background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 30-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 30-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarni bu kofir bo‘lgan kimsalarga maftun-aldanguvchi qilib qo‘ymagin, bizlarni(ng gunoxlarimizni) mag‘firat qilgin. Parvardigoro, albatta Sen O’zing qudrat va hikmat sohibidirsan!(Mumtahana surasi, 5-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
O'ttizinchi hadis. 
Shayximiz Hofiz Abulbaqo Xolid ibn Yusuf Nobilisiy Dimashqiydan, u Abu Tolib Abdulloh, Abu Mansur Yunus, Abulqosim Husayn ibn Hibatulloh al-Misriy, Abu Ya’lo Hamza va Abu Tohir Ismoildan, ular Hofiz Abulqosim Ali ibn Husayn, ya’ni Ibn Asokirdan, u Dimashq xatibi Abul Qosim Ali ibn Ibrohim ibn Abbos al-Husayniydan, u Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Yahyo ibn Salvondan, u Abulqosim Fazl ibn Ja’fardan, u Abu Bakr Abdurahmon ibn Qosim ibn Faraj al-Hoshimiydan, u Abu Mishardan, u Said ibn Abdulazizdan, u Rabiy’a ibn Yaziddan, u Abu Idris Xuvloniydan, u Abu Zarrdan (r.a.), Abu Zarr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan, u zot Jabroil alayhissalomdan, Jabroil (a.s.) esa Alloh taolodan quyidagilarning xabar berdilar: «Alloh taolo: «Ey bandalarim, Uzimga zulmni harom qildim va sizlarning oralaringizda ham uni harom qildim, bas, zulm qilmanglar! Ey bandalarim, sizlar kechayu kunduz xato qilasizlar. Men esa ahamiyat bermasdan gunohlaringizni kechiraman. Bas, Menga istig‘for aytinglar, gunohlaringizni kechaman. Ey bandalarim, barchangiz ochsiz, faqatgina Men taomlantirganlargina unday emas. Bas, Mendan taom talab qilinglar, sizlarni taomlantiraman. Ey bandalarim, barchangiz yalong‘ochsiz, faqatgina Men kiyintirganlargina bunday emas. Kiyinishni Mendan talab qilinglar, Men sizlarni kiyintiraman. Ey bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar fojir qalbli kishi bo‘lishsa, mulkimdan biror narsa kamayib qolmaydi. Ey bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar taqvoli qalb kishilari bo‘lishsa, mulkimda biror narsa ziyoda bo‘lib qolmaydi. Bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar bir tepalikda turib Mendan so‘rashsa, Men har bir kishi so‘ragan narsasini bersam, mulkimdan biror narsa kamaymaydi. Faqatgina dengizga ninani bir marta tiqib olgandagi kamayganchalik ozayadi, xolos. Ey bandalarim, u sizlarning amalingizdir. Men uni sizlarga saqlab beraman. Kimki yaxshisini topsa, Alloh azza va jallaga hamd aytsin. Kimki bundan boshqasini topsa, faqatgina o‘zini malomat qilsin», dedi». 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Hazrati Umar o'gitlari:
- Ey insonlar, ilm o‘rganinglar. Alloh taoloning huzurida Uning o‘zi sevgan bir libos bo‘lib, ilmning bir bobini o‘rgangan kishiga o‘sha libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun uch marta tanbeh beradi. Garchi bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi).
- Kunduzlari ro‘zador, kechalari qoyim (bedor) bo‘lgan mingta obidning o‘limi halol-haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir.
- Kim bir hadisni aytsa, keyin unga odamlar amal qilishsa, uni aytgan odamga amal qilgan kishining ajri barobarida savob beriladi.
- Quruqlik va dengizda yo‘l topadigan miqdorda yulduzlar ilmini o‘rganing, qolganidan o‘zingizni tiying.
- Gunoh qilishdan tiyilish gunohga tavba qilishdan osonroqdir.
- E’tiqodingizga ko‘ra yashamayotgan bo‘lsangiz, yashayotganingiz kabi e’tiqod qila boshlaysiz. 
 
Saodat asri qissalari


Oxiratdagi xayru saodat
Kanona al-Adviydan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
“Umar, roziyallohu anhu, harbiy qo‘mondonlarga: “Qo‘shiningiz ichidagi Qur’onni bilguvchilarning ro‘yxatini menga bering. Maoshlarini orttirib, Qur’oni karimni o‘rgatish uchun xalq orasiga yuboraman”, deya xat yozdi. Abu Muso al-Ash’ariy, roziyallohu anhu, Hazrati Umarga: “Mening atrofimda ayni paytda uch yuz kishidan oshiq Qur’on bilimdonlari mavjud” deya javob maktubi yubordi. 
Shunda Hazrati Umar quyidagi maktubni yozdi: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohning quli Umardan, Abdulloh ibn Qaysning atrofidagi Qur’on homiylariga. Sizlarga Allohning salomi bo‘lsin. 
Birodarlar, unutmangki, Qur’on siz uchun oxiratda xayru saodat, dunyoda esa, baland qadr-qimmat va hayot (tiriklik) manbaidir. Bas, shunday ekan, uning ortidan ketishingiz kerak. U sizning ortingizdan ketmasin. Zero, Qur’on kimning ortidan ketsa, u kimsa yuztuban yiqiladi, dumalab-dumalab, jahannamga qulaydi. Qur’onning orqasidan ketgan kishini Qur’on Firdavs jannatiga olib boradi. Shunday qilingki, Qur’on sizlarga da’vogar emas, shafoatchi bo‘lsin. Zero, shafoatchisi Qur’on bo‘lgan kishi jannatiy, da’vogari Qur’on bo‘lgan kishi esa do‘zaxiydir. 
Shuni ham bilingki, Qur’onning har bir oyati hidoyat manbai, bir ilm chechagidir. Qur’on buyuk marhamat sohibi Allohning ulug’ Kitobidir. Alloh u bilan ko‘r ko‘zlarni, kar quloqlarni va qulflog’li qalblarni ochadi. Bilingki, banda kechaning bir qismida turib, og’zini misvoklab, tahorat olgach, takbir aytib, Qur’on o‘qiy boshlasa, Alloh subhanahu va taolo unga: “O‘qi, o‘qi! Shu toza-pokiza va xushbo‘y og’zing-la o‘qi. Senga muborak bo‘lsin”, deydi. Bilingki, namoz ichida Qur’on o‘qish fazilatlarning ko‘rinmas xazinasi, xayr va barakot dasturxonidir. Shunday ekan, bu buyuk foydani qo‘lga kiritmoq uchun kuchingiz yetgunicha harakat qiling. Chunki namoz zulmat pardasini yirtuvchi bir nurdir. Zakot yaxshilik yo‘lini ko‘rsatuvchi bir mayoqdir. Ro‘za yomonliklardan asraguvchi bir qalqondir. Sabr rohatbaxsh bir nurdir. Binobarin, Qur’onga hurmat bilan munosabatda bo‘ling, unga bepisand va past nazarda qaramang. Haq taolo Qur’onni hurmat qilganlarga baland darajotlar beradi. Unga bepisand bo‘lganlarni esa kamsitadi. Qur’onni yodlab, uning amrlariga rioya qilganlarning duosi Alloh dargohida mutlaqo qabul bo‘ladi. Alloh xohlasa, bu dunyoda beradi, xohlasa, oxiratga qoldiradi. Alloh dargohidagi mukofotlar tavakkul qilganlar uchun dunyo manfaatlaridan yanada ustun va bitmas-tuganmasdir».

HAYIT AYYOMINGIZ MUBORAK BO'LSIN!!! 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.