background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 29-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 29-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, yolg‘iz O’zingga tavakkul qildik va O’zingga inobat-tavba qildik. Yolg‘iz Sengagina qaytishimiz bordir! (Mumtahana surasi, 4-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma to‘qqizinchi hadis. 
Ibn Abbosdan  rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning orqalarida edim. U zot: «Ey bolakay, senga bir kalima o‘rgataymi? Allohga rioya qil, seni saqlaydi. Allohga rioya qil, yo‘nalishingni topasan. Agar so‘rasang, Allohdan so‘ragin. Agar yordam tilasang ham, Allohdan tilagin. Bilginki, agar ummat biror narsada senga yordam berishga jamlansa, faqatgina Alloh senga (taqdir) qilib yozib qo‘ygan narsanigina yordam bera oladi, xolos. Agar ummat biror narsada senga zarar berishga jamlansa, faqatgina Alloh senga (taqdir) qilib yozib qo‘ygan narsanigina zarar bera oladi, xolos. Qalam ko‘tarilib, sahifalar qurib bo‘lgan», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Termiziyning boshqa  rivoyatlarida: «Allohga rioya qil, yo‘nalishingni topasan. Allohni kengchilikda tanigin, seni qiyinchilikda taniydi. Bilginki, albatta xato qilmaganing to‘g‘ri qilganing uchun emas. Va to‘g‘ri qilmaganing xato qilganing uchun emas. Bilginki, albatta nusrat sabr bilan birga bo‘ladi. Shodlik aziyatlar bilan birga bo‘ladi. Va qiyinchilik bilan yengillik bo‘ladi», deyilgan. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
No‘mon ibn Bashir o'gitlari
- Shaytonning bir talay tuzoqlari bor: Allohning ne’matlari bilan gerdaymoq, Allohning berganlari bilan maqtanmoq, Allohning bandalariga kibr-havo qilmoq, Allohning axloq asoslaridan chiqib, havoyi nafsga berilmoq shunday tuzoqlar jumlasidandir.

Abu Juhayfa o'gitlari
- Ulug‘lar bilan o‘tir, ulamolar bilan birga yur, hukamolar bilan do‘st bo‘l. 
 
Saodat asri qissalari


 “Ya, arhamarrohimiyn!”
Lays ibn Sa’ddan, roziyallohu anhu:
«Zayd ibn Horisa, roziyallohu anhu, toiflik bir odamdan bir xachirni kiraga olgani haqida gapirib berdilar.
— Seni xohlagan joyimda tushirish sharti bilan xachirni kiraga beraman, — dedi xachirning egasi.
Ikkovlon yo‘lga tushdik. Xachirning egasi bir xarobaga yetib borgach, menga:
— Tush! — dedi.
Xachirdan tushdim, xaroba ichida bir necha o‘liklarni ko‘rdim. Xachirning egasi meni ham o‘ldirmoqqa chog’lanayotgan ekan. Men:
— Ikki rakat namoz o‘qib olay! — dedim.
— O‘qiy qol. Sendan oldin mana bu o‘liklar ham namoz o‘qishgan, biroq namoz-niyozlari o‘zlariga hech bir foyda bergani yo‘q, — dedi u. 
 Namoz o‘qib bo‘lganimdan so‘ng haligi odam meni o‘ldirmoqchi bo‘lib ilgarilagan edi, “Ya, arhamarrohimiyn”, dedim. Ittifoqo: “Uni o‘ldirma!” degan ovoz eshitildi. U odam qo‘rqib, bu ovoz egasini topish uchun tashqariga chiqdi, biroq hech kim ko‘rinmagach, yana ortga qaytdi. Men bu safar uch marta: ”Ya, arhamarrohimiyn” deb baqirdim. Shu payt bir otliq ichkariga kirdi. Qo‘lida temir nayza, nayzaning uchi olovli edi. U nayzasini qaroqchining ko‘ksiga sanchib, orqasidan chiqardi. Qaroqchi o‘ldi. Otliq menga qarab: 
— Birinchi bor «Ya, arhamarrohimiyn» deganingda men yettinchi qavat osmonda edim. Ikkinchi marta duo qilganingda eng pastki qavatga tushdim. Uchinchi marta duo etganingda, bu yerga  yetib keldim, — dedi».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.