background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 1-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 1-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Bandalarim Sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarining duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga yurishlari uchun (ular ham) Mening (da’vatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. (Baqara surasi, 186-oyat).

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizdan (ushbu qilgan amalimizni) o‘zing qabul ayla. Shubhasiz, sen eshitguvchi, bilguvchisan! (Baqara surasi, 127-oyat).
 

Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Birinchi hadis. 
Umar ibn Xattobdan  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta, amallar niyat bilandir. Har bir kishi niyat qiluvchidir. Kimning hijrati Alloh va rasuli uchun bo‘lsa, bas, Alloh va rasuli uchun hijrat qilibdi. Kimning hijrati dunyoga yetishish yoki xotinga uylanish uchun bo‘lsa, uning hijrati o‘sha narsaga bo‘libdi».
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abu Bakr Siddiqning o‘gitlari
“Men ham siz kabi bir odamman. Bilmadim, balki Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, bajara olgan xizmatni menga ham taklif qilarsiz. Vaholanki, Alloh taolo Muhammadni, alayhissalom, butun olamlardan afzal qildi va uni balo-ofatlardan asradi. Men esa tobeman. O‘z bilganimcha harakat qilishga haqqim yo‘q.
To‘g‘ri harakat qilsam, menga ergashing. To‘g‘ri yo‘ldan chiqsam, meni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ying. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, vafot etayotganlarida ummatlaridan hech kimda bir cho‘p zarrasi qadar ham haqlari qolmagan edi. Mening esa vaqt-vaqti bilan paydo bo‘ladigan bir shaytonim bor. U kelganida mendan uzoqroq turingki, nogahon sizni urib qo‘ymayin yoxud soch-soqolingizni tortmayin.
Ey insonlar! Siz qay zamon tugashi sizga noma’lum bir umr ichida kun va tunlaringizni o‘tkazmoqdasiz. Agar qo‘lingizdan kelsa, bu hayotingizni solih amallar bilan o‘tkazing. Buni ham faqat Alloh taoloning yordami bilan amalga oshira olasiz. Ajalingiz sizdan ishlash fursatini olib qo‘ymasdan turib, imkoniyatlaringizni ishga solib, xayrli amallarga shoshiling. Zero, ajallarini unutgan, amallarini boshqalarga tashlagan kimsalar ham bordir. Zinhor ular kabi bo‘lmang. Tezroq bo‘ling, Haflatda qolmang. Chunki orqangizdan sizga yetishmoq uchun tez kelayotgan ajalingiz bor. O‘limdan qo‘rqing, otalardan, o'g'illardan, aka-ukalardan ibrat oling. Yashayotgan kishilarga emas, o‘lganidan so‘ng ular ortda qoldirayotgan go‘zal narsalarga havas qiling...”
 
Saodat asri qissalari 
 
Allohning fazli va rahmati
Vosila ibn Asqo’, roziyallohu anhu, rivoyat qiladi: “Ramazon oyi keldi. Biz ahli suffa ham ro‘za tuta boshladik. Har oqshom iftor vaqti kirishi bilan Aqobada bay’at bergan ansorlar kelib har qaysisi bir kishidan bizni iftorlikka olib ketishardi. Bir kuni hech kim kelmadi.  Ro‘zamizni ocholmay uxladik, saharlik ham qilmadik. Ertasi kuni ham hech kimdan darak bo‘lmadi. Nihoyat, ahvolimizni janobi Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, bildirdik. Ul zot bizga nihoyatda qayg’urib, biror yegulik bormi, deya ayollaridan birma-bir so‘rattirdilar. Biroq ularning hammalari bunga:
— Alloh nomiga qasamki, bizda yegulik hech narsa yo‘q, — deb javob yubordilar.
Shunda Nabiy, sollallohu alayhi va sallam, to‘planishimizni buyurdilar va biz to‘plangach:
— Allohim, Sendan fazl va rahmat  so‘raymiz. Zero, rahmat yolg‘iz Sening qo‘lingdadir va Sendan o‘zga rahmat sohibi yo‘qdir, — deya duo  qildilar. 
Biz “Omin”, dedik. 
Oradan ko‘p o‘tmay, bir joydan bizga bir qo‘yning qovurilgan tanasi va shunga yarasha non keldi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam:
— Qani, olinglar, yenglar, — dedilar.
Biz to‘ygunimizcha yedik.  Shundan so‘ng Sarvari koinot, sollallohu alayhi va sallam, shunday deb marhamat qildilar:
— Biz Alloh taolodan uning fazilati va rahmatini ham tilagan edik. Bu bergani Uning fazlidir. Shubha yo‘qki, biz uchun rahmatini ham saqlab qo‘yibdi”. 

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.