background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 21-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 21-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, (O’zingga) iymon keltirdik. Bas sen Bizlarni mag‘firat qilgin va bizlarga rahm ayla: Sen O’zing rahm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan! (Mu’minun surasi, 109-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma birinchi hadis. 
Abu Sa’laba al-Xushaniydan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta Alloh taolo farzlarni farz etdi, ularni zoe qilmanglar. Va hadlarni chegara qildi, undan o‘tib ketmanglar. Va narsalarni harom qildi, uni buzmanglar. Va unutmasdan sizlarga rahmat qilgan holda ko‘p narsalarda sukut qildi, sizlar u haqda bahs qilmanglar», dedilar. Doraqutniy hasan isnod bilan rivoyat qilganlar. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Said ibn Musayyib o'gitlari
- Masjidda o‘tirish - Rabbi bilan o‘tirish, demakdir. Shunday bo‘lgach, u yerga kirgan odam faqat yaxshi narsalardan so‘zlamog‘i kerak.
- Masjidda aytilgan dunyoviy so‘zlar xuddi hayvonlar yam-yashil o‘tlarni yegani kabi hasanotni (yaxshi amallarni) yeydi.
- Molini haloldan topmagan, undan haqlarini chiqarib turmagan, u bilan obro‘-sharafini saqlamagan kishida yaxshilik yo‘qdir. 
 
Saodat asri qissalari


Menga ishonasizmi?
Sevimli Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, Safo tepaligiga chiqdilar va ulkan qoya ustidan turib:
— Ey Abdul Muttalib o‘g’illari, ey Fihra o‘g’illari, ey Zuhra o‘g’illari, — deya qabila ulug’larini ismlari bilan chaqirib barcha qarindoshlarini bir joyga to‘pladilar va ularga shunday xitob qildilar: 
— Ey Quraysh jamoasi! Men sizga shu tog’ning etagida dushman otliqlari bor!  Hozir ustingizga bostirib keladi. Mollaringizni talaydi, desam, ishonasizmi? 
 Hammalari baravariga:
— Ha, ishonamiz. Chunki  hozirgacha sendan yolg‘on gap eshitmadik,  —dedilar. 
— Unday bo‘lsa, eshitinglar: oldingizda shiddatli bir azob kuni borligini, Allohga ishonmaganlar o‘sha kunda buyuk azobga duchor bo‘lishlarining xabarini beraman. Sizni shunday azobdan ogohlantirmoq uchun yuborildim, — deb marhamat qildilar Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.