background
logotype
image1 image2 image3

Abu Bakrning haj qilishi

Hijratning to‘qqizinchi yili zulqa’da oyining oxirida hajga boradiganlarga payg‘ambar alayhis-salom Abu Bakr Siddiqni boshliq etib tayinladilar. Abu Bakr uch yuz kishi bilan rasululloh qurbonlikka atab bergan yigirmata tuyani va o‘zining beshta tuyasini olib yo‘lga tushdi. Ular jo‘nab ketishgandan keyin payg‘ambar alayhis-salomga Boroat surasining bosh qismi nozil bo‘ldi. Rasululloh hajji akbar (katta haj) kunida ushbu surani hojilarga yetkazish uchun bu sharafli vazifani menga vakolatan mening xonadonimga mansub odam ado etmog‘i kerak, deb Abu Bakrning orqasidan Ali ibn Abu Tolibni jo‘natdilar. Ali ulovini qichab haydagancha hajga ketayotganlarga yarim yo‘lda yetib oldi. Abu Bakr: "Rasululloh seni hajga yetakchi qilib yubordimi?" deb so‘ragan edi Ali: "Yo‘q, meni odamlarga Boroat surasini yetkazish uchun yubordi", deya javob berdi. Hojilar Qurbon hayiti kuni Minoda to‘plangan paytda Ali ularga Boroat surasining bosh qismidagi o‘n uch oyatni o‘qib berdi. Bu oyatlarda va’dasida turmagan mushriklar bilan tuzilgan shartnomalar kuchga ega emasligi, mushriklarga to‘rt oy muhlat berilishi, ular bu muddatda istagan joyga bora olishi, musulmonlarga qarshi chiqmagan va xiyonat qilmagan mushriklar bilan tuzilgan shartnomalar esa muddati bitgungacha to‘la kuchga egaligi bayon etilgan edi. Ali mazkur oyatlarni o‘qib bo‘lgach, bu yildan e’tiboran Baytullohni mushriklar va yalang‘och odamlar tavof etishi mumkin emasligini e’lon qildi. Ali bu safar mobaynida hazrati Abu Bakr Siddiqning orqasida namoz o‘qidi.

IBN UBAYNING VAFOTI

Shu yilning zulqa’da oyida Abdulloh ibn Ubay olamdan o‘tdi. Uning janoza namozini payg‘ambar alayhis-salomning o‘zlari o‘qidilar. Dafn etilayotganda qabr tepasida turdilar. Rasululloh bu ishlarni marhumning o‘g‘li Abdullohning ko‘nglini ko‘tarish hamda o‘z qabilasida yuqori nufuzga ega bo‘lgan kishining o‘lganidan keyin ham hurmatini joyiga qo‘yish orqali Hazraj qavmini insofga keltirib, dilini islom diniga moyil etishni ko‘zlab qildilar. Keng fe’li, kechirimli, muruvvatli sarvari olamning Abdulloh ibn Ubay xonadoniga ko‘rsatgan iltifotlari juda ko‘p munofiqlarning u kishi hamda islom dini haqidagi chalkash tasavvurlarini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ko‘plari shu kundan e’tiboran xiyonatkorlikni butunlay yig‘ishtirdilar. Shundan keyin Olloh taolo payg‘ambar alayhis-salomga munofiqlarning janoza nomozini o‘qishni taqiqlab, Tavba surasining 84-oyatini nozil qildi: "Ulardan o‘lganlarning sira janozasini o‘qima va qabrlari ustida turma".

UMMU GULSUMNING VAFOTI

Shu yili rasulullohning qizlari, hazrati Usmonning umr yo‘ldoshi Ummu Gulsum vafot etdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.