background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 27-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 27-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigor, O’zing bizlardan bu azobni aritgin. Albatta bizlar iymon keltirguvchidirmiz! (Duxon surasi, 12-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma yettinchi hadis. 
Sufyon ibn Abdullohdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bu zot: «Ey Rasululloh, menga Islomdan bir so‘z aytingki, men sizdan boshqa biror kishidan u haqda so‘ramayin», deganda, u zot: «Allohga imon keltirdim, deb aytib, so‘ngra istiqomatda (ya’ni, sobitqadamlikda) bo‘l», dedilar. Imom Muslim  rivoyatlari.

Ulamolarning aytishlaricha, bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarni jamlovchi hadislari bo‘lib, Alloh taoloning quyidagi so‘ziga muvofiqdir: «Albatta: «Parvardigorimiz Allohdir», deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilishda) to‘g‘ri -ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida) farishtalar tushib, (derlar): «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar» (Fussilat surasi, 30-oyat). Jumhur ulamolar fikricha, bu oyat va hadisning ma’nosi - «Imon keltirib, Allohning toatida bardavom bo‘lganlar»dir.
 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Muoz ibn Jabal o'gitlari
- Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, yetakchi qilib qo‘yadi. Ular odamlarni yaxshilikka yetaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e’tiborli bo‘ladi. Har bir quruq va ho‘l narsalar, hattoki dengizdagi baliqlar-u hasharotlar, barcha hayvonlar, osmon va undagi yulduzlar ularning haqqiga istig‘for aytadi.
- Ilm o‘rganinglar, zero uni o‘rganish - Allohdan qo‘rqish, uni talab qilish -ibodat, muzokarasi - tasbeh, uni izlash - jihod, bilmaganga o‘rgatish -sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish - Allohga qurbatdir.
- Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dalil, xursandlig-u xafalik paytda ko‘makchi, do‘stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do‘st va jannat yo‘lining minorasidir.
- Namozingni hayot bilan vidolashayotgan kishi kabi o‘qi! Yana bir bor o‘qiy olishingni o‘ylama. Shuni bilginki, mo‘min kishi biri bajarilgan va biri ortda qolgan ikki yaxshilik o‘rtasida o‘ladi. 
 
Saodat asri qissalari


Muomaladagi ehtiyotkorlik
Oyisha, roziyallohu anho, rivoyat qiladilar: 
«Bir odam Janobi Payg‘ambarimizning, alayhissalom, yonlariga kirish uchun ruxsat so‘radi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam:
— Qanday yomon odam bu. Qavmi va yaqinlari yuzidagi dog’dir, — dedilar. 
Biroq ichkari kirganida unga ochiq chehra bilan muomala qilib, iltifot ko‘rsatdilar. U chiqib ketgach, boshqa bir kishi kirishga ruxsat so‘radi. 
— Naqadar yaxshi inson. Oilasi iftixor qilgulik bir farzanddir, — dedilar. Lekin Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, bu kishiga avvalgi odamga ko‘rsatilganchalik iltifot qilmadilar. U kishi chiqqach, Oyisha onamiz: 
— Yo Rasulalloh, birinchi kishini yomon deganingiz holda unga yaxshi muomala qildingiz. Ikkinchisini yaxshi deb turib, unchalik iltifot etmadingiz, — deb so‘radi.
Payg‘ambarimiz, alayhissalom:
— Ey Oyisha, insonlar orasida shundaylari borki, fe’li yomon bo‘lgani uchun ulardan ehtiyot bo‘lish kerak, — deya marhamat qildilar».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.