background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 23-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 23-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, O’zing bizlardan jahannam azobini daf’ qilgin. Darhaqiqat uning azobi ketmas — mangu (azobdir)! (Furqon surasi, 65-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma uchinchi hadis
Abu Zarr va Muozdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qayda bo‘lmasin, Allohdan taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir, uni o‘chirib yuboradi. Kishilarga chiroyli xulq bilan muomalada bo‘l», dedilar. Imom Termiziy  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Hazrat Huzayfa o'gitlari
- Bugun munofiqlar Payg‘ambar zamonidagidan ko‘proqdir. Burungilar nifoqlarini ichda saqlashardi. Bugungilar ochiqdan-ochiq nifoq qilishadi. Yashirin nifoq iymonning samimiyligi va kamoliga to‘sqinlik qiladi. Munofiqlikdan qo‘rqqan odam undan uzoq bo‘ladi. O’zining nifoqdan uzoqdaligini aytib yuruvchi kimsa esa munofiqlikka yaqin turadi.
- Ixlos insonning zohiri ham, botini ham bir xil bo‘lganidir. 
 
Saodat asri qissalari


Xushu’ va xuzu’ xosiyati
Janglarning birida Hazrati Alining oyog’iga o‘q tegdi. O‘q oyoq suyagiga ham ancha botgani uchun chiqara olishmadi. Bir tabib chaqirdilar. Tabib Hazrati Aliga qarab shunday dedi:
— Bu o‘qni faqat hushdan ketkazuvchi dori bilan olsa bo‘ladi. Yo‘qsa, og’riqqa chidayolmaysiz.
Hazrati Ali aytdilar:
— Hushdan ketkazadigan doriga zarurat yo‘q. Bir oz sabr qilinglar, namoz vaqti kirsin. Men namoz o‘qiy boshlaganimda olib tashlaysiz.
Namoz vaqti kirdi. Hazrati Ali namozga turdilar. Tabib Hazrati Alining oyog’ini yorib, o‘qni chiqardi. Yarani bog‘lab qo‘ydi. Hazrati Ali namozlarini bitirib, tabibdan so‘radilar:
— O‘qni chiqardingizmi?
— Ha, chiqardim, — dedi tabib.
— Men hech narsa  sezganim yo‘q, — dedilar Hazrati Ali roziyalloqi anqi.
Namozdagi xushu’-xuzu’ Hazrati Alini go‘yo boshqa olamga olib ketgandek edi. Shuning uchun ham vujudlaridagi og’riqni aslo sezmadilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.