background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 25-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 25-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, O’zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin. (G’ofir surasi, 7-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma beshinchi hadis. 
Abu Mas’ud al-Badriydan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Avvalgi payg‘ambarlar kalomidan topilgan narsa - «Agar uyalmasang, xohlagan narsangni qil», deb aytilganidir», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Hazrati Ali o'gitlari
- Yordamini o‘zgalardan darig‘ tutmagan inson zikri keng yoyiladi.
- O’zgalarga ozor berishdan saqlanish yaxshilik alomatlaridandir.
- Kechirish - eng yaxshi g‘alabadir.
- Ishining mazasi bo‘lmagan kishining nasabi ish bermay qo‘yadi.
- Ichimizda saqlar ekanmiz, har qanday sir bizning asirimizdir. Oshkor etgan paytimizdan boshlab biz uning asiriga aylanamiz.
- Sukut saqlang, uning eng oz foydasi - omonlikdir. 
 
Saodat asri qissalari


Qabrdan kelgan nido
Umar ibn Xattob, roziyallohu anhu, zamonida taqvodor, namozini doimo masjidda jamoat bilan o‘qiydigan bir yigit bor edi. Hazrati Umar, roziyallohu anhu, uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edilar. Yigitning juda qarib qolgan otasi bor edi. Yigit har kuni xufton namozidan so‘ng otasini ziyorat qilgani kelardi. 
Yo‘l bo‘yidagi uylardan birida yashovchi ayol bu yigitga oshiq bo‘lib qoldi. Ayol har kun yigitning yo‘lini poylab, uni o‘ziga og‘dirishga harakat qilardi. Nihoyat, bir safar yigit o‘zini boshqara olmay, ayolning ortidan ergashdi. Biroq ostonadan kirar ekan, Allohni esga olib, hushyor tortdi va: “Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biror vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar” (A’rof, 201) mazmunli oyati karimani o‘qidi-yu, hushsiz yiqildi. 
Ayol darhol bir joriyasini chaqirdi. Ikkalasi yigitni otasining uyiga eltib, eshikni taqillatdilar. Eshikni ochgan ota ostonada behush yotgan o‘g‘lini ko‘rdi. Uni ichkariga oldilar. Yigit yarim tunda o‘ziga keldi.
— O‘g‘lim, senga nima bo‘ldi? — so‘radi ota.
— Hech narsa, hammasi joyida.
Ota:
 — Xudo haqqi, menga to‘g‘risini ayt, — deb qo‘ymagach, yigit bo‘lgan voqeani gapirib berdi. 
— O‘g‘lim, sen qaysi oyatni o‘qiding? — deya so‘radi otasi.
Yigit o‘sha oyatni takror o‘qigach, yana hushdan ketdi. Qancha urinishmasin, o‘ziga kelmadi. Yigit jon taslim qilgan edi. O‘sha kechadayoq uni yuvib, dafn etishdi. 
Ertalab bo‘lgan voqeani Hazrati Umarga, roziyallohu anhu, yetkazdilar. Hazrati Umar, roziyallohu anhu, kelib, yigitning otasiga ta’ziya izhor qilgach:
— Nega meni chaqirmadingiz? — dedilar.
— Ey mo‘minlarning amiri! Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi, sizni bezovta qilgimiz kelmadi, — dedi ota.
— Unday bo‘lsa, yuring, birga qabr boshiga boraylik, — dedi xalifa va ikkovlon u yerga yetgach:
— Ey falonchi! — deb marhum yigitni chaqirdi va: “Parvardigori (huzurida) turishdan (ya’ni, Parvardigor oldida turib hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir” (Rahmon, 46) mazmunli oyatni o‘qidi.
Ittifoqo, qabrdan yigitning: 
— Ey Umar! Siz eslatgan ikki jannatni Rabbim menga ikki bora in’om qildi, — degan ovozi eshitildi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.