background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 28-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 28-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma ihdiniy va saddidniy» («Allohim, meni hidoyat qil va sobitqadamlikda qil»), deb ayt, dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Rasululloh sallolohu alayhi va sallam aytganlar: "Din o'ng'aydir, hech kim uni qiyinlashtirib yubormag'ay, mobodo, qiyinlashtirib yuborsa, din uni yengib qo'yg'usidir (ya'ni, amali solihlarni haddan ziyod zimmasiga olishi natijasida ularni eplay olmay, hammasini tark etishiga sabab bo'lg'usidir). Demak, amali solihlarni o'rtacha bajaringiz, ibodatlarni mukammal ado etishga qodir bo'lmasangiz, shunga yaqinroq qilingiz. Amali solihlardan tegadigan savobdan seviningiz. Bu dunyodan oxiratga qilinadigan umr safarida erta tongdan, kechki paytdan va kechaning ba'zi bir qismidan unumli foydalaningiz!". (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Sahl ibn Sa'd as-So'idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(G'azotlardan birida) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hamda (Xaybar) mushriklari o‘zaro to‘qnashib, jang qilishdi. (O'shal kungi jang tugab), Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (va sahobalar) hamda boshqalar (ya'ni, Xaybar mushriklari) o‘z qarorgohlariga qaytayotganda musulmonlardan (Quzmon ismli) bir kishi o‘z sheriklaridan keyinda qolgan mushriklar guruhini va yolg‘iz ketayotgan mushriklarni quvib borib, qilichi birlan chopib tashladi. Shunda (musulmonlardan biri): «Yo Rasulalloh, bugun birortamiz falonchi (ya'ni, Quzmon) topgan savobchalik savob topmadik», - dedi. Janob Rasululloh: «Ammo, u o‘zi jahannam ahlidandur» - deb javob qildilar. Musulmonlar: «(Agar Quzmondek bir shijoatli kishi jahannam ahlidan bo‘lsa, ul holda qaysi birimiz jannatimiz?» - deyishdi). Shunda ulardan biri: «Men uning do‘sti bo‘laman», - dedi-da, (ertasiga) Quzmon birlan birga jangga kirdi, u qaerda to‘xtasa, to‘xtadi, yugursa, yugurdi, (xullas, undan ajralmay, yonma-yon jang qildi). Bir vaqt Quzmon og‘ir jarohatlanib, o‘z o‘limini tezlashtirdi, ya'ni qilichining dastasini yerga, uchini ersa ko‘kragining o‘rtasiga qo‘ydi-da, og‘irligini tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirdi. (Boyagi u birlan yonma-yon jang qilgan) kishi (darhol) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «Sizning Olloh taoloning Rasuli ekanligingizga guvohlik keltirurman!» - dedi. Janob Rasululloh: «Ne hodisa ruy berdi?» - dedilar. Boyagi kishi: «Hali siz Quzmonni jahannam ahlidan, deb erdingiz, bu odamlarga og‘ir botib erdi. Shunda men (ularga): «Mana men uning xususida sizlarga xabar keltiraman» - deb uning ortidan borib, (u birlan yonma-yon jang qildim). So‘ng, u qattiq yaralanib, o‘z o‘limini tezlashtirdi - qilichining dastasini yerga, uchini ko‘kragining o‘rtasiga qo‘ydi-da, og‘irligini tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirdi», - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Bir kishi odamlar ko‘ziga jannat ahlining ishini qilgandek bo‘lib ko‘rinadi-yu, ammo o‘zi jahannam ahlidan bo‘ladi va bir kishi odamlar ko‘ziga jahannam ahlining ishini qilgandek bo‘lib ko‘rinadi-yu, ammo o‘zi jannat ahlidan bo‘ladi» - deb marhamat qildilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bir guruh) otliqlarni Najd tarafga yubordilar. Ular Banu Hanifa qabilasiga mansub bo‘lmish Sumoma ibn Usol ismli bir kishini (asir qilib) olib kelishdi-da, masjid ustunlaridan biriga bog‘lab qo‘yishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning qoshiga chiqib: «Ey Sumoma, (meni o‘zingga nisbatan) qanday (chora ko‘radi, deb) o‘ylayotirsan?» - dedilar. Sumoma: «Ey Muhammad, (siz albatta) xayrli (chora ko‘rursiz), deb o‘ylayotirman, (chunki siz zulm qilguvchilardan emas, balki yaxshilik, olijanoblik qilguvchilardansiz!). Agar meni o‘ldirsangiz, birovning qonini to‘kkan (o‘ldirilishi haqlig‘ bo‘lgan) bir kishini o‘ldirgan bo‘lursiz. Basharti, (menga) yaxshilik qilsangiz, (yaxshilik qilgan odamdan) minnatdor bo‘lguvchi, (yaxshilikka yaxshilik qaytarguvchi) bir kishiga yaxshilik qilgan bo‘lursiz. Mobodo, (mendan) mol-dunyo talabida bo‘lsangiz, istaganingizcha so‘rangiz!» - dedi. So‘ng, Janob Rasululloh uni ertasiga qadar (u holiga) tashlab quydilar. Ertasiga ersa undan yana: «Ey Sumoma, (meni o‘zingga nisbatan) qanday (chora ko‘radi, deb) o‘ylayotirsan?» - dedilar. Sumoma: «O'sha (kecha) sizga aytgan gaplar agar (menga) yaxshilik qilsangiz, (yaxshilik qilgan odamdan minnatdor bulguvchi, (yaxshilikka yaxshilik qaytarguvchi) bir kishiga yaxshilik qilgan bo‘lursiz», - dedi. Keyin, Janob Rasululoh uni (yana) ertasiga qadar (o‘z holiga) tashlab qo‘ydilar Ertasiga ersa undan yana: «Ey Sumoma, (meni o‘zingga nisbatan qanday (chora ko‘radi, deb) o‘ylayotirsan?» - dedilar. Sumoma «O'sha ilgari sizga aytgan gapim», - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Sumomani quyib yuboringizlar!» - dedilar. Sumoma qo‘yib yuborishgach, masjid yaqinidagi xurmozorga kirib tahorat oddi-da, so‘ng masjidga kirib: «Ashhadu an lo iloha illalloh va ashhadu anna Muhammadan rasululloh! Ey Muhammad, Olloh taolo haqi, Yer yuzida mening uchun sizning yuzingizdan ortiqroq yoqimsiz yuz yo‘q erdi, mana endi sizning yuzingiz mening uchun eng mahbub yuz bo‘lib qoldi! Olloh taolo haqi, mening uchun sizning diningizdan ortiqroq yoqimsiz din yo‘q erdi, mana endi sizning diningiz mening uchun eng mahbub din bo‘lib qoldi! Olloh taolo haqi, mening uchun sizning yurtingizdan ortiqroq yoqimsiz yurt yo‘q erdi, mana endi sizning yurtingiz mening uchun eng mahbub yurt bo‘lib qoldi! Otliqlaringiz meni umra qilmoqchi bo‘lib turganimda asir olishib erdi, ne deysiz, (endi ne qilayin?)» - dedi. Shunda Janob Rasululloh uning (musulmon bo‘lib, bu dunyo va oxirat xayriyatiga erishganini hamda bunga qadar qilgan og‘ir gunohlaridan pok bo‘lganini aytib), xushnud qildilar-da, umra qilmoqni buyurdilar. Sumoma Makkaga kelganida unga bir kishi: «O'z diningdan qaytib, boshqa dinga kirdingmi?» - dedi. Sumoma: «Olloh taolo haqi, unday emas! Ammo, men Muhammad sallallohu alayhi va sallam birlan (dindosh) musulmon bo‘ldim. (Ya'ni, bul javob hakimona javob bo‘lib, Sumoma: «Men dindan chiqqanim yo‘q, chunki butlarga ibodat qilmoqlik din bo‘lmay, men mana endigina dinga kirib, Janob Rasulullohga dindosh musulmon bo‘ldim» - deb aytmoqchilar). Olloh taolo haqi, (endi na sizlarning diningizga murojaat qilurman va na sizlarga yordam ko‘rsaturman!). Bundan buyon (Yamomadagi qabilam sizlarga yuborib turgan ozuqalarni yubortirmasman), Janob Rasulullohning iznlarisiz Yamomadan sizlarga bir dona ham bug‘doy kelmas!» - dedi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.