background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 3-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning uchinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Muborak kun Oyati

Payg'ambar (Muhammad) o'ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo'minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg'ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi. "Eshitdik va itoat etdik. Ey, Rabbimiz, mag'firatingni (so'raymiz). Sengagina qaytish (bor)", - dedilar.
Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) - o'ziga, va orttirgani (yomon amali) ham o'zigadir. (Yana dedilarki:) "Ey, Rabbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni koyima! Ey, Rabbimiz, bizdan ilgari o'tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g'oliblik ato et!"
(Baqara surasi, 285-286-oyatlar)
 

Muborak kun Hadisi

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam aytadilar: "Ramazon ro'zasini tutgan va uning hududlarini bilgan hamda saqlanish kerak bo'lgan narsalardan saqlangan odam(ning bu ibodatlari) o'tgan gunohlariga kafforat bo'ladi.
 

Muborak kun Hikmati

Ko'z haromga qaraganida vijdonni, qalbni g'am-alamlar, buzuq zaharli fikrlar, xaroblik va razolat qoplaydi. Shahvoniy kuchlar harakatga kelgudek bo'lsa, odam o'zi bilmagan va sezmagan holda halokatga, razolatga va buzuq o'y-fikrlar girdobiga tushib qoladi. Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy
 

Muborak kun Hikoyati

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi sotilayotgan bir qulni ko'rib qoldi. Egasi: «Uning chaqimchilikdan boshqa aybi yo'q», deb jar solar edi. Kishi g'ulomning aybini pisand qilmadi va uni sotib oldi. Fulom xo'jayinining uyida bir necha kun turganidan keyin uning xotiniga: «Xojam sizning ustingizga boshqa xotin olmoqchi yoki o'ynash tutmoqchi. U sizni yaxshi ko'rmaydi. Agar sizga mehri tushib, o'ylagan niyatidan qaytishini istasangiz, unda xojam uxlagan paytida ustarani olib, soqolining tagidan bir necha tukni qirib olingda, ularni asrab qo'ying», dedi. Xotin parishon holda: «Xo'p», dedi va eri uxlagach, quli o'rgatgan ishni qilishga jazm etdi. Keyin g'ulom xo'jayinining oldiga kelib: «Xojam, bekam o'ziga o'ynash tutib, unga juda o'rganib qolgan. Shuning uchun sizdan xalos bo'lmoqchi, bu kecha sizni so'yishga jazm qilgan. Agar gapimga ishonmasangiz, unda kechqurun o'zingizni uxlaganga solib yoting. Shunda sizni so'yish uchun qo'lida biron narsa ko'tarib kelayotganini ko'rasiz», dedi. Xo'jayini unga ishondi. Qorong'u tushgach, o'zini uxlaganga solib yotdi. Xotini uning soqoli ostidagi tuklardan qirqib olish uchun ustara ko'tarib keldi. Soqolidan qirqib olmoqchi bo'lib, engashgan kuyi qo'lini erining tomog'iga cho'zgan edi, u sakrab turib, ustarani tortib oldi-da, xotinini so'yib tashladi. Xotinining qarindoshlari bu voqeadan xabar topib, u kishini o'ldirdi va ikki urug' orasida qirg'in boshlanib ketdi. Birgina chaqimchi, yolg'onchi qulning kasofati bilan shunday falokat ro'y berdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.