background
logotype
image1 image2 image3

Baytullohning isloh qilinishi

Muhammad alayhis-salom o'ttiz besh yeshga kirganlarida katta sel kelib, Ka'baning bir necha yil muqaddam yuz bergan yong'inda shikastlangan devorlari tars-tars yorilib ketdi. Quraysh ahli ziyoratgohni buzib, qaytadan muhtashamroq qilib qurmoqchi bo'lishdi. Oldingisi odam bo'yi balandlikda toshdan tiklangan edi. Odamlar hasharga to'plandi-yu, biroq qadimiy va ulug' inshootni buzishga hech kim botinolmadi, allaqanday qo'rquv bunga monelik qilardi. Valid ibn Mug'ira yig'ilganlarga yuzlanib: "Ka'bani buzishdan maqsad tuzatishmi yoki vayron qilishmi?" deb so'radi. Xaloyiq tuzatish deb javob berdi. "Olloh tuzatuvchilarni halok qilmaydi", dedi Mug'ira va nuragan devorni buza boshladi. Uning jasoratidan ruhlangan odamlar yurak yutib ishga tushib ketishdi. Ismoil alayhis-salom qo'ygan poydevorga yetganda turli hikmatli so'zlar zarb etilgan qimmatbaho laganlar chiqdi. Ilgari ulkan inshootlarning poydevori ishlanayotganda quruvchilar kelgusi avlodlarga mana shunday yodgorlik qoldirish udumi bor edi.

Ka'bani qayta qurish boshlandi. Bu xayrli ishga fahsh va sudxo'rlikdan topilgan harom pul aralashmagan halol mol-dunyo sarflandi. Qabila oqsoqollari ham imoratning toshlarini tashishga ko'maklashishdi. Tosh tashuvchilar orasida rasululloh ham bor edilar. Qurilishga boshchilik qilayotgan Boqum ismli rumlik usta Ka'baning har bir burchagiga bir guruh odamni tosh tashishga tayin etdi. Afsuski, halol yo'l bilan topilgan pul bu ulkan inshootni asl holiga keltirishga yetmay qoldi. Shu bois binoning shimol tomonidagi hijr va hatim deb ataladigan olti gazcha yer mo'ljaldan chiqarib tashlanib, pastakkina devor tiklandi va Ka'ba shu yerdan boshlanajagini bildiruvchi belgi qo'yildi. Binoning balandligi o'n sakkiz gaz bo'lib, ilgarigisidan to'qqiz gaz baland edi. Ichkariga maxsus zinapoyalardan ko'tarilib, salobatli eshiklardan kirilar edi. Hojarul asvad joyiga qo'yiladigan paytda bu sharafli ishni kim bajarishi qattiq bahsu munozaraga sabab bo'ldi. Qiziqqon quraysh oqsoqollari san-manga borishdi, birov-birovga yon bergisi kelmas, shu bahona har kim o'z nufuzi va nasl-nasabini ulug'lashga intilardi. Talashib-tortishish to'rt kunga cho'zildi. Nihoyat Xolid ibn Validning amakisi Abu Umayya ibn Mug'ira Maxzumi janjallashayotganlarga' "Ey xaloyiq, bekorga tortishavergandan ko'ra o'zinglar yaxshi ko'radigan bir odamni tanlanglar. Shu odam qanday hukm chiqarsa, hammamiz rozi bo'laylik", dedi. Yig'ilganlar eshikdan kirgan birinchi kishining hukmiga itoat etishga rozilik berishdi. Eshikdan birinchi bo'lib rostgo'yligi va aminligi bilan hammaning hurmat-e'tiborini qozongan Muhammad alayhis-salom kirib keldilar. Yig'ilganlar mamnuniyat bilan biz Muhammadning xolisligiga ishonamiz, deb yuborishdi.

Quraysh odamlari orasida biron janjal, kelishmovchilik yuz bersa, rasulullohning oldilariga kelishar, u kishi esa hech kimni yuz-xotir qilmay, hech kimning dilini og'ritmay odil hukm chiqarar edilar. Hozirgi vaziyatda ham payg'ambar alayhissalom g'oyat tadbirkorlik bilan ish tutdilar; choponlarini yerga yoyib, ustiga hojarul asvadni qo'ydilar-da, har bir qabila oqsoqoliga choponning chekka-chekkasidan ushlab, barobar ko'tarishni buyurdilar. Qancha bahsu munozaraga sabab bo'lgan tosh o'z o'rniga qo'yildi, bironta qabila boshlig'ining ko'ngli qolmadi, sharafli ishda barobar ishtirok etganidan hammaning boshi osmonga yetdi. Bunday voqealar tufayli ko'pincha arablarda qonli urushlar kelib chiqar, arzimas narsalar sabab bo'lib, o'nlab odamning yostig'i qurir edi. Quraysh ahlining o'zaro muttasil qirpichoq bo'lishining sababi, Baytulloh ularning qiblagohi, haj qiladigan ka'basi bo'lib, bu muqaddas dargohga sarf etilgan mol-dunyo, mehnat tufayli katta imtiyoz va shon-sharafga erishish mumkin edi.

Qur'oni Karimda uqtirilishicha, yer yuzida dastlab qurilgan ibodatxona Baytulloh edi. "Odamlarga (ibodat qilishlari uchun) dasavval barpo etilgan, olamlarni hidoyat qilguvchi uy chindan ham Makkadagi muborak Ka'badir. Ka'bada buning aniq nishonalari bor, maqomi Ibrohim* ana shulardan biri. Ka'baga kirgan kishi buiga ishonch hosil qiladi", deyiladi Oli Imron surasining 96-97 oyatlarida. Ka'baga ismoil avlodidan keyin jurhum qabilasi egalik qildi. Ular Makkaga kelgan kishilarga zulm o'tkazishganda huzoa qabilasidagilar birlashib zo'ravonlarni muqaddas dargohdan quvib chiqarishdi va uzoq yillargacha Ka'baga ular ega bo'ldilar. Qusay ibn Kilob zamoniga kelib ziyoratgoh qurayshlarning qo'liga o'tdi. Makkada osoyishtalik o'rnatildi, qurayshlardan boshqa arab qabilalari hayiqishardi. G'animlar ta'qibga uchraganlar uchun Ka'ba ishonchli boshpanaga aylandi. Olloh Qur'onda ularga bergan ne'matini eslatib: "Ularning yon-beridagi kishilar talon-tarojga uchrashyapti, Makkani, Ka'bani tinch joy qilib qo'yganimizni bilishmadimikin" deydi Ankabut surasining 67-oyatida.

*Maqomi Ibrohim - Ibrohim alayhis-salom Ka'bani qurayotganlarida turgan joylari.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.