background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 3-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 3-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh nomi bilan mashaqqatli balodan, baxtsizlikning eng past darajasidan, qazo (qadar)ning yomonidan va dushmanning ichqoraligidan panoh tilanglar», deb aytdilar, ya'ni «A'uvzu billahi min jahdil balo va darakish shaqoi va suv'il qazo va shamotatil a'doi», deb duo qilinglar, dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:«Allohning shunday bandalari borki, Qiyomat kuni ular minbarda o‘tiradilar. Ularning liboslari nur, yuzlari yorug‘ bo‘ladi. Ular payg‘ambarlar ham, shahidlar ham emas, lekin payg‘ambarlar ham, shahidlar ham ularga havas bilan qaraydilar». Shunda sahobalar: «Ular kimlar, yo Rasululloh?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Ular Alloh uchun bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar, Alloh uchun bir-birlarini ziyorat qilganlar va Alloh uchun bir-birlari bilan o‘tirganlardir», dedilar. (sahih, Tabaroniy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Banu Isroilga mansub bir yahudiy ikkinchi bir yahudiydan qarz so‘radi. Shunda qarz berguvchi: «Menga ishonchli guvohlar keltir!» - dedi. Qarz olguvchi: «Ollohning guvohligi kifoya» - deb aytdi. Qarz berguvchi: «Unday bo‘lsa, menga kafil keltir!» - dedi. Qarz olguvchi: «Ollohning kafilligi kifoya», - dedi. Qarz berguvchi: «Rost gapni aytding», - dedi-da, unga muayyan muddatga qarz berdi. Keyin, qarz olgan odam kemaga ultirib ravona bo‘ldi-da, mo‘ljallagan ishlarini ado etgach, qarz bergan odamga olgan qarzini vaqtida olib borib berish uchun kema axtara boshladi, ammo birorta ham kema topa olmadi. Noiloj, u bir yog‘ochni oldi-da, ichini uyib, kavagiga ming dinor va qarz bergan kishiga yozgan xatini tiqib qo‘ydi. So‘ng, kavak og‘zini berkitib, yog‘ochni dengiz sohiliga olib keldi-da: «Yo parvardigoro, mening bir odamdan ming dinor qarz olganimni va u guvoh keltirmog‘imni talab qilganda «Ollohning guvohligi kifoya» deganimni, so‘ng u sening guvohligingta rozi bo‘lib, kafil keltirmog‘imni talab qilganda «Ollohning kafilligi kifoya» deganimni va u sening kafilligingga rozi bo‘lganini bilursan. Keyin, men uning haqini vaqtida olib borib berish uchun kema topishga ko‘p harakat qildim, ammo topolmadim. Endi, bu omonatni senga ishonib topshirurman» - deb yog‘ochni dengizga tashladi, yog‘och dengizda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. So‘ng, u o‘z yurtiga boradirgan kema axtara boshladi. Unga qarz bergan boyagi kishi xususiga kelsak, u: «Shoyad qarz olgan kishi biror kemada pulimni olib kelib qolgan bo‘lsa, borib qaray-chi!» - dedi-da, uyidan chiqib sohilga bordi. Shunda uning ko‘zi suvda qalqib turgan bir yog‘ochga tushib, «O'tinga yarab qolar» degan o‘y birlan uni uyiga olib ketdi. Uyiga borgach, yog‘ochni arralab erdi, ichidan pul va bir xat chiqdi. Shu asnoda qarz olgan kishi yetib kelib, ung‘a ming dinor uzatdi-da: «Olloh taolo haqi, qarzimni vaqtida olib kelib berish uchun tinmay kema axtardim, ammo hozir men kelgan kemadan ilgariroq yo‘lga chiqadirgan kema topolmadim» - deb uzr aytdi. Qarz bergan kishi unga: «Menga biror narsa jo‘natib erdingmi?» - dedi. Qarz olgan kishi: «Senga hozir aytdim-ku, axir, bundan ilgariroq yetib kelish uchun kema topolmadim, deb!» - dedi. Shunda qarz bergan kishi unga: «Darhaqiqat, Olloh taolo yog‘och ichida yuborgan narsangni sening nomingdan menga yetkazdi», - dedi. So‘ng qarz olgan kishi o‘zi birlan olib kelgan ming dinorni qaytarib olib ketdi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki «Ruma» qudug‘ini qazisa (sotib olsa), unga jannat nasib bo‘lgusidur» - deb aytganlarida o‘shal quduqni Hazrat Usmon qaziganlar (sotib olganlar). Shuningdek, Janob Rasululloh: «Kimki Usra (g‘azotiga) qo‘shin tayyorlasa, unga jannat nasib bo‘lg‘usidir» - deb aytganlarida ham (o‘shal g‘azotga) Hazrat Usmon qo‘shin tayyorlaganlar. (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.