background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 29-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 29-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Ziyod ibn Iloqa amakilari Qutba ibn Molikdan (r.a.) qilgan rivoyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma inniy a'uzu bika min munkarotil axloqi val a'moli val'ahva», deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, xulqlarning, amallarning, xohish-istaklarning bema'nisidan Sening noming ila panoh tilayman.) Imom Termiziy rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Rasululloh bunday deganlar: "Halol bilan harom bir narsadir. Ammo ikkalasini bir-biridan farqlashda noaniqliklar mavjud. Odamlarning ko'pi ularni bilmaslar(halol yo harom ekanini). Shuning uchun kimki shubhali narsalardan o'zini tigaydir, dinini kamchiliklardan, obro'yini ta'nadan saqlag'aydir va kimki shubhali narsalardan tiyilmaydir, u birovning ekini chekkasida qo'y boqayotgan cho'ponga o'xshaydir. Uning qo'ylarni ekinga tushirish ehtimoli bordir. Ogoh bo'lingizkim, har bir podshohning o'z chegarasi bordur. Ollohning yerdagi chegarasi harom qilingan narsalardir. Kishi badanida bir parcha go'sht bor, agar u tuzalsa, a'zolarinig barchasi tuzalgaydir, agar u buzilsa, a'zolarining barchasi buzilgaydir. U qalbdir!" (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

«Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni (Banu Zariyq qabilasiga mansub Labiyd ibn al-A'sam ismli bir kohin) sehrlab qo‘ydi. Shunda ul zot ayollariga yaqinlashmoqchi bo‘lardilar-u, ammo yaqinlasha olmasdilar. (Bu holat bir yil davom etdi). Bir kuni (mening huzurimda ekanliklarida men birlan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga) Olloh taologa takror-takror duo aytib iltijo qildilar, so‘ng menga bunday dedilar: «(Ey Oisha), nihoyat Olloh taolo shifo so‘rab qilgan iltijomga ijobat qilganligidan xabardor qilindim: ikki kishi (Hazrat Jabroil va Mikoil) kelishib, birlari (Hazrat Jabroil) bosh tomonimga va ikkinchilari (Mikoil) oyoq tomonimga o‘ltirishdi. Keyin, ulardan birlari ikkinchilariga: «Bul kishining qanday dardlari bor?» - deb aytdilar. Ikkinchilari: «Sehrlab qo‘yilganlar» - deb javob qildilar. «Kim sehrlab quygan?» - dedilar birinchilari. «Labiyd ibn al-A'sam», - dedilar ikkinchilari. «Nima birlan sehrlagan?» - dedilar birinchilari. «Taroq, soch tolalari va xurmo tugunchasi po‘stlog‘i birlan», - dedilar ikkinchilari. «O'shal narsalar qaerda?» - dedilar birinchilari. «(Madinadagi) Zarvon qudug‘ida», - dedilar ikkinchilari». So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bir necha sahobalari birlan) o‘shal quduqqa bordilar. Ul yerdan qaytgach, Oishaga: «(Borib qarasam), quduq atrofidagi xurmolar mevalari (sehr kuchidan) shaytonlar boshi yanglig‘ badnamo bo‘lib qolibdi», - dedilar. Shunda Oisha onamiz: «Sehrgarni fosh qilmoq va undan ehtiyot bo‘lmoq lozimligini odamlarga aytdingizmi?» - dedilar. Janob Rasululloh: «Yo‘q, bunday qilmadim, chunki Olloh taolo menga shifo ato etdi. Odamlarga zarari tegmasin, deb o‘shal quduqni ko‘mib tashladim», - dedilar. (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘n kishilik bir guruhni Osim ibn Sobit al-Ansoriy boshchiligida (mushriklar tomon) ayg‘oqchilikka yubordilar. Ular Usfon va Makka oralig‘idagi Hada degan yerga yetishganda Huzayl qabilasining Banu Lihyon deb atashadirgan bir qavmi ular xususida xabar topib, tezlikda ikki yuzga yaqin kamonchilarni ularni izlashga jo‘natdi. Mushrik kamonchilar musulmonlarni izlay-izlay, nihoyat ular Madinadan safar uchun g‘amlab olib, yo‘l-yo‘lakay yeb tashlagan xurmo danaklarini topib olishdi-da: «Bu danaklar Yasrib (ya'ni, Madina) xurmosi danaklaridur» - deya ularni ta'qib qilishga tushishdi. Osim va ul kishining hamrohlari mushriklarni ko‘rishlari hamonoq bir (toshloq) tepa ustiga chiqib olishdi. Mushriklar ularga: «Pastga tushingizlar, qo‘lni-qo‘lga berib (do‘stlashaylik), birortangizni o‘ldirmaymiz, deb va'da berurmiz!» - deyishdi. Shunda musulmon jashchilar guruhining amiri Osim ibn Sobit: «Ammo men, Olloh taolo haqi, (kechagina kofirlikdan qaytib, musulmon bo‘lib), bugun bir kofirdan panoh so‘rab pastga tushmasman! Yo parvardigoro, o‘z Rasulingni bizniig holimizdan xabardor qilgil!» - dedilar. Shundan so‘ng, mushriklar kamonlardan o‘q uzishib, Osim birlan yana olti kishini o‘ldirishdi. Omon qolgan uch kishi - Xubayb al-Ansoriy, Ibn Dasina va (ismi noma'lum) yana bir kishi ersa mushriklarning so‘ziga ishonib pastga tushishdi. Mushriklar ular yaqin kelgach, kamonlari torini yechib, (qo‘l-oyoqlarini) bog‘lashdi. Shunda boyagi (ismi noma'lum) uchinchi kishi: «Bu xiyonatning boshidur, Olloh taolo haqi, sizlarga (taslim bo‘lib) hamrohlik qilmayman, sheriklarim(ning o‘lsalar ham taslim bo‘lmaganlari mening uchun) bir ibratdur!» - dedilar. Shunda mushriklar ul kishini sudrab, o‘zlari birlan olib ketishga ko‘p urinishdi, ammo qattiq qarshilik qilganlaridan so‘ng, o‘ldirishdi. Keyin, ular Xubayb va Ibn Dasinani olib yo‘lga tushishdi-da, Makkaga borgach, ikkalalarini qul qilib sotishdi. Xubaybni Haras ibn Omir ibn Navfalning farzandlari sotib oldi. Xubayb Haras ibn Omirni Badr kuni o‘ldirgan erdilar. Shunday qilib, Xubayb ularning qo‘lida asir bo‘lib qoldilar.

Ubaydulloh ibn Iyozning menga aytganlariga ko‘ra, Harasning qizi ul kishiga bunday deb ma'lum qilibdi: «Barchamiz Xubaybni qatl qilmoqqa to‘planganimizda Xubayb tozalanmoq uchun mendan ustara so‘radilar, men ustara berdim. Shu asnoda men g‘aflatda qolib, o‘g‘ilcham ul kishining oldilariga borib qolibdi. Bir payt qarasam, u Xubaybning tizzalarida o‘ltiribdi, Xubaybning qo‘llarida ersa ustara. Men bu holatni ko‘rib, nihoyatda qo‘rqib ketdim. Xubayb qo‘rqqanimni yuzimdan anglab: «Uni o‘ldiradi, deb qo‘rqib ketdingmi? Men hech qachon bunday qilmasman!» - dedilar. Olloh taolo haqi, men Xubaybdan yaxshiroq asirni hech ko‘rgan emasman! Olloh taolo haqi, bir kuni men Xubaybning bir bosh uzum yeb xurganlarini ko‘rdim, vaholanki ul kishi kishanband holda bo‘lib, buning ustiga Makkada (shu vaqtda) uzum ham yo‘q erdi».

Harasning qizi: «Bu uzumni Olloh taoloning o‘zi Xubaybga rizq qilib yuborayotir» - deb aytar erdi.

Xubaybni qatl qilmoq uchun Haramdan tashqariga (olib), chiqishganda, Xubayb ularga: «Meni xoli qo‘yingizlar, ikki rak'at namoz o‘qib olayin!» - dedilar. Ular ul kishini xoli qoldirishib erdi, ikki rak'at namoz o‘qidilar. So‘ng: «Agar (o‘limdan) qo‘rqqanidan namoz o‘qiyotir, deb o‘ylamaganingizda, yana ko‘proq o‘qigan bo‘lur erdim, Yo parvardigoro, ularning barchasini hisobga olib qo‘ygaysan!» - dedilar-da, quyidagi she'rni o‘qidilar:

Musulmon holda o‘lsam, zarra parvoyimga kelmas,
Qaysi yon birla yiqilmog‘imni Olloh farqlamas.
Saxovat sohibi bo‘lmish o‘zi tanho ilohimga,
Qiyma-qiyma jismima bermoq savob hech gap emas!».

Keyin, Ibn al-Haras ul kishini qatl qildi. Shu kundan e'tiboran, tutqunlikda qatl qilinayotgan har bir musulmon uchun qatl oldidan ikki rak'at namoz o‘qimoqlik Xubaybdan odat bo‘lib qoldi. Olloh taolo Osim ibn Sobitning («Yo parvardigoro, o‘z Rasulingni bizning holimizdan xabardor qilgil!» degan) duolariga shahid bo‘lgan kunlariyoq ijobat qilib, (Janob Rasulullohga vahiy yubordi va) ul zot o‘z sahobalariga ular xususida xabar bera turib, ularning shahid bo‘lganlarini ma'lum qildilar. Quraysh mushriklarining ulug‘lari, odamlar Osimning o‘ldirilganlarini aytishganda, bunga ishonch hosil qilmoq uchun bir qancha mushrikni ul kishining biror a'zolarini kesib olib kelmoqqa yubordi. Osim Badr kuni ularning ulug‘laridan birini o‘ldirgan erdilar. Olloh taolo Osimning jasadlarini mushriklardan himoya qilmoq uchun tuman yanglig‘ behisob (qovoq) arilar to‘dasini yubordi, mushriklar ul kishining biror a'zolarini kesib ololmadi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.