background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 23-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning yigirma uchinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Bismillahir rohmanir rohiym.

 

Muborak kun Oyati

(Ey, Muhammad,) shunday qilib, Sizni (ko'pdan-ko'p) ummatlardan keyin kelgan bir ummatga - ular Mehribon (Alloh)ni inkor qilib turgan hollarida - (Biz) Sizga vahiy qilgan narsalarni tilovat qilib berishingiz uchun payg'ambar qilib yubordik. Ayting: "U mening Rabbimdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Ungagina tavakkul qildim va tavbam Ungaginadir".

(Ra'd surasi, 30-oyat)

 

Muborak kun Hadisi

Halollik yo`qolib ketganda qiyomat bo`lmog`ini kutavergil!

Imom al-Buxoriy rivoyati


Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Alloh taolo: «Bandalarimning odamlar ko'zi tushgulik barcha qiladirgan ishlari (namoz o'qimoqlari, xayr-ehson qilmoqlari, zakot bermoqlari) o'zlari uchundir, tutadirgan ro'zalari ersa, men uchundir (Xudo uchun bo'lmaganda erdi, yashirincha yeb-ichib olmoq mumkin erdi, chunkim uni hech kim ko'rmag'aydir), binobarin, uning mukofotini o'zim berg'aydirmen», – deydir. Ro'za do'zax o'tidan saqlovchi vositadir, agar sizlardan birortangiz ro'zador bo'lsangiz, gunoh bo'ladirgan so'zlarni so'zlamangiz, birov birlan janjallashmangiz, agar birov haqorat qilsa yokim urishsa, men ro'zadormen, deb aytingiz. Allohga qasam ichib ayturmenkim, ro'zadorning og'zidan keladirgan bo'y Allohning nazdida mushkdan ham xushbo'yroqdir! Ro'zador ikki bor xursand bo'lur, biri – og'iz ochganda (ya'ni, iftor qilganda), ikkinchisi – ro'za tutib, yorug' yuz birlan Allohga yo'liqqanda!».

Imom al-Buxoriy rivoyati

 

Muborak kun Hikmati

Kim o'limni ko'p eslasa, uch narsa bilan mukarram bo'ladi: tez tavba qilish bilan, rizqiga qanoat qilish bilan, ibodatga g'ayrat qilish bilan. Kim o'limni sedan chiqarsa, uch ishda orqada qolib ketadi: tavbani keyinga suradi, kifoyaga rozi bo'lmaydi, ibodatda yalqovlik qiladi.

Hamid Lofof

 

Muborak kun Hikoyati

No'shirovonni odil arkoni davlati bilan ovga chiqdi. Ov qilgan joylarida ov go'shitdan kabob qilishdi.Tuz yo'q ekan,ozroq tuz olish uchun hizmatkorini yubordi. Hizmatchisiga, jo'natayotib:"Tuzni pulga sotib ol!" dedi. U paytlar davlatning qishloqlardan tuz olish odati bor edi. Qishloq harob bo'lmasin, deb podshoh tuzni tekin emas, pulga sotib olishni buyurdi.Yonidagilar:"Ozgina tuz olsa nima qiladi?"deyishdi. No'shirovon:"Zulm, haqsizlik oldingi zamonlarda juda kam edi. Vaqt o'tishi bilan yangi kelganlar ozgimadan ko'paytiribbugungi darajaga keltirishdi. Agar podshoh aholining bog'idan bir olma uzsa, hizmatchilar olma darxtini ildizi bilan sug'uradilar. Agar podshoh bitta tuxum olsa, hizmatchilar mardumning mingta tovug'ini pishirib yeydilar",- deb javob qildi. Bu hikoya nihoyatda ibratlidir. Agar boshliqlar shu mezonda ish tutsalar, hech kimning burni qonamsdi, hech kimga zulm qilinmasdi. Chunki hamma yomonliklar kichigidan boshlanadi. Har bir yomonlikni esa oldi olinishi lozim. Oddiy odamlar ham, boshliqlar ham, ma'murlar ham yomonlikning oldi olinishi uchun harakat qilishlari lozim edi.

LAYLATUL QADR FAZILATLARI

Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamning odatlari doimo fazilatli ishlarga shoshish va Ummatini unga targ'ib qilishdir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir ishga targ'ib qilsalar, o'zlari bu ishda o'rnak bo'lardilar. Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oxirgi o'n kunlikda boshqasida misli ko'rilmagan darajada ibodatlarga tirishar edilar» (Imom Muslim rivoyati).
Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam bu kechalarning hammasida namoz, Qur'on tilovati, Ollohning zikri va e'tikof kabi turli xil ibodatlar bilan bedor bo'lardilar. O'zlarigina bedor bo'lmasdan qo'l ostidagilarini ham bunga buyurar edilar. Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Payg'ambar sallallohu alayhi va sallam oxirgi o'n kunlik kirsa, izorlarini mahkamlardilar (ya'ni, ayollaridan uzlat qilardilar) kechasini bedor o'tkizardilar va ahli-oilasini (ibodat uchun) uyg'otar edilar» (Muttafaqun alayhi).
Ul zot ahli-oilasini ibodat, Allohning zikri uchun uyg'otardilar. Chunki, bu kechalar tezda tugab qoladigan juda ham ozdir, uni g'animat bilib, ibodatlar qilib qolishga loyiqdir. Bugungi kunda odamlar Qadr kechasini o'tkazish uchun uylarda jamlanadilar, anvoi taomlar tayyorlab, dasturxon ustida tuni bilan gurunglab chiqadilar. Saxar bo'lgach o'zlaricha biz laylatul qadrda uxlamadik, bizning gunohlar ham kechirildi deb, uy-uylariga tarqaladilar. Ularning qadr kechasi bilan payg'ambar sallallohu alayhi va sallamning Qadr kechasi o'rtasida osmon bilan yercha farq bor.
Abu Zakariyya al-Madaniy.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.