background
logotype
image1 image2 image3

Bani Nazir g'azoti

Yengiltaklik bilan o'ylamasdan ish qilish xunuk oqibatlarga sabab bo'ladi. Tinchgina yashayogan biron qavmning boshliqlari o'z manfaatlarini ko'zlab qilgan xiyonatlari shu qavmga baloyu-qazo, vayrongarchilik olib kelishi muqarrar. Madina yaqinida yashovchi Xazraj qabilasining ittifoqdoshi bani Nazir yahudiylarining boyniga shunday kun tushdi. Musulmonlar bilan bani Nazir qabilasi o'rtasida tinch-totuv yashash bitimi imzolangan edi. Biroq ular hasadgo'yligi va niyati buzuqligi tufayli xiyonat ko'chasiga kirishdi. Payg'ambar alayhis-salom bir guruh sahobalar bilan bani Nazirlarning mahallasiga kelganlarida yahudiylar u kishiga suiqasd uyushtirishdi. Rasululloh ko'chadan o'tayotganlarida ustilariga xarsangtosh tashlab yuborishni rejalashtirishdi. Ularning shum niyatini sezib qolgan payg'ambar alayhis-salom darrov orqaga qaytib ketdilar va Muhammad ibn Maslamani yuborib, xoinlik qilganlari uchun yahudiylarga Madinadan chiqib ketishni buyurdilar. (Zero haqiqiy ehtiyotkorlik insonning xiyonat bilan muomalada beparvo bo'lmasligidir.)

Yahudiylarning shahardan ko'chib ketish tadorikini ko'rayotganidan xabar topgan munofiqlar o'z vakillarini yuborib: "Hech qayoqqa ketmanglar. Har qanaqa sharoitda biz yordam beramiz", dedilar. Olloh taolo Hashir surasining 11-12-oyatlarida munofiqlar haqida bunday deydi: "Munofiqlar ahli kitob orasidagi (Qur'onni) inkor etgan birodarlariga (yurtinglardan) chiqarib yuborilsanglar, biz ham albatta sizlar bilan birga ketamiz, sizlarning zararingaz hisobiga hech qachon birovga itoat etmaymiz, sizlarga (qarshi) urush ochilsa, yordam berishimiz aniq, deyishganini bilmaysanmi? Olloh guvohlik beradiki, ular mutlaqo yolg'onchilardir. Agar ular haydab chiqarilsa, munofiqlar sira birga ketishmaydi. Agar ularga (qarshi) urush ochilsa, munofiqlar yordam qo'lini cho'zishmaydi, yordam berishsa-da ters burilib qochishadi, ahli kitob yordamga erisholmaydi".

Yahudiylar munofiqlarning yordamiga umid bog'lab, ko'chish muddatini paysalga solishdi. Payg'ambar alayhis-salom o'rinlariga ibn Ummu Maktumni qo'yib, Aliga tug' ushlatib, yahudiylarga qarshi yasov tortib chiqdilar. Bani Nazir yahudiylari omon qolish umidida qo'rg'onlariga yashirinib olishdi. Musulmonlar ularni olti kun muhosara qilishgach, payg'ambar alayhis-salom xurmo daraxtlarini kesib tashlashni buyurdilar. Bu holdan yuragiga vahm tushgan yahudiylarning taslim bo'lishdan o'zga chorasi qolmadi.

Munofiqlarning boshlig'i Abdulloh ibn Ubaydan kutilgan yordam kelmadi; ular ilgari Bani Qaynuqo' qabilasidan voz kechishgandek bani Nazirdan ham osongina yuz o'girishdi. Yahudiylar rasulullohdan jonlariga omonlik, qurol-yaroqlardan boshqa narsalarini tuyalari ko'targuncha olib ketishga ijozat so'rashdi. Ruxsat olingach, uylarini musulmonlarga qoldirmaslik uchun o'z qo'llari bilan buzib tashladilar. Haybarga kelib tushgan guruhga yahudiylarning Huyay ibn Axtab va Sallom ibn Abu Huqayq bosh edi.

Yahudiylarning bir qismi Shomdagi Azriot degan joyga ko'chib borishdi. Ulardan Yomin ibn Amir bilan Abu Sa'd ibn Vahab musulmon bo'lishdi. Bani Nazirdan g'animat olingan mol-mulkni rasululloh g'oziylarga bo'lib bermadilar, sababi, bu chinakam jang qilib, qon to'kib, qo'lga kiritilgan o'lja emas edi. Bu xildagi g'animat urush tayyorgarligini ko'rgani uchun Payg'ambar alayhis-salomning o'zlariga, oilasi va yaqinlariga, yetim-esir, g'ariblarga tegishli edi. Hashir surasining 7-oyatida bu narsa alohida ta'kidlab o'tilgan: "Olloh payg'ambariga g'animat qilib bergan ahli quroning,* mollari orangizdagi boylar o'rtasida qo'ldan-qo'lga o'tib yurmasligi uchun yaratganga, payg'ambarga, uning hesh-aqrabolariga, yetimlarga, miskinlarga ibn sabillarga xos qildi". Rasululloh g'animatning bir qismini yurtidan bosh olib ketishga majbur bo'lgan kambag'al muhojirlarga berdilar. Shu bilan ular yangi kelgan paytida ansorlardan olgan qarzlarini uzishdi. Payg'ambar alayhis-salom ishlab ro'zg'orlariga yegulik yetishtirish uchun bir parcha yerni o'zlariga ajratib oldilar.

*Ahli quro - Madina atrofidagi bani Quzayza, bani Nazir, Fadak Haydar Urayna qabilalari va qishloqlarining aholisi.

ZOTUR-RIQO' G'AZOTI

Shu yilning rabbiul oxir oyida Najd tomonda yashovchi arablardan bani Muhorib, bani Sa'la qabilalari musulmonlarga qarshi urushga taryorgarlik ko'rishayotgani ma'lum bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom yetti yuz sahobani ularga qarshi otlantirdilar. Rasulullohning o'rnilarida Usmon ibn Affon qoldi. Musulmonlar dushman yurtiga yetib kelganda, shahar, qishloqlarda ayollaru bola-baqradan boshqa hech kim ko'rinmadi, erkaklar qo'rqqanidan tog'-toshga juftakni rostlab qolishgan ekan.

Musulmonlarning unchalik ko'p emasligini ko'rgach, mushriklarning bir qismi yurak yutib pastga tushdi, lekin baribir jang qilishga botinisholmadi. Bu orada namozdigar (asr namozi) vaqti bo'lib qoldi. Rasulluloh dushman qo'qqisidan hujum qilib qolishdan xavfsirab salotuxavf* dedilar. Mushriklar musulmonlarga yaqinlashishga jur'at etolmay tarqab ketishdi. Imom Buxoriy bu g'azotni hijratning yettinchi yili, boshqa islom tarixchilari esa to'rtinchi yili bo'lgan deb hisoblashadi.

*Salotuxavf - musulmonlar urush holatida turganlarida namozni ikkiga bo'linib galma-gal o'qish.

IKKINCHI BADR G'AZOTI

Shu yili sha'bon oyida Abu Sufyon dag'dag'a qilib aytgan vaqt keldi. Uhud g'azotidan keta turib u kelgusi yili sizlar bilan savdo mavsumida Badrda yana urushamiz, degan edi. Payg'ambar alayhis-salom bu gapga rozilik bergan edilar. Har yili sha'bon oyida Badrda sakkiz kun bozor bo'lar edi. Va'dalashgan vaqt yetib kelganda qurayshda qahatchilik yuz berib, mushriklar urushishga botinisholmadi. Abu Sufyon lafzida turmaydigan qo'rqoq degan nom olmaslik uchun qo'shinining soni ko'pligini pisanda qilib, musulmonlarni qo'rqitmoqchi va shu bahonada ularni urushish fikridan aynitmoqchi bo'ldi. Naim ibn Mas'ud Abu Sufyonning topshirig'iga binoan musulmonlarning huzuriga elchi bo'lib bordi.

Olloh taolo Naimning musulmonlar ko'ngliga g'uluv solish uchun aytgan gaplarini Oli Imron surasining 173-oyatida bunday naql etadi: "Kishilar ularga: haligi odamlar sizlarga hujum qilish uchun qo'shin to'pladi, ulardan qo'rqinglar", deyishdi. Bu gap ularning imonini mustahkamlaydi. Ular: "Bizga Olloh kifoya, u naqadar yaxshi xomiy, deyishdi". Payg'ambar alayhis-salom Naimning tahdidini pisand qilmay bir yarim ming sahoba bilan yo'lga chiqdilar. Va'dalashilgan joyda biron kimsa ko'rinmaydi. Naimning tahdididan keyin musulmonlar Badrga kelishga jur'at etolmay beburd bo'lishadi, deb o'ylagan Abu Sufyon Majinna degan joydagi mashhur bozorga yetib kelganda qavmiga: "Bu yil qahatchilik yili, ma'murchilikda kelganimiz yaxshi", deb odamlarini qaytarib yuborgan edi.

Musulmonlar esa Badrda bemalol savdo-sotiq qildilar. Bu xususda Oli Imron surasining 174-oyatida: "Ular Ollohning ne'mati va fazli bilan qaytib kelishdi, hech qanday ziyon-zahmatga uchramadi, ular yaratganning roziligini izlashdi. Olloh ulug' fazl egasidir". Safvon ibn Umayya bu gapdan xabar topib Abu Sufyonga: "Boshda seni musulmonlarga bergan va'dangdan qaytargan edim. Ular va'daga xilof ish qilganimizni ko'rib bizga qarshi otlanishga jur'at etishdi", dedi.

Shu yili payg'ambar alayhis-salomning nevarasi Husayn ibn Ali tug'ildi. Rasullohning ayoli, Xuzaymaning qizi Zaynab onamiz vafot etdi, shuningdek ammalarining o'gli va Habashistonga birinchi bo'lib hijrat qilgan emakdosh birodari Abu Salama olamdan o'tdi; eri vafot etib, tul qolgan Ummu Salamani rasululloh nikohlariga oldilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.