background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 2-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 2-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizni o‘zingga bo‘yinsunguvchilardan qilgin va zurriyotimizdan ham o‘zingga itoat qiladigan kishilar chiqargin. Va bizga (qiladigan) iboratlarimizni o‘rgatgin va tavba-tazarrularimizni qabul et! Shubhasiz, sen tavbalarni qabul qilguvchi, rahmlisan! (Baqara surasi, 128-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Ikkinchi hadis.
Oishadan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki bizning ishimizda yangilik qilsa, bu undan bo‘lmasa, bas, u rad qilingandir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abdulloh ibn Abbosning o‘gitlari
— Ey gunoh ish qilgan kishi! Qilgan gunohingdan keyingi yomon oqibatdan amin bo‘lma. Hech bir gunoh yo‘qki, uni qilganingdan so‘ng yanada kattasi orqasidan kelmasin. Zero, gunoh qilayotganingda o‘ng va chap tomondagi farishtalardan uyalmasliging, sodir etgan gunohingdan kattaroqdir.
Alloh taolo sen haqingda qanday hukm chiqarishini bilmay turib, kulishing qilgan gunohingdan ham kattaroq gunohdir. Fursatni qo‘ldan boy berib, qilolmay qolgan bir gunoh ish uchun xafa bo‘lishing gunohdan ko‘ra kattaroqdir. Gunoh ish qilayotganingda Alloh seni ko‘rib turgani holda, qalbing cho‘chib-titramasdan, shamolning eshik pardasini shitirlatishidan qo‘rqishing sodir etgan gunohingdan kattaroqdir.
Xudo xayringni bergur, bilasanmi, Alloh subhanahu va taolo Ayyubning, alayhissalom, qay ishi uchun shunday ko‘p sarvatini oldi va kasalliklarga duchor etdi? Bir bechora bir zolim qo‘lidan qutulmoq uchun uning huzuriga keldi. Ayyub, alayhissalom, esa, unga yordam bermadi va (himoyaga muhtoj) u kimsani zolimning zulmidan himoya qilmadi. Ittifoqo, Alloh ul zotni u katta musibatlarga duchor qildi. 
 
Saodat asri qissalari
 
Eng shiddatli oyat
Muhammad ibn al-Muntashirdan:
«Bir odam Hazrati Umarga, roziyallohu anhu:
— Allohning kitobidagi eng shiddatli va qo‘rqinchli oyatni bilaman, — dedi. Umar, roziyallohu anhu, bir tayoq olib, uni astagina urdi va:
— O‘zingcha qanday “tadqiqot” o‘tkazdingki, bunday bir oyatni uchratding? — degach, haligi kishi u yerdan ketdi.
Ertasiga Hazrati Umar, roziyallohu anhu, unga uchrashib:
— Sen aytmoqchi bo‘lgan qaysi oyat edi? — deb so‘radilar. 
— “Kim biror yomonlik qilsa, albatta jazosini ko‘radi” oyatidir. Zero, hech yomonlik qilmagan odam yo‘q. Shunga ko‘ra, birortamiz ham azobdan qutula olmaymiz (najot topolmaymiz), — dedi u kishi. 
Hazrati Umar, roziyallohu anhu, bunga javoban:
— Bu oyat nozil bo‘lganida biz shunchalar qo‘rqdikki, hatto ovqat yeyolmay qoldik. Nihoyat, Alloh taolo: “Kim biron-bir yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan mag‘firat so‘rasa, Allohning mag‘firat qilguvchi va mehribon ekanini topar – ko‘rar” (Niso, 110) mazmunli  oyati karimani nozil qildi, — dedilar». 

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.