar Madinada bir necha kun mehmon bo'lishdi. Qaytayotganlarida payg'ambar alayhis-salom ularning har biriga besh uqiyadan kumush sovg'a qildilar.

BANI SA'D IBN HUZAYIM ARABLARINING ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Huzoa qabilasidan bani Sa'd ibn Huzayim arablarining elchilari tashrif buyurishdi. Ulardan Nu'mon degan elchi bunday hikoya qiladi: "Biz rasulullohning huzuriga kelgan paytimizda arablardan tashqari ko'pgina davlatlar u kishiga bo'ysunib bo'lgan edi. Ularning bir guruhi ixtiyoriy tarzda, ikkinchi guruhi esa qilichdan qo'rqib bosh eggan edi. Biz Madinaga kelib, qo'nalg'a topib, joylashganimizdan keyin masjidga yo'l oldik. Biz yetib borganimizda rasululloh bir mayitning: janoza namozini o'qiyotgan ekanlar. Biz ko'pchilikka qo'shilib janoza namozini o'qimay rasululloh bu ibodatni tugatishlarini kutib, bir chetga chiqib turdik. Rasululloh namozdan forig' bo'lgach, bizni chaqirib, kimligimizni so'radilar. Biz bani Sa'd ibn Huzayim arablaridan ekanligimizni aytdik. "Musulmonmisizlar?" deb so'radilar rasullulloh. Biz musulmonligimizni, faqat payg'ambarga bay'at qilmay turib namoz o'qish durust bo'lmasmikin, deb o'ylaganimizni aytdik. Rasululloh: "Islom dinini qayerda qabul qilishingizdan qat'i nazar, baribir, musulmon hisoblanaverasizlar", dedilar. Biz rasulullohga qo'l berib, bay'at qildik va qo'nalg'amizga qaytib ketdik. Oramizdagi eng kichigimizni narsalarimizga qarab o'tirgani qoldirgan edik. Rasululloh bundan xabar topib, uni chaqirtirdilar. Biz uni masjidga boshlab bordik. U oldinga o'tdi-da, musulmon bo'lganini bildirib, payg'ambar alayhis-salomga qo'l berdi. Biz: "Ey rasululloh, u bizning eng kichkinamiz va xizmatchimiz", dedik. Payg'ambar alayhis-salom: "Qavmning xizmatchisi qavmning xo'jasi hisoblanadi. Olloh uni barokatli qilsin", dedilar. Payg'ambar alayhis-salomning duolari sharofati bilan u Qur'onni yaxshi o'qiydigan eng yaxshi odamlarning biriga aylandi. Biz rasulullohdan qimmatbaho sovg'a-salomlar olib yurtimizga qaytdik.

FUZOA QABILASINING ELCHILARI

Islom dinini qabul qilgan bani Fuzoa qabilasidan payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga elchilar kelishdi. Bu qabila qahatchilikka uchrab, tang ahvolda kun kechirardi. Rasululloh elchilardan xalqning ahvolini so'radilar. Elchilardan biri o'rnidan turib: "Ey rasululloh, yurtimizda qahatchilik bo'lib, mol-holimiz qirilib ketdi, bola-chaqamiz och qoldi. Robbingga duo qilgin, yomg'ir yog'dirsin. Robbing huzurida bizga shafoat qilgin, robbing: shafoatingni qabul etib, muruvvat ko'rsatsin", dedi. Payg'ambar alayhis-salom, men robbimning huzurida shafoat qilamanmi? Robbimiz huzurida kim shafoat qila olardi? Olloh pokdir. Undan boshqa hech iloh yo'qdir. U oliy ulug' zot, uning arshi osmonu zamindan ham katta: Ollohning ulug'vorligi, azimligidan osmonu zamin xuddi tuyaning yangi to'qimidek g'ijirlaydi (Zalvirining og'irligidan)", dedilar. Shundan keyin minbarga chiqib, Ollohga duo qildilar. Parvardigori olam beadad rahmat ko'rsatib, Fuzoa qabilasining yurtiga mo'l-ko'l yomg'ir yogdirdi.

BANI ASAD QABILASINING ELCHILARI

Sarvari olamning huzurlariga kelgan bani Asad qabilasi elchilarining orasida Ziror ibn Azvar bilan keyinchalik payg'ambarlik da'vosini qilgan Tulayha ibn Abdulloh bor edi. Ular imon keltirgach: "Ey rasululloh, biz qahatchilik yilidagi qiyinchiliklarni yengib, qorong'i kechalarda yo'l bosib, huzuringa keldik. Biz tomonlarga biron kishingni yubormading", deyishdi. Olloh taolo Qur'ondagi Hujurot surasining 17-oyatida bu haqda shunday deydi: "Ular musulmon bo'lganini senga minnat qilishadi. Sen ularga: "Musulmon bo'lganingizni menga minnat qilmanglar, aks holda Olloh imonga hidoyat etgani uchun sizlarga minnat qiladi, degin".
Elchilar johiliyat davridagi qushlarning parvoziga qarab fol ko'rish, kohinlik qilish, mayda toshlar bilan qur'a tashlash kabi ishlarining hukmini so'rashgan edi, rasululloh bundan buyon bunday ishlar bilan shug'ullanishni man etdilar. Elchilar folbinlik hqqida so'rashdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Bu narsani bir payg'ambar bilardi, uni shu payg'ambarning ilmichalik bilimi bor odamgina bilishi mumkin", dedilar. Elchilar bir necha kun turib, diniy ahkomlarni o'rgandilar va sovg'a-salomlar olib o'z yurtlariga qaytdilar.

BANI UZRA ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga bani Uzra, bani Yaliy, bani Murra va Yamandagi Xavlon qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Rasululloh ularga va'daga vafodor bo'lishni, omonatga xiyonat qilmaslikni, qo'ni-qo'shnilar bilan muomala-munosabatni o'rniga qo'yishni tayinladilar hamda birovga zulm o'tkazgan kishining qilmishi qiyomat kuni o'ziga qorong'i zulmat bo'lajagini uqtirib, zulm qilishdan qaytardilar.

BANI MUHORIB ELCHILARI

Bir paytlari payg'ambar alayhis-salom Ukozda odamlarni Islom diniga da'vat etganlarida qattiq norozilik bildirib, musulmonchilikni rad etgan bani Muhorib arablarining elchilari tashrif buyurishdi. Musulmonlarning ashaddiy dushmani bo'lgan Qaysar bani Muqorib xalqini Islom diniga bo'ysundirib, rasulullohning huzurlariga keltirgan Ollohning marhamati va qudratiga tasanno.

G'ASSON ELCHILARI

Payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga G'asson, bani Abs, Nax' arablarining elchilari tashrif buyurishdi. Rasululloh ularni parvardigor ato etgan odob va ochiq chehra bilan kutib oldilar, juda ko'p sovg'a-salom ulashdilar. Yurtiga qaytib borgach, qabiladoshlariga o'rgatishlari uchun imon va shariat ahkomlaridan ta'lim berdilar. Keyinchalik ular qir-adirda yashovchi arablar orasida Islom dinini targ'ib etishda katta xizmat ko'rsatishdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.