background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 7-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 7-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolarida «Allohumma inniy a'uzu bika min sharri ma ‘amiltu va min sharri ma lam a'mal», deb aytardilar (Ma'nosi: Allohim, men Sendan amal qilgan va amal qilmagan narsalarimning yomonidan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yetti halokatli (gunohi azimlar)dan o‘zingizni olib qochingizlar!» - dedilar. (Sahobalar): «Yo Rasulalloh, ular qaysi (gunohi azimlar?)» - deyishdi. Janob Rasululloh: «Olloh taologa shirk keltirmoq, sihr qilmoq, Olloh taolo (o‘ldirmoqni harom) qilgan jonni nohaq o‘ldirmoq, poraxo‘rlik qilmoq, yetimlar molini yemoq, qo‘shin yurish qilgan kuni jangdan qochmoq va buzuqlik (ne ekanligi)dan bexabar, pokdomon mo‘minalarni badnom kilib qo‘ymoqdur», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Payg‘ambarlardan biri (ya'ni, Yo‘sha' ibn Nun) g‘azotga chiqmoqchi bo‘ldilar. Shunda ul kishi o‘z qavmlariga: «Ayolning farjiga yetishib (ya'ni, yaqindagina bir ayolga uylanib), uning huzuriga kirmoq orzusida turgan, hali uni jimo' qilib ulgurmagan biror kishi mening ortimdan (g‘azotga) ergashmasin! Uylar qo‘rib, hanuz tomlarini yopa olmagan (kishilardan) birortasi ham (mening ortimdan g‘azotga) ergashmasin! (Shuningdek, bo‘g‘oz) qo‘y yoki (bo‘g‘oz) tuyalar sotib olib, ularning bolalamog‘ini kutayotgan biror kishi ham (mening ortimdan g‘azotga) ergashmasin!» - deb amr qildilar. (Chunki, bunday kishilarning xayollari doimo xotinlari, uylari va mol-hollarida bo‘lib, g‘azotdan chalg‘ir erdilar). So‘ng, ul kishi (bir qancha yahudiy qabilalari birlan birga) g‘azotga yo‘l olib, asr namozi vaqtida yoki taxminan shu vaqtlarda bir qishloqqa (ya'ni, Ariyhoga) yaqinlashdilar. (Shu kuni jum'a kuni bo‘lib, ikki o‘rtada qattiq jang boshlandi. Ammo, Yo‘sha' alayhissalom Quyosh botishiga va yahudiylar uchun urush man' qilingan shanba tunining kirishiga oz vaqt qolganidan xavotir olib), Quyoshga: «Sen (botishga) buyurilgansan, men ersam (sen botguncha urush qilishga) buyurilganman»,- (dedilar. So‘ng, Olloh taologa): «Yo parvardigoro, (ularni mag‘lub etgunimizga qadar) Quyoshni (botishdan) to‘xtatib turgil!» - deb iltijo qildilar. (Shunda Olloh taolo) Quyoshni (botishdan) to‘xtatib, Yo‘sha' alayhissalomga zafar ato etdi. So‘ng, ul kishi (barcha) o‘ljalarni (bir yerga) to‘plab erdilar, (Olloh taolo ul o‘ljalarni yondirib yubormoq uchun o‘tni yubordi), lekin o‘t kelib o‘ljalarni yendirmadi. (Ya'ni, Yo‘sha' alayhissalomning qavmlariga o‘lja olmoq harom qilingan bo‘lib, ular har jangdan so‘ng o‘ljalarni bir yerga . tuplashar erdi. Keyin, Olloh taolo utni yuborib, o‘t ul o‘ljalarni yendirar erdi. Ammo, bu safar o‘t o‘ljalarni yondirmadi, chunki ular o‘ljalardan o‘g‘irlab, yashirib qo‘yishgan erdi). Yo‘sha' alayhissalom (qavmga): «Oralaringizda xiyonat sodir bo‘ldi, shul bois har bir qabiladan bir kishi menga (qo‘l berib) bay'at qilsin (qasam ichsin!)» - dedilar. Ular Yo‘sha' alayhissalomga (qo‘l berib) bay'at qilishayotganda bir kishining quli ul kishining qo‘llariga yopishib qoldi. Shunda Yo‘sha' alayhissalom (o‘shal kishiga): «Xiyonat sizlarning orangizda sodir bo‘lgandur, endi sening qabilang menga bay'at qilsin!» - dedilar. O'shal qabila ahli (birma-bir) bay'at qilganda ulardan ikki yoki uch kishining quli Yo‘sha' alayhissalomning qo‘llariga yopishib qoldi. Shunda Yo‘sha' alayhissalom (ularga): «Xiyonat sizlarning orangizda sodir bo‘lgandur» - deb erdilar, ular sigir kallasidek keladirgan bir oltinni olib kelib, (o‘ljalarga qo‘shib) qo‘yishdi. Shundan so‘nggina, o‘t o‘ljalarni yondirdi. Keyin, Olloh taolo (ilgarigi payg‘ambarlarning qavmlaridan birortasiga halol qilmagan) o‘ljalarni bizga halol qildi, u bizning zaif va bechorahol ekanligimizni ko‘rib, (bizga rahm aylab) o‘ljalarni bizga halol qildi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Har bir payg‘ambarning o‘z havoriysi (yordamchisi) bo‘lgan, mening havoriyim ersa Zubayr ibn al-Avvomdur» - deb marhamat qildilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.