background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 18-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 18-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Shahr ibn Huvshabdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Ummu Salamaga (r.a.) «Ey mo‘minlar onasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizning huzuringizda bo‘lganlarida eng ko‘p qiladigan duolari qaysi edi?» deganlarida, Ummu Salama (r.a.): «Ko‘p duolari «Ya muqallibal qulub sabbit qolbiy ‘ala diynik» edi», dedilar. (Ma'nosi: Ey qalblarni o‘zgartiruvchi, qalbimni diningda sobit qil.) Imom Termiziy rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Qiyomat xususida savol berib: «Qiyomat qachon?» - dedi. Janob Rasululloh (unga): «Qiyomatga qanday hozirlik ko‘rib qo‘ygansan?» - dedilar. U: «Olloh taolo birlan uning Rasuliga bo‘lgan muhabbatimdan bo‘lak hech qanday tayyorgarligim yo‘q», - dedi. Janob Rasululloh: «Sen o‘zing sevganlar birlan birgasan», - dedilar. Biz Janob Rasulullohning «Sen o‘zing sevganlar birlan birgasan» degan gaplariga quvonganchalik hech narsaga quvonmagan erdik. Men ham Janob Rasulullohni, Hazrat Abu Bakr va Hazrat Umarni sevaman. Garchi men ular qilgan amali solihlarni qilmagan bo‘lsam-da, ularga bo‘lgan muhabbatim tufayli (oxiratda) ular birlan birga bo‘lmog‘imni orzu qilurman!». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hozim raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir ayol burda olib keldi. Sahd ibn Sa'd: «Burda nimaligini bilasizlarmi?»- deb sahobalardan suradi. Sahobalar: «Ha, bilamiz, burda - chetiga popuk to‘qilgan shamladir», - deyishdi. Haligi ayol: «Yo Rasulalloh, buni sizga atab o‘z qo‘lim birlan to‘qiganman», - dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘zlari muhtoj bo‘lganliklari uchun ham uni oldilaar, so‘ng (ichkariga kirib), izor o‘rnida kiyib, bizning oldimizga chiqdilar. Shunda qavmdoshlardan biri: «Yo Rasulalloh, shuni menga kiydiring!»- dedi. Janob Rasululloh: «Mayli», - dedilar. O'sha kishi Olloh taolo istagancha majlisda o‘ltirib, so‘ng qaytib ketdi. Rasululloh burdani o‘rab, ketidan unga berib yubordilar. Keyinchalik, qavmdoshlari unga: «Yaxshi ish qilmading, ul zotning biror narsa so‘ragan kishiga «yo‘q» demasliklarini yaxshi bilarding-ku!» - deyishdi. U: «Olloh taolo haqi, men burdani o‘lganimda o‘zimga kafanlik bo‘lsin, degan niyatdagina so‘ragan erdim», - dedi. Sahl ibn Sa'd; «Darhaqiqat, o‘sha burda unga kafan bo‘ldi», - degan edi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam so‘kong‘ich ham, sharmsiz ham emas edilar. Ul zot: «Sizlarning mening uchun eng mahbubingiz xulqi eng yaxshingizdur!» - der erdilar. Shuningdek, ul zot: «Qur'onni to‘rt kishidan - Abdulloh ibn Mas'ud, Huzayfaning ozod qilgan quli Solim, Ubay ibn Ka'b va Mu'oz ibn Jabaldan o‘rganingizlar!» - deb ham aytganlar».

Abdurrahmon ibn Yazid rivoyat qiladilar: «Biz Huzayfadan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga fe'lu atvori va tariqati jihatidan yaqin kishi xususida so‘radik, chunki undan o‘rnak olmoqchi erdik. Shunda Huzayfa: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Ibn Ummu Abd (ya'ni, Abdulloh ibn Mas'ud)dan ko‘ra fe'lu atvori va tariqati yaqinroq kishini bilmasman», - dedilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.