background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 22-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 22-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, «Voy gunohlarim, voy gunohlarim», deb ikki yoki uch marta aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Allohumma mag‘firatuka avsa'u min zunubiy va rohmatuka arja ‘indiy min ‘amaliy», deb ayt», dedilar. U bu duoni o‘qidi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam takrorla, dedilar. Bas, u takrorladi. So‘ngra yana takrorla, dedilar. Bas u yana takrorladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tur, batahqiq mag‘firat qilinding», dedilar. (Ma'nosi: Allohim, mag‘firating gunohimdan kengroqdir. Rahmating huzurimdagi amalimdan umidliroqdir.) Imom Hokim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Iymon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysiz. Bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha (komil) iymonli bo‘lmaysiz. Agar bajarsangiz, bir-biringizni yaxshi ko‘rishingizga sabab bo‘ladigan narsaga dalolat qilaymi? Oralaringizda salomni tarqating», deb aytdilar. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Anas ibn Malik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Talha madinalik ansorlarning eng badavlati hisoblanardi. Uning eng yaxshi ko‘rgan boyligi (mol-mulki) Bayruho bog‘i erdi. Bu bog‘ masjidning ro‘parasida bo‘lib, Janob Rasululloh u yerga kirib, uning (shirin) suvidan ichib turardilar. «(Ey musulmonlar), o‘zingiz yaxshi kurgan narsalaringizdan xayru ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilik kamolotiga erisha olmassizlar» degan oyat nozil bo‘lganda, Abu Talha Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo o‘z Kitobida: «(Ey musulmonlar), o‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan xayru ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilik kamolotiga erisha olmassizlar» deydi. Mening eng sevimli mulkim Bayruhodur. U Olloh taolo yo‘lida sadaqa bulsin! Buning uchun men Olloh taoloning dargohida ajr olmoq umididaman. Yo Rasulalloh, uni Olloh taolo o‘zingizga amr qilgan narsaga sarf qilingiz!» - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Voh-voh! Naqadar xayriyatovar bu bog‘ing! Naqadar xayriyatovar bu bog‘ing! Men uning xususida ne deganingni eshitdim. Uni qarindoshlaringga bo‘lib berganing maqul», - dedilar. Abu Talha: «Aytganingizdek qilgum, yo Rasulalloh!»- dedi-da, uni eng yaqin qarindoshlari va amakivachchalariga bo‘lib berdi». (sahih, Buxoriy rivoyati).    

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Anas raziyallohu anhu: «Qur'onni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida barchalari ansorlardan bo‘lmish to‘rt kishi    - Ubay, Muoz ibn Jabal, Abu Zayd va Zayd ibn Sobit jam' qildilar» - dedilar. Shunda Anasga: «Abu Zayd kim?» - doyishdi, Anas: «Amakilarimdan biri (ya'ni Avs)», - dedilar». (Ayrim ulamolar: «Mazkur hadisda Janob Rasulullohning davrlarida Qur'onni yod olganlar yuqoridagi to‘rt kishi ekanligi yoki Qur'onni faqat ansoriy qabilaga mansub bo‘lganlar jam' qilganligi nazarda tutilgan bo‘lsa kerak», - deyishadi). (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.