background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 16-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 16-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, albatta Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan, Alloh uchun yeru osmondagi biron narsa maxfiy emasdir. (Ibrohim surasi, 38-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
O'n oltinchi hadis. 
Ibn Abbosdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kishilarning da’volariga qarab berilaverganida edi, ular qavmning moli va qonlarini da’vo qilishgan bo‘lar edi. Lekin da’vo qiluvchiga hujjat keltirish va inkor qiluvchiga qasam ayttirish lozim bo‘ladi», dedilar. Mana shu lafz bilan hasandir. Va ikki «Sahih» kitobida keltirilgan. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abdulloh ibn Abbos o'gitlari
- Kechaning bir qismida ilm muzokarasi bilan mashg‘ul bo‘lish menga kechani butunlay bedor o‘tkazishdan mahbubroqdir.
- Sulaymon alayhissalomga yo ilmni yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi.
- Ilm olishda qiynaldim, bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim.
- Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim haqqiga barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar istig‘for aytadi.
- Nujum ilmiga ergashmanglar, chunki u sehr va folbinlikka olib boradi.
- Kim bir namozni ataylab tark etsa, Allohga g‘azablanib turgan holida yo‘liqadi. 
 
Saodat asri qissalari


Naqd savob
Omir ibn Sa’d ibn Abi Vaqqosdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
“Bir kuni Abdulloh ibn Umarning uyida edim. Ittifoqo, Habbob kirib keldi va: 
— Ey Abdulloh, Abu Hurayrani ko‘rmaysanmi? Janobi Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: “Marhumning uyidan chiqib (janoza) namozini o‘qigach, dafn etilguniga qadar birga bo‘lgan kishi har biri Uhud tog’icha keladigan ikki ajr oladi va janoza namozini o‘qiganidan so‘ng qaytgan kishi ham Uhud tog’idek ajrga ega bo‘ladi”, deya marhamat qilganlarini gapiryapti, — dedi.
Ibn Umar unga:
— Borib Oyishadan so‘ra-chi, Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, haqiqatan ham shunday deb aytganmikanlar? — dedi.
Habbob ketgach, Ibn Umar yerdan toshchalarni olib qo‘lida aylantirib turdi. Habbob qaytib:
— Ha, Abu Hurayra to‘g‘ri gapirgan ekan, — degach, qo‘lidagi toshchalarni otib:
— Vallohi, biz tog’day-tog’day ajr xirmonlaridan quruq qolibmiz, — dedi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.