background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 26-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 26-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dovudning duolari«Allohumma inniy as'aluka hubbaka va hubba man yuhibbuka val ‘amalallaziy yuballig‘uniy hubbaka. Allohumma ij'al hubbaka ahabba ilayya min nafsiy va ahliy va minal ma'il baridi», edi», deb aytdilar. (Ma'nosi: Allohim, Sening muhabbatingni va Seni yaxshi ko‘rgan kishining muhabbatini hamda Sening muhabbatingga yetkazadigan amalni Sendan so‘rayman. Allohim, muhabbatingni nafsimdan, ahlimdan va sovuq suvdan ham menga mahbubroq qilgin.) Termiziy rivoyati.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir payg‘ambarning (ijobat etilishi aniq bo‘lgan) duosi bor. Men esa, inshaalloh, o‘sha duoim qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun yashirib qo‘yishni xohladim», dedilar. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Men Hazrat Umar raziyallohu anhudan Olloh taoloning «(Ek Oisha va Hafsa), agar Ollohga tavba qilsangizlar, dillaringiz moyil bo‘libdur...» degan oyati karimasi haqida so‘ramoqchi bo‘lib yurardim-u, lekin qulay fursat topolmasdim. Bir yil Hazrat Umar haj qildilar, men ham ul kishi birlan birga hajga bordim. Hajdan qaytayotib ul kishi yo‘lda hojat uchun chetga chiqdilar. Men ham idishda suv olib, chetga chiqib turdim. Ul kishi qaytgach, qo‘llariga suv quyib berdim. Tahorat olganlaridan so‘ng: «Yo mo‘minlar amiri, Olloh taolo Janob Rasulullohning ikki xotinlari to‘g‘risida «Agar Ollohga tavba qilsangizlar, dillaringiz moyil bo‘libdur» degan oyatini nozil etgan, o‘sha ayollar kim o‘zi?» - deb so‘radim. Shunda Hazrat Umar: «Vo ajabo! Shuni ham bilmaysanmi, ey Ibn Abbos? Ular Oisha birlan Hafsa edi-da», - dedilar. So‘ng, Hazrat Umar so‘zlarida davom etib bunday dedilar: «Men va ansoriy bir qo‘shnim Baniy Umayya ibn Zayd qavmida erdik. Ular Madinada katta e'tiborga ega bo‘lgan qavm erdi. Ikkimiz Janob Rasulullohning huzurlariga navbatma-navbat borib-kelib turardik. Bir kun u, bir kun men borardim. Men borib kelsam, o‘sha kuni sodir bo‘lgan (yuz bergan) voqea, xabar va boshqa narsalardan uni voqif etardim. U borib kelganda ham, xuddi shunday qilardi. Biz qurayshiylar ayollarimizdan ustun turardik. Ansorlarda ersa, buning aksi bo‘lib, ayollar erlaridan ustun erdi. Keyin, bizning ayollarimiz ulardan «o‘rnak» ola boshlashdi. Bir kuni xotinimga baqirgan erdim, u ham menga baqirib javob berdi. Men: «Gap qaytarma!» - dedim. U: «Nega endi gap qaytarmas erkanman, xudo haqi, Janob Rasulullohning ayollari ham ul zotga gap qaytarishadi. Mana shu bugun ulardan biri Janob Rasulullohni kun bo‘yi ranjitdi», - dedi. Men bundan qattiq xavotirlanib: «Ulardan qay biri shu ishni qilgan bo‘lsa, oqibati yaxshi bo‘lmas!»- dedim-da, kiyinib qizim Hafsaning uyiga bordim, so‘ng unga: «Ey Hafsa, birortangiz Janob Rasulullohni bugun kun bo‘yi ranjitdingizmi?» - dedim. Qizim: «Ha», - dedi. Men: «Umidlarim puchga chiqdi. Sen mening ishonchimni oqlay olmading, baxtingni boy berding. Olloh taolo Janob Rasulullohning g‘azablari tufayli (sizlarga) g‘azab qilsa, omon qolmassizlar, halok bo‘lursizlar. Janob Rasulullohga zinhor gap qaytarma, arazlama, nimaiki xayolingga kelsa, mendan so‘ra, qo‘shningning gaplariga aldanma, garchi u Janob Rasulullohga mahbubroq va sendan kura chiroyliroq Oisha bo‘lsa ham!» - dedim. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan holda Zayd, Ja'far va Ibn Ravohaning (g‘azotda) shahid bulajaklarini oldindan odamlarga e'lon qila turib: «Bayroqni Zayd qo‘liga olib erdi, shahid bo‘ldi, keyin uni Ja'far qo‘liga olib erdi, shahid buldi, so‘ng uni Ibn Ravoha qo‘liga olib erdi, u ham shahid bo‘ldi. Nihoyat, bayroqni Olloh taoloning qilichlaridan biri (ya'ni, Xolid ibn Valid) qo‘liga olib erdi, parvardigor musulmonlarga g‘alaba ato etdi», - dedilar».  (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.