background
logotype
image1 image2 image3

Aqoba bay'ati

Keyingi yili Ka'ba ziyoratiga Xazraj qabilasidan o'n kishi, Avs qabilasidan ikki kishi keldi. Bular As'ad ibn Zurora, Horisning o'g'illari Avf bilan Muoz, Rofi' ibn Molik, Zakvon ibn Qays, Uboda ibn Somid, Yazid ibn Salaba, Abbos ibn Uboda, Aqaba ibn Omir, Qutba ibn Omir, Abul Haysan ibn Tayhon, Uvayim ibn Soidalar edi. Ular Makkadan uch chaqirim naridagi Aqoba degan jilg'a bo'yida rasululloh bidan uchrashib, Islom diniga kirdilar.

Makka fath etilgan kuni ayollar qanday bay'at berishgan bo'lsa, xuddi shunday qasamyod etishdi. Bu jihod farz etilishidan avvalgi qasamyod bo'lib, mazmuni quyidagicha edi: "Ollohga hech narsani sherik keltirmaslik, o'grilik qilmaslik, zinodan saqlanish, bolalarni o'ldirmaslik, birovga tuhmat va bo'hton yog'dirmaslik, payg'ambar alayhis-salom buyurgan yaxshi ishlardan bo'yin tovlamaslik. Mana shu narsalarga amal qilganlar jannatga kiradi, bo'yin tovlaganlarning taqdiri Ollohning ixtiyorida: istasa kechiradi, istasa azob beradi". Bu birinchi Aqoba bay'ati edi.

Payg'ambar alayhis-salom ularga Qur'on va diniy ahkomlarni o'rgatish uchun Mus'ab ibn Umayir bilan Xadichaning xolavachchasi Abdulloh ibn Ummu Maktumni jo'natdilar. Mus'ab qasamyod qilganlardan Abu Umoma As'ad ibn Zuroraning uyiga tushib, Xazraj va Avs qabilasidagilarni islom diniga da'vat eta boshladi. Kunlarning birida Avs qabilasining boshlig'i Sa'd ibn Muaoz qarindoshi Usayid ibn Xuzayirga: "Bizning odamlarimizni ahmoq deb hisoblaydigan bu ikki kelgindi bilan bir gaplashib qo'ymaysanmi?" dedi. Usayid nayzasini olib ikki muhojirga ro'baro' bo'ldi-da: "Nega sizlar bizning odamlarimizni ahmoq qilib yuribsizlar? Agar shaxsiy adovatinglar bo'lsa, orani ochdi qilib olinglar, boshqa talabinglar bo'lsa, uni ochiq aytinglar", dedi. Mus'ab unga javoban: "Oldin mana bunday o'tirib gaplarimizni eshitib ko'r, xohlasang islom dinini qabul qilasan, xohlamasang zorimiz boru zo'rimiz yo'q", dedi va Qur'on oyatlarini o'qiy boshladi. Ollohning irodasi bilan Usayidning kulfi-dili ochilib, islom dinini qabul qildi. U qaytib borganda oqsoqoli nimalar qilganini so'radi. "Xudo haqqi, ular yomon odamlar emas ekan", dedi Usayid. Sa'd darg'azab bo'lib, kelgindilar bilan gaplashib qo'ygani o'zi bordi. Mus'ab uni xuddi Usayiddek xushmuomalalik bilan kutib oldi, muddaosini yotig'i bilan tushuntirdi. Qur'on o'qib berdi. Sa'd ham insofga kelib, musulmon bo'ldi va Abdu Ashhal jamoasiga borib: "Men sizlar uchun kimman?" dedi. "Sen bizning boshlig'imiz va oqsoqolimizning o'g'lisan", deyishdi. "Unday bo'lsa, bugundan e'tiboran imon keltirib, islom diniga kirmaguninglarcha sizlar bilan gaplashish menga harom", dedi Sa'd. Abdu Ashhal jamoasining odamlari oqsoqollariga ergashib yoppasiga musulmon bo'ldilar.

Yasribda islom dini keng tarqala boshladi. Odamlar behuda bahs-munozara qilish o'rniga endi ko'proq islom dini ta'limotlari haqida gaplashadigan bo'lishdi.

IKKINCHI AQOBA BAY'ATI

Birinchi Aqoba bay'atidan keyin ikki yil o'tgach, haj ibodatiga yasribliklardan juda ko'p odam keldi. Ularning orasida mushriklari ham bor edi. Rasululloh yasribliklarning vakillari bilan ko'rishib, kechasi Aqobada uchrashishga kelishdilar; va'dalashilgan paytda uxlayotganlarni uyg'otmaslikni, vaqtida yetib kelmaganlarni kutmaslikni tayinladilar, chunki bu ishlar qurayshlardan pinhon olib borilar, agar ular sezib qolishsa, halal berishga, g'alva chiqarishga urinishlari turgan gap edi.

Ansorlar haj ibodatini tugatgach, yarim kechasi o'z oralaridagi mushriklardan yashirincha va'dalashilgan joyga kelishdi. Ular yetmish uch kishi bo'lib, oltmish ikkitasi Xazraj, o'n biri Avs qabilasidan edi. Bularning orasida ikki ayol kishi - Najjor jamoasidan Ka'bning qizi Nusayba, Salama jamoasidan Amrning qizi Asmo ham bor edi. Rasululloh ansorlar bilan aytilgan vaqtda shartlashilgan joyda uchrashdilar. U kishi bilan hali musulmon bo'lmagan amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib birga keldi. U rasululloh bilan yasribliklar o'rtasidagi ahdu paymonni mustahkamlash uchun qarindosh-urug'lari payg'ambar alayhis-salomni himoya qilajaklarini, g'animlari u kishiga biron shikast etkazishga yo'l qo'ymasliklarini, bu yo'lda har qanday qiyinchilikka tayyor ekanliklarini bildirib qo'ygani kelgan edi. "Agar sizlar payg'ambarga bergan va'danglarda turib dushmanlardan himoya qilolsanglar, yurtingizga borsin, agar bu ishning uddasidan chiqolmasanglar o'z urug'-aymog'i bilan yashayvergani tuzuk", dedi Abbos. Ansorlarning boshlig'i Baro ibn Ma'rur hammaning nomidan: "Xudo haqqi, va'damizga vafo qilamiz, rasululloh uchun jonimiz fido", deya va'da berdi. Yasribliklar rasulullohdan: "Robbing uchun, o'zing uchun qo'yadigan qanday shartlaring bor?" deb so'rashdi. "Robbim uchun qo'yadigan shartim shuki, sherik keltirmay yolg'iz Ollohga ibodat qilasizlar, - dedilar payg'ambar alayhis-salom. - O'zim uchun qo'yadigan shartim shuki, sizlar tomonga borganimda meni xuddi o'z ayolingiz va bolalaringizdek himoya qilasizlar". Abul Haysan ibn Tayhon o'rnidan turib: "Ey rasululloh, biz yahudiylar bilan shartnomalarimizni buzib sen tomonga o'tamiz. Qo'ling baland kelib g'alabaga erishsang darrov bizni tashlab, Makkadagi qavm-qarindoshing yeniga ketib qolmaysanmi?" deb so'radi. "Qonga qon, jonga jon", dedilar rasululloh kulimsirab. Shundan keyin qasamyod boshlandi. Bu tarixan ikkinchi Aqoba bay'ati deb ataladi.

Odamlar payg'ambar alayhis-salomning talablariga binoan bir-birlab qasamyod qilishdi. Bu sharafli ishni birinchi bo'lib As'ad ibn Zurora ado etdi. Shundan so'ng o'n ikki kishi - Xazraj qabilasidan to'qqiz, Avs qabilasidan uch kishi - ularga boshliq etib saylandi. Bular Abul Haysan ibn Tayhon, As'ad ibn Zurora, Usayid ibn Xuzayir, Baro ibn Ma'rur, Rofi' ibn Molik, Sa'd ibn Abi Xaysama, Sa'd ibn Robi', ibn Uboda, Abdulloh ibn Ravoha, Abdulloh ibn Amr, Uboda ibn Somit, Munzir ibn Amr edilar. Rasululloh ularga: "Isoning yordamchilari unga kafil bo'lishgandek sizlar ham o'z qavminglarga, men ham qavmimga kafilman", dedilar. Mushriklar bu bay'atdan xabar topib, yasribliklar tushgan joyga kelib: "Muhammadni Makkaddan olib ketmoqchimisizlar? U bilan shartnoma tuzib, biz bilan urushmoqchimisizlar?" deyishdi. Yasribliklar bu gapni rad etishdi. Bay'atdan bexabar mushriklar ham kechasi hech qanday hodisa yuz bermaganini tasdiqlashdi. Mushriklar ko'zlagan maqsadiga erisholmay noiloj iziga qaytishga majbur bo'lishdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.