background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 26-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning yigirma oltinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Bismillahir rohmanir rohiym.

Muborak kun Oyati

Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog'lar (jannatlar) bor. Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: "Bu ilgari bizga rizq qilib berilgan mevalarning xuddi o'ziku", - deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar beriladi. Yana ular uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

(Baqara surasi, 25-oyat)

 

Muborak kun Hadisi

Kishi jannatda o`ziga suyukli odam bilan birga bo`ladi.

Imom al-Buxoriy rivoyati

 

Muborak kun Hikmati

Amallarning eng og'iri to'rttadir: g'azab kelganida yutib yubormoq, qiynalgan vaqtda sadaqa qilmoq, holi qolganda ham pok bo'lmoq va o'zi qo'rqadigan yoki biror narsa tama' qiladigan kishisiga haq so'zni aytmoq".

Ali ibn Abu Tolib

 

Muborak kun Hikoyati

Muoz ibn Jabal, roziyallohu anhu, vafot etishlariga yaqin qolgan soatlarda qayta-qayta: “Tong otdimi?” deb so‘rar, har gal unga: “Hali tong otmadi”, deb javob berishar edi. Nihoyat , “Tong otdi”, deyishgach, Muoz ibn Jabal, roziyallohu anhu: — Tonggida otashga ketiladigan kechadan Allohning panohiga siHinaman. Ey o‘lim, xush kelding, safo kelding. Sen umrim davomida menga ilk bor tashrif buyurgan bir ziyoratchisan, bir faqir do‘stiga murojaat etgan suyukli mahramsan. Allohim, bugungacha men Sendan qo‘rqib keldim. Biroq bugun Sening rahmatingdan umidvorman. Senga ayonki, dunyo molini to‘plash, ariqlar ochib dalalarni bog‘-rog‘ qilish kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish uchun dunyoda qolmoqchi emasman. Mayli, shiddatli issiqlarda chanqoq qolayin, dunyo hayotining mashaqqatlarini tortayin, biroq zikr halqalarida olimlarning tizzalariga tizzamni qo‘yib seni zikr etish uchun, dunyoda qolmoq istayman, — deb iltijo qildilar.
 

LAYLATUL QADR FAZILATLARI

Oxirgi yetti kechaning toqlarining ehtimolga yaqinrog’i 27-kechadir. Bunga Ubay ibn Ka’bning hadisi dalolat qiladi: «Allohga qasam ichib aytamanki, men rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizni turishga buyurgan kecha qaysi kechaligini bilaman. U 27-kechadir» (Imom Muslim rivoyati). Undan siz buni qanday bildingiz deb so‘radilar? U: rasululloh sallallohu alayhi va sallam xabar bergan belgi bilan, dedi. «Qadr kechasining tongida quyosh chiqqanida uning nuri bo‘lmaydi to ko‘tarilguncha xuddi tog’oradek bo‘lib turaveradi» deganlar. Bu xabar sahih bo‘lsa-da, kishi yalqovlik qilmasdan Qadr kechasini topish uchun qattiq tirishishi lozim. Yuqorida zikr qilganimizdek payg’ambar sallallohu alayhi va sallam oxirgi o‘n kunlikda o‘zlari bedor bo‘lar va ahli ayollarini ham uyg’otar edilar. Aliy va Fotima roziyallohu anhumolarning eshiklarini qoqib, «Turib namoz o‘qimaysizlarmi!» derdilar. Keyin Ummahotul mu’miniynlarning hujralariga yuzlanib: «Hujra sohibalarini uyg’otinglar, bu dunyoda qancha-qancha kiyimlilar bor, Qiyomat kunida yalang’ochdir» derdilar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh subhanahu va taolodan barchalarimizni Qadr kechasiga muvaffaq qilishi, tutgan ro‘zalarimizni va taroveh namozlarimizni qabul qilishini so‘raymiz.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.